Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Italiya prezidentligi uchun «uzoq saylov» boshlandi

Italiya prezidentligi uchun «uzoq saylov» boshlandi

Kollaj

Bugun, 24-yanvar kuni Italiya parlamentida respublika prezidentligiga nomzod uchun ovoz berish boshlandi.

Prezident bo‘lishga nomzod birinchi turda uchdan ikki qism ovoz to‘plashi lozim, to‘rtinchi turdan boshlab mutlaq ko‘pchilikning ovozi kerak bo‘ladi.

Italiya parlamenti

Jami 1 008 kishi ovoz berish huquqiga ega. Ovoz berish haqqoniy deb tan olinishi uchun kamida 672 kishi ovoz berishi zarur. Senator va deputatlar bilan qatorda, abadiy tayinlangan olti nafar senator (yoshi ulug‘ligi va sog‘lig‘idagi muammolar bois ularning barchasi parlamentga kelishi shart emas) va viloyatlarning 58 nafar vakili, jumladan, gubernatorlar ovoz beradi. «Radio 1» xabariga ko‘ra, xorij safaridagi kamida ikki nafar parlamentariy karantin sababli ovoz berishga yetib kelolmaydi.

Koronavirusga chalingan yoki o‘zini yakkalashga o‘tgan parlamentariylar uchun parlament binosi tashqarisida barcha ehtiyot choralarni qo‘llagan holda maxsus ovoz berish joyi tashkil etildi. Pandemiya sharoitidagi sanitariya tartiblaridan kelib chiqib, ovoz berish zalida bir paytning o‘zida 50 dan ortiq odam (ovoz berishda) va 200 dan ortiq odam (ovozlarni sanashda) bo‘lishi mumkin emas.

Va yana o‘sha pandemiya sharoiti hisobga olinib, kuniga saylovning bittadan turi o‘tkaziladi. Barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan: barcha niqobda keladi,kovid-sertifikat hamda koronavirus testining manfiyligi haqida ma’lumotnoma taqdim etadi.

Italiya konstitutsiyasiga ko‘ra, respublika prezidentligiga nomzodning yoshi 50 dan yuqori bo‘lishi shart.

Natijasiz kun

Odatda prezidentning saylanishida turli partiyalarning o‘zaro kelishuvlari muhim o‘rin tutadi. Vaholanki, hozircha partiyalar o‘rtasida nomzodlar borasida umumiy siyosiy kelishuvlar kuzatilmayapti. Shu sababli, birinchi tur «nomiga» o‘tkaziladi: bugungi saylovda asosan oq (to‘ldirilmagan) byulletenlarni ko‘rish mumkin. Davlatning yangi rahbari kim bo‘lishi masalasi esa faqat to‘rtinchi turdan boshlab oydinlashib boradi.

Yorqin nomzodlar

Mario Dragi

Prezidentlikka «eng yaqin» nomzodlar sifatida sobiq bosh vazir va Yevropa markaziy bankining sobiq rahbari Mario Dragi, yana bir sobiq bosh vazir va Iqtisodiyot bo‘yicha yevrokomissar Paolo Jentiloni, eski parlamentariy, sobiq bosh vazir Silvio Berluskonining safdoshi Perferdinando Kazini va Avliyo Egidey katoliklar jamiyati asoschisi Andrea Rikkardini ko‘rsatish mumkin.

Marta Kartabiya (chapda) va Mariya Elizabetta Kazelatti

Ayollar orasida ham kuchli nomzodlar bor — Marta Kartabiya (hozirgi Adliya vaziri), Mariya Elizabetta Kazelatti (Senat raisi).

Mustaqil nomzod — Juliano Amatoni ham esdan chiqarmaslik kerak.

«Olg‘a, Italiya», «Liga» va «Italiya birodarlari» o‘ng-markaz partiyalari vakili, sobiq bosh vazir Silvio Berluskoni sal avval prezidentlik uchun kurashdan nomzodini qaytarib olgandi.

Silvio Berluskoni

Serjio Mattarellaning yetti yillik muddati 3-fevral kuni yakuniga yetadi. Uning ham o‘zidan oldingi prezident Jorjo Napolitano singari qayta saylanishi ehtimoli yo‘q emas.

Italiya parlamentar respublika bo‘lgani bilan, prezident vakolatlari faqat konstitutsiya va milliy birdamlik kafolati sifatida cheklanmaydi, u parlamentni tarqatib yuborish, hukumat rahbari va a’zolarini tasdiqlash kabi keng vakolatlarga ega.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring