Isroil inson huquqlari tashkilotlari Netanyahu hukumatini ayblab chiqdi (foto)

G‘azo yashash uchun butkul yaroqsiz holga kelgan.
Isroildagi ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti – B'Tselem hamda Physicians for Human Rights mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumatini falastinliklarga nisbatan genotsid sodir etishda aybladi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning “The Guardian” gazetasi xabar berdi.
“Bu tasavvurga sig‘mas holat bo‘lib tuyuladi, ammo, afsuski, bu haqiqat. Isroil G‘azo sektorida falastinliklarni qirib tashlashga qaratilgan choralarni qasddan amalga oshirmoqda. Bu, shubhasiz, genotsid”, – deyiladi inson huquqlari tashkilotlari bayonotida.
Qayd etilishicha, Isroil G‘azo sektorida ikki yildan buyon davom etayotgan urush mobaynida tinch aholi vakillariga qasddan hujumlar uyushtirib kelmoqda.
Hisobotda Isroil armiyasi sodir etgan jinoyatlar, jumladan, minglab bolalar, ayollar va keksalarning o‘ldirilishi, majburiy ko‘chirishlar, uy va turarjoylarning yo‘q qilinishi, shifoxonalarning vayron etilishi, ocharchilikning yuzaga keltirilishi batafsil tasvirlangan.
B'Tselem hamda Physicians for Human Rights tashkilotlariga ko‘ra, Isroilning G‘arbdagi ittifoqchilari genotsid kampaniyasiga ko‘mak bermoqda va ular ham falastinlikarning azob-uqubatlari uchun mas’uldir.
“Bu hodisa G‘arb olami dastagisiz ro‘y bermasligi mumkin edi. O‘ylaymanki, har bir inson o‘ziga genotsid qarshisida nima qilishim kerak degan savolni berishi kerak”, – deydi B’Tselem tashkiloti direktori Yuli Novak.
B’Tselem Isroil genotsid amaliyotini Falastinning boshqa hududlari, jumladan, G‘arbiy Sohilda ham tatbiq etishidan ogohlantirgan.
“Inson huquqlari tashkiloti sifatida biz haqiqatni aytmoqqa burchlimiz. Bugun ko‘z o‘ngimizda genotsid jinoyati sodir etilmoqda. Genotsidni to‘xtatishimiz shart”, – deyiladi bayonotda.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari G‘azoda harbiy harakatlar boshlangan (2023 yil 7 oktyabr) ilk oylardanoq Isroilni xalqaro gumanitar huquqni buzish, falastinliklarni ommaviy jazolashda ayblab keladi.
Jumladan, Amnesty International va Human Rights Watch kabi tashkilotlar Isroilni G‘azoda falastinliklarga qarshi genotsidda ayblagan.

Foto: Anadolu Ajansı
Human Rights Watch, jumladan, o‘z hisobotida Isroil hukumati G‘azoga suv va elektr ta’minotini ataylab to‘xtatib qo‘ygani, infratuzilmani vayron qilgani va muhim oziq-ovqatlarning bir yildan ortiq vaqt davomida taqsimlanishiga to‘sqinlik qilgani natijasida ko‘p sonli chaqaloqlar, bolalar va kattalar to‘yib ovqatlanmaslik, suvsizlanish va kasalliklardan vafot etganini ma’lum qilgan.
BMTning Falastinda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze ham Isroilni Falastin yerlarida genotsid sodir etishda ayblagan.
Maxsus vakilga ko‘ra, ayni paytda nafaqat G‘azoda, balki Isroil okkupatsiyasi ostidagi G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ham falastinliklar zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. Falastin yerlarida kuzatilayotgan holat esa etnik tozalash va ayirmachilik siyosati hisoblanadi.
BMTning salomatlik huquqi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Tlaleng Mofokeng ham qamaldagi G‘azo sektorida Isroil harbiylari tomonidan amalga oshirilayotgan zo‘ravonliklarni shubhasiz genotsid deb atagan.
2023 yil 29 dekabr kuni JAR Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyatini sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan edi.
Yahudiy davlati harbiylari 1948 yilda qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, G‘azoda minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirish, Falastin aholisining bir qismini qasddan qirishda ayblanmoqda.
Tahlillarga qaraganda, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida davom etayotgan urushda kamida 59921 nafar falastinlik halok bo‘ldi.
Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari G‘azodagi urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar “XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan” degan xulosaga kelgan.
Ayni paytda G‘azo sektorining 2,3 million aholisi hayotiga ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.
O‘tgan hafta dunyodagi yuzdan ziyod gumanitar tashkilotlar va inson huquqlari guruhlari G‘azoda ommaviy ochlik tarqalayotganidan ogohlantirdi.

Foto: The New York Times
Ommaviy ocharchilik faktini Isroilning asosiy homiysi va yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQSh rahbariyati ham tan oldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter