Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jaholatga qarshi ma’rifat bilan, korrupsiyaga-chi?

Jaholatga qarshi ma’rifat bilan, korrupsiyaga-chi?

Shov-shuv to‘lqinga o‘xshaydi-a? Qanchalar tez ko‘tarilasa, shunchalar tez pastlaydi. Bir necha lahzali shu ko‘tarilish yo qirg‘oqni yuvadi, yoki kemalarni g‘arq qiladi. Shov-shuv ham shunday: bittasi tezda o‘rnini boshqasiga bo‘shatib bersa-da, avvalgisining quvvati hadeganda ketmaydi baribir...

Oxirgi oyda prokuratura organlari shov-shuvlar girdobida qolib ketgani bor gap. Avvaliga Andijonda, so‘ng Jizzaxda tizim xodimi pora bilan qo‘lga tushdi. Har ikki holat shov-shuvi hali sovumay turib, markaziy mahkama mas’ul xodimi ushlandi...

E’tiborlisi, bunday og‘riqli holatlar haqida ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayanib bong urmadi. Aksincha, Bosh prokuratura matbuot xizmatining o‘zi ommaga oshkor qildiki, bu bilan turli bashoratlar urchishi oldi olindi. Shuningdek, qo‘lga tushgan baxti qarolarni go‘yoki «tizimga adashib kirib qolgani», «bundaylarga safimizda o‘rin!» qabilida balandparvoz gaplar aytilmadi, mahkamaning ro‘y-rost va taassuf ohangidagi bayonotlaridan «qonun barchaga barobar» degan ma’noni ilg‘ash mumkin, xolos.

Ayni manzara tizimda ochiqlik va shaffoflik do‘ppi tor kelgandagina namoyon bo‘lishini anglatmaydi. Insof yuzasidan aytish kerak: prokuratura organlaridagi ochiqlik nechog‘li ekaniga keng jamoatchilik guvoh. Ikkinchidan, shov-shuvlar urchigan paytdan kutilmagan «yurish» qilindiki, bu tizimda ochiqlikni yana bir karra ko‘rsatishi barobarida (shov-shuvlarning) navbatdagi to‘lqinni keltirib chiqardi: Bosh prokuratura keng jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi!

Murojaatki, unda vaziyat xaspo‘shlangani yo‘q, jurnalist va blogerlar «holatlarni bo‘rttirish»da ayblanib, bu bilan jamoatchilik chalg‘itilayotgani iddao etilmadi. Aksincha, aytildiki, korrupsiya – balo ekani aniq, ming taassuf, bizning tizim ham bundan mustasno emas, jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lganki bor – keling, birlashaylik,  biron-bir prokuratura xodimining korrupsiya bilan bog‘liq xatti-harakati (yoki harakatsizligi)ni kuzatsangiz, sezsangiz, xabar bering, mana, Bosh prokuratura naq Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining «Ishonch telefoni» (71) 202-08-28, bir og‘iz aytsangiz – u yog‘ini o‘zimiz eplab tashlaymiz...

Bugun «Ishonch telefon»laridan ko‘pi yo‘q. «Ishonch» nisbati berilgan ayrim telefonlarga ishonch so‘nib, xafsalar pir bo‘layotgani ham sir emas. Shu ma’noda, Bosh prokuratura murojaati, unga ilova qilingan «Ishonch telefoni»ga ko‘plar ishonchsizlik bilan qaragan bo‘lishi mumkin. Ammo shubhalar ikki kunning o‘zida tarqaldi. Bugun, hali avvalgi shov-shuvlarning tarqab ulgurmay, Bosh prokuraturaning yana bir mas’ul xodimi hibs etilganiga oid xabar tarqaldi.  Mazkur xabarniyam markaziy mahkama matbuot xizmati o‘zi jamoatchilikk ma’lum qildi. E’tiborlisi, xabarda  mas’ul xodim, unga qo‘shib yaqin qarindoshining korrupsion jinoyati ayni «Ishonch telefoni»ga qilingan murojaat natijasida fosh etilgani ta’kid etiladi.

Hech nimani jamoatchilikdan yashirib bo‘lmaganidek, har qanday illatga keng jamoatchilik ishtirokisiz samarali kurashib bo‘lmaydi. Shu oddiygina haqiqatni Bosh prokuratura bir zarb bilan  isbotladi-qo‘ydi.

To‘g‘risiyam shu: g‘oyaga qarshi – g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashiladi. Korrupsiya ham jaholat aslida. Biroq unga qarshi «amri-ma’ruf» bilangina kurashib bo‘lmasligini hayot necha karra isbotladi? Yetar?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring