Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janubiy Amerikaga anomal sovuq havo hukmini o‘tkazmoqda

Janubiy Amerikaga anomal sovuq havo hukmini o‘tkazmoqda

Foto: X/accuweather

Le Monde yozishicha, G‘arbiy Yevropaning aksariyat qismlarida anomal jazirama hukm surayotgan bir pallada Janubiy Amerika, xususan, Argentina, Chili va Urugvayga yilning bu payti uchun noodatiy sovuq havo kirib keldi.

«Rekord darajada sovuq havo kamida 15 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi», — deb yozdi nashr.

Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning 30-iyunida, qutb mintaqalarini hisobga olmaganda, Chili va Argentina sayyoramizning eng sovuq joylari qatoriga kirdi.

Argentina poytaxti Buenos-Ayresda 2-iyulda simob ustuni -1,9° gacha tushib, 1991-yildan buyon eng sovuq kunga aylandi. Sohilbo‘yi shahri Miramarda 34 yilda birinchi marta qor yog‘di.

Chilining Chilyan shahrida havo harorati -9,3° darajagacha tushib ketdi. Hatto Yerdagi eng quruq joy — Atakama cho‘liga qor yog‘di. Urugvay poytaxti Montevideoda esa 30-iyunda havo harorati -5,8° gacha pasaydi, bunday sovuq 1967-yildan buyon kuzatilmagan.

Sovuq havoning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlari og‘ir bo‘lishidan xavotirlar paydo bo‘ldi. Fermerlarning ekinlarini sovuq urgani haqida xabarlar tarqaldi, qolaversa, qator hududlarda transport va maktablar faoliyati izdan chiqqan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring