Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil xusiylarga tegishli ob’yektlarga havo zarbasi berdi

Isroil xusiylarga tegishli ob’yektlarga havo zarbasi berdi

Isroil harbiy-havo kuchlari Yamanda xusiylar nazoratidagi bir qator ob’yektlarga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. SAXAL ma’lumoticha, poytaxt Sana shahrida prezident saroyi yaqinidagi harbiy inshoot, shuningdek, xusiylarni ta’minlashda qo‘llanilgan elektr stansiyasi va yoqilg‘i ombori nishonga olingan.

Isroil armiyasi bu zarbalarni xusiylarning so‘nggi raketa hujumlariga javob sifatida amalga oshirganini bildirdi. 22 avgust kuni xusiylar birinchi marta kassetali snaryadlardan foydalangan, ammo Isroil havo mudofaa tizimi ularni tutib qolgani aytilgandi.

Isroil matbuotiga ko‘ra, operatsiyada o‘ndan ortiq qiruvchi samolyot ishtirok etgan va ular havoda yoqilg‘i bilan ta’minlab turilgan. Xusiylar nazoratidagi «Al-Masira» telekanali elektr stansiyasi va yoqilg‘i omboriga zarba berilganini tasdiqladi. «Al-Jazira» esa olti kishi halok bo‘lgani, 86 nafar odam yaralanganini xabar qildi, biroq bu ma’lumotlar mustaqil manbalar tomonidan hali tekshirilmagan.

Ma’lumot uchun, 2023 yil kuzida G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri xusiylar Isroilga raketa va dronlar bilan doimiy hujum qilib kelmoqda. Ular o‘z harakatlarini HAMASni qo‘llab-quvvatlash sifatida izohlaydi. Isroil esa o‘z navbatida Yamandagi xusiylarning harbiy infratuzilmasiga zarbalar berib kelmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring