Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jamoat transportida bir kun: 15 soat ichida nimalar ro‘y berdi?

Jamoat transportida bir kun: 15 soat ichida nimalar ro‘y berdi?

Poytaxtda hayot qozoni uzluksiz qaynaydi. Tong har kim uchun turlicha vaqtda otadi, xususan, jamoat transporti – avtobuslar va xodimlarining kuni sahar 4:00da boshlanadi. Ulardan deyarli har kuni foydalanishimizga qaramay, jamoat transporti xodimlarini deyarli payqamaymiz, ularning ish, hayot tarzi haqida tasavvurlarimiz ham mavjud emas. Biz bugun kuni bilan jamoat transporti haydovchilari va chiptachilari orasida bo‘ldik.

«Soat 5:50 da avtobus saroyidan yo‘lga chiqamiz»

Zahro opa 19 yildan buyon 94-avtobusda chiptachi sifatida ishlab keladi. Kunora 15-16 soatlik avtobus hayoti turmush tarziga aynalib ketgan. Avtobus har kuni soat 5:00da ish joyida bo‘ladi, boshlanadigan ish kuni uchun tayyor holga keltiriladi. 5:50da avtobus saroyidan yo‘lga chiqadi. Bu jamoat transporti xodimlari ishga o‘z vaqtida yetib kela olishi uchun taxminan soat 4:00larda uyqudan ko‘z ochishlari kerakligini anglatadi. Har kunlik bunday og‘ir tartibga dosh berish qiyin bo‘lgani sababli xodimlar navbatma-navbat kunora ishga chiqishadi. Soat 6:00 bo‘lmay turib ilk yo‘lovchilar o‘z o‘rinlarini egallay boshlaydilar. Faqat bir kun mustasno holat ro‘y berdi – ilk yo‘lovchi soat 5:45da haydovchining yonidan o‘z o‘rnini egalladi. Va bu yo‘lovchi men edim.

Avtobusga chiqishim bilan kelishib oldik: faqat pozitivlarni yoritmayman, imkon qadar mavjud muammolarni ko‘rsatib beraman. «Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmati xodimlari bilan «Avtomobilchilar kuni»da bo‘lgan suhbatdan keyin Zahro opada jurnalistlarga bo‘lgan ishonch birmuncha kamaygan edi. Sababi Zahro opaning tasvirga olingan salkam 5 daqiqalik nutqidan (unda tizimda mavjud muammolar haqida ham so‘z borgan) atigi bir necha soniyalari AJ rasmiy telegram kanalida taqdim qilingan ekan.

94-avtobus, ya’ni bu ekipaj a’zolari salkam chorak asrdan beri birga faoliyat yuritadilar. Bir insonga ba’zan turmush o‘rtog‘i bilan shuncha vaqt umr ko‘rish nasib qilmaydi, degan fikr miyamda aylanishi hamono haydovchi Olim aka ham buni tasdiqladilar: «Ba’zi eru xotinlar shuncha vaqt birga yashay olmaydilar. Biz Zahro opangiz bilan bir-birimizni hattoki so‘zsiz tushunamiz. Bir oiladay bo‘lib ketganmiz. Oilalarimiz bir-birini yaxshi taniydi, yaqindan bordi-keldilarimiz bor».

«Har xil tomoshalarga guvoh bo‘lasiz hali…»

Qahraton sovuq va ishtiyoq o‘ti bir-biri bilan ayovsiz jang qildi tanamda. Hamrohlarim kun oxirigacha yetib borishimga ishonmadilar, to‘g‘risi, o‘zim ham o‘sha paytda bunga shubha qilayotgan edim. Maksimal darajada issiq kiyinishga harakat qilganimga qaramay, sovuq meni esankiratib qo‘yayotgan edi, ayniqsa, eshik har ochilib yopilganda bu jarayon dahshatliroq tus olardi. Oldinda esa hali yuzlab shunday eshik ochilib yopilishi bor. Va nihoyat ilk yo‘lovchilar avtobus o‘rindiqlarini egallay boshladilar.

Zahro opaning so‘zlariga qaraganda, faoliyatini boshlagandan beri aynan shu avtobusdan foydalanadigan yo‘lovchilar bor. Ular bir-biri bilan yaqindan tanish bo‘lib ulgurishgan. Ayrim yo‘lovchilar borki, ular qachonlardir ota-onalarining quchog‘ida o‘tirib shu avtobusda manzillariga yetib olishgan, bugun esa ularning o‘zlari ota-onalar va hamon shu avtobusdan foydalanadilar. Avtobuslarda bo‘ladigan kichik janjallarga bir necha marta guvoh bo‘lganim sababli bu haqida Zahro opadan so‘radim. Ular hali tomoshaning zo‘rlarini ko‘rasiz, deya javob berdilar. Va haqiqatan ham shunday bo‘ldi…

Biroz rasmiy chekinish: qonunchilikda qanday hujjatlar bor?

Jamoat transporti bilan bog‘liq holatlarni tartibga solish maqsadida «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida», «Avtomobil transporti to‘g‘risida», «Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, bir nechta qaror, farmonlar qabul qilingan. Jamoat transportiga mast holatda chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi, shuningdek, jamoat transportida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilganlik, chiqindi qoldirish va chiptasiz yurish kabi holatlar uchun ma’muriy javobgarlik tayinlangan.

«Pul to‘lamay tushib ketishadi»

Ayrim avtobuslarda mast holdagi yo‘lovchilarga duch kelganligim sababli bu haqida so‘radim. Olim akaning aytishicha, ular hech qachon avtobusga o‘zini anglamas darajadagi mast odamni chiqarmaydilar. Ular o‘z ishlarini, qadrdon transport vositalarini hurmat qiladilar. Yo‘l bo‘yi bir qancha ko‘ngilsiz hodisalarga guvoh bo‘ldim. Bir yo‘lovchi 94-avtobus uchun belgilanmagan bekatda to‘xtashdan bosh tortgani uchun salonni boshiga ko‘tardi. «Hali shoshmay turlaring» deya sensiragancha avtobus davlat raqamini suratga olish bilan tahdid qilib tushib ketdi. Kunning birinchi asabbuzarligi ro‘y berdi degan gapimga «bu hali boshlanishi», deb javob berishdi.

Haqiqatan ham bu boshlanishi edi, biroz o‘tib bir yo‘lovchi tekinga manziliga yetib olishni iltimos qilib qoldi. Ilgari shu kabi holatlar ro‘y bersa chiptachini qahri qattiqlikda ayblardim. Bir marta qo‘yib yuborsa, nima bo‘lardi derdim. Lekin bu fikrim o‘zgardi, sababi keyinroq.

Zahro opaning aytishlaricha, eng ko‘p muammo talabalar bilan sodir bo‘ladi. Birining talabalik guvohnomasiga muhr bosilmagan, boshqasi bundan bir necha yillar ilgari talabalik statusidan chiqqan bo‘lsa-da, guvohnomasini «qurol» qilib yuribdi, yana birining hujjatida shaxsini tasdiqlovchi fotosurati yo‘q. Kimdir esa o‘zini talaba deb da’vo qiladi, lekin guvohnomasi yo‘q.

Oradan birmuncha vaqt o‘tib bir talaba qiz Zahro opa bilan aytishib ketdi, onasi tengi ayol bilan gaplashishda oddiy muomala madaniyatini unutgani uchun u emas, men xijolat chekdim.

Bu yo‘llar, yo‘llar

Sovuq havoda issiq kofe jonimizga biroz oro kirdi, Zahro opa ham, Olim aka ham bu sharoitga allaqachon ko‘nikib ketgan, kunlar -25 darajagacha soviganda ham ular o‘z vazifalarini sidqidildan ado etgan edilar. Men esa tezroq quyosh chiqib, isinishni kutar edim. Avtobus ko‘zimga biroz tartibsiz ko‘rindi. Zahro opaning aytishicha, avtobuslar har kuni muntazam tozalanadi, ammo hozir kunlar sovuq bo‘lgani sabab ichki yo‘lak muzlab qolmasligi uchun bu interval uzaygan. Olim akaning aytishicha, ayni sovuq mavsumda qanchadan-qancha haydovchilar, chiptachilar ishni tashlab ketdilar, avtobuslar muzlab qoldi. Xususan, biz bo‘lib turgan 94-avtobus ham bir muddat muzlagancha o‘z saroyida qolib ketgan. Yo‘lovchilar birin-ketin tushishda davom etarkan, Toshkent xalqaro aeroporti hududida ayni ko‘prik ustida ta’mirlash ishlariga duch keldik. Zahro opaning so‘zlariga qaraganda, bu yo‘llar bu qadar buzib qayta tiklanadigan darajada og‘ir ahvolda bo‘lmagan, bundan battar yo‘llar Toshkent bo‘ylab bir talay.

Tong sahar bo‘lgani uchun ta’mirlash ishlari bizga u qadar xalaqit bermadi. Lekin yo‘lda qatnov ko‘payadigan soatlarda shu yerda ancha vaqtimizni yo‘qotdik.

Nega yo‘qotdik deyildi?

Har bir avtobusning o‘z bajarilishi kerak bo‘lgan ma’lum miqdordagi rejasi bo‘ladi. 94-avtobus O‘rikzor-Aeroport yo‘nalishida jami 7 marta qatnashi, ya’ni 14 reysni bajarishi kerak. Kunlik talab shunday. Soat 20:00da men chiqqan avtobus ishini yakunlashi belgilangan. Yana belgilanganki, chiptachi har kuni 900 ming so‘mlik planni bajarishi, hisobchiga shuncha pul topshirishi kerak. Buni eshitib nega avtobus haydovchilari ayrim bekatlarga tezroq yetib borishni istab tezlikni oshirishini, nega tirbandlik holatlarini bu qadar yomon ko‘rishini tushunganday bo‘ldim. Chunki agar siz belgilangan summani to‘play olmasangiz, yo maoshingiz qisqaradi, yo yoningizdan to‘laysiz. Bundan tashqari, 94-avtobus misolida oladigan bo‘lsak, siz 14 reys yursangiz ham, ko‘prikdagi ta’mir kabi holatlar sabab tirbandlikda qolib ketib 10 reys yursangiz ham, shu belgilangan mablag‘ni topshirasiz. Belgilangan punktlarda har bir reys vaqti, kelish vaqti ro‘yxatga olinadi. Hamma yo‘lovchilar tushadi va yangi yo‘lovchilarni kutib olamiz.

«Tushlik»ka qayerda o‘tiramiz?»

Kun ancha isib qolgan, bir tarafdan uyqu bosar, bir tarafdan qorin ochligi bezovta qilardi. Tong sahar yo‘lga chiqqanimizdan buyon tuz totmagandik. «Tushlik»ni qayerda qilamiz deya bergan savolimga kulib yuborishdi. To‘g‘ri, xodimlarga ovqatlanish uchun vaqt ajratiladi. Lekin bu vaqtni odatda ular emas, men yuqorida ta’kidlagan «probka»lar yeb yuboradi.

Biz esa O‘rikzor bozoridagi bekatda joylashgan somsaxonaning somsa va kofesi, keyinroq esa bozorning mazali javdar noni bilan kifoyalandik.

Aralash taassurotlar

Baribir uyqu yengdi, qorinni to‘yg‘izib olgach uydagilar yo‘lga olib chiqib bergan yopinchiqqa o‘ranib bir necha marta qisqa-qisqa muddatga uxlab oldim.

Avtobus u qadar yaxshi isitilmagan, faqat orqa o‘rindiqlardan birining pastgi qismiga issiq havo purkovchi isitgich o‘rnatilgandi. Bir necha marotaba shu yerga borib isinib keldim.

Hamma avtobuslarda isitish tizimi bo‘ladi, lekin karantin davrida bizning avtobusning isitish tizimi apparati izsiz yo‘qolgan ekan. Haydovchi esa butun boshli avtobusning isitish tizimini o‘z hisobidan moliyalash darajasida emas, axir kunlik 900 ming so‘mlik dovonlar ham bor. Anomal sovuq kunlarda, hamma uyda o‘tirgan paytlarda o‘z hisobidan qoplangan «plan»lar ham anchaga borib qoladi.

94 avtobusning doimiy mijozlari meni xodimlardan birining farzandi deb o‘ylaganini eslasam yuzimga tabassum yuguradi.

Zahro opadan odam kamroq payti sizning o‘rningizga chiptachilik qilsam maylimi, deya so‘raganimda qarshi emasliklarini bildirdi. Ammo negadir bunga botina olmadim. Ammo, shunday bo‘lsa-da, old eshikdan tushib ketadigan yo‘lovchilarning ayrimlari yo‘l pulini menga berib ketishdi.

Reklama

Jurnalist sifatida jamoat transportlariga o‘rnatilgan monitorlardagi reklamalar, ularning matnlarida yo‘l qo‘yilgan xatolar doim e’tiborimni tortadi. Safarim davomida yo‘lovchi sifatida ham, xodim sifatida ham bu reklamalar anchagina asabbuzarliklarga sabab bo‘lishiga guvoh bo‘ldim. Reklamalar ovozini nazorat qilish imkoni mavjud emas, afsuski. Ularning ba’zilarida tovushlar shu qadar baland yangraydiki, bu haydovchini ham, yo‘lovchilarni ham chalg‘itadi, cho‘chitib yuboradi, xullas, yoqimsiz hislarga sabab bo‘ladi.

Uyga qaytish

Soat 14:00 dan keyin vaqt ancha tez o‘tdi. Yoki mavjud sharoitga ko‘nikib qoldim. Safarimiz davomida oxirigacha ular bilan qolishimga shubha qilgan hamrohlarim sabrimga qoyil qolishdi. To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham.

Avtobusda yana kun boshida bo‘lgani kabi hech kim qolmadi. 14 reysdan, afsuski, faqat 11 tasini bajara oldik. Olim akaning so‘zlariga ko‘ra, ish vaqti tugagach, ular gaz to‘ldirish shoxobchalariga yo‘l oladilar. Ba’zan navbat kutib yarim kechasigacha qolib ketish holatlari ham bo‘lib turadi. Ha, yana bir jihati, agar siz qandaydir sabablarga ko‘ra belgilangandan ko‘proq gaz yoqsangiz, farq summasini o‘z hisobingizdan to‘laysiz. Jamoat transportida bir kun menda bu sohada «o‘z hisobidan» iborasiga haddan ziyod ko‘p duch kelinadi degan taassurot uyg‘otdi.

     Ish vaqti tugagan, o‘zimga bergan va’damni ado qilib bo‘lgan bo‘lsam-da, qiziqishim yana ustunlik qilib, «zapravka»gacha ham ularga hamroh bo‘ldim. Shu nuqtada ular bilan xayrlashib, olam-olam taaassurotlar bilan uyga yo‘l oldim.

Xulosalarim

Menga jamoat transportidan foydalanadigan yo‘lovchilarning yuzidagi doimiy mahzunlik qiziq va sirli tuyular, aynan shu sababdan yo‘lovchilarni kuzataman deya bu ishni boshlashga qaror qilgandim. Ammo rakursim mutlaqo o‘zgarib ketganidan zarracha afsusda emasman. «Avtobusda odamlar doim xafa, mahzun qiyofada yuradi, bu sizlarning ham kayfiyatingizga ta’sir qilmaydimi» – so‘radim Zahro opadan. «Albatta, ta’sir qiladi» dedilar. Kunlik limit, 15 soatdan ortiq ish va uning qay yo‘sinda kechishi, yo‘lovchilar bilan bog‘liq muammolar – bularning hammasi mening jamoat transportlari haqidagi fikrlarimni o‘zgartirib yubordi. Shunday og‘ir ish sharoitida, qahraton qishda, jazirama yozda pozitivligini saqlab qolgan Zahro opa, inoqligini saqlab qola olgan jamoaga, Olim akaga tan berdim.

«Karantin paytlari odamlar 1400 so‘m bilan yetib oladigan yo‘llariga 40 minglab sarfladilar. Ko‘cha-ko‘yda tanishlarga duch kelib qolsam, qachon ishga qaytasizlar, deb so‘rashardi. Avtobuslarning xizmatga qaytishini yo‘lovchilar olqishlab, ko‘zda yosh bilan kutib oldilar. Shuning uchun kimdir pul to‘lamasdan tushib ketsa yoki biror bahona bilan janjal chiqarsa, men juda qattiq xafa bo‘lib ketaman. Pul uchun emas, avtobusimni hurmat qilmaganlari uchun. Axir shu avtobus bo‘lmasa, qancha odam qiynaladi» dedilar Olim aka va bu so‘zlar bir umrga qulog‘imda muhrlanib qoldi.

Endi men yo‘l haqini to‘lamay tushib ketish ilinjida bo‘lgan kishini oqlamayman, endi men chiptachiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan yo‘lovchini ko‘rsam o‘zimni qanday tutishimni bilmayman. Sababi men bir kun arang chidab o‘tkazgan kunda ular salkam 20 yildan beri yashamoqdalar. Iltimos, jamoat transportini, uning xodimlarini hurmat qiling.

Dilbar Elamanova

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring