Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jarima emas, ko‘mak kerak. Koronavirus sharoitida xorijiy mamlakatlar ta’lim sohasida nimalar qilmoqda?

Jarima emas, ko‘mak kerak. Koronavirus sharoitida xorijiy mamlakatlar ta’lim sohasida nimalar qilmoqda?

Foto: «MyStateline»

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunlarda butun dunyoda maktab va universitetlarda tahsil olayotgan 87 foiz yoki 1 milliard 520 million yoshlar koronavirus tufayli uylarida qolmoqda.

Insoniyat uchun kutilmagan global inqiroz sharoitida xorijiy davlatlar ta’lim bobida qanday amaliy sa’y-harakatlarni olib bormoqda, raqamli dunyo imkoniyatlaridan nechog‘li foydalanmoqda, qanday samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda?

Foto: «MarketWatch»

Masalan, Germaniyada ta’limni rag‘batlantirish haqidagi federal qonunga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, hozirgi murakkab davrda ta’lim jarayonlariga jalb etilgan, sog‘liqni saqlash tizimi ish hajmlarini yengillashtirishga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlarni o‘qitish va imtihonlar paytida qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kafolatlanmoqda.

GFR ta’lim va tadqiqotlar vaziri Anna Karlichek xonimning ma’lum qilishicha, COVID-19ni o‘rganish uchun Germaniya universitetlari bazasida ilmiy tarmoqni yaratishga 150 million yevro ajratildi. Vazirlik raqamli ta’limni tashkil etish bo‘yicha «Iqtisodiyot va fan alyansi»ni tuzdi. Unga ko‘ra, yoshlar va katta shaxslarning uyda vaqtida zaruriy bilim olishi hamda o‘z malakasini oshirishi uchun malakali o‘qituvchilar va yetakchi mutaxassislar jalb etiladi.

Germaniya Milliy fanlar akademiyasi cheklovlarni sekin-asta yengillashtira borib, ta’lim dargohlarida zarur xavfsizlik sharoitlarini yaratgan holda ularni ochishni tavsiya etmoqda.

Buyuk Britaniyada ham hozirda barcha ta’lim muassasalari yopilgan. Ichki ishlar vazirligi maktablar va xayriya tashkilotlari bilan birgalikda internetdagi firibgarlik harakatlaridan bolalarni munosib himoya qilish bo‘yicha qo‘shma choralarni ishlab chiqdi va joriy etdi.

Qolaversa, bu yerda tibbiyot universitetlarida bilim olayotgan bitiruvchi bosqich talabalarini pandemiyaga qarshi kurashishda shifokorlarga yordam berish maqsadida muddatidan avval uchirma qilishmoqda.

Bolalari maktablarda shu vaqtga qadar davlat tomonidan ovqatlanib kelgan kam ta’minlangan oilalarga 9 dollardan kunlik vaucherlar taqdim etish dasturi ishga tushirildi. Vaucherlar aksariyat oziq-ovqat do‘konlarida qabul qilinmoqda. 

Fransiyada ham ayni vaqtda barcha yoshlar ta’tilda bo‘lib, 11-maydan boshlab, sog‘liqni saqlash organlari xulosasi asosida, maktabda o‘qish va bog‘chalarda tarbiya jarayonlari qayta tiklanishi mumkin. Ammo universitetlar yoz faslidan oldin ish boshlamasligi muqarrar bo‘ldi.

Ammo Parijdagi maktablar tibbiyot xodimlari, politsiya va yong‘in xavfsizligi xodimlari bolalarini qabul qilmoqda. Chunki ularning ota-onalari mas’uliyatli va og‘ir ishida vatan va xalq uchun fidoyilik va jonbozlik ko‘rsatayotgan bir vaqtda farzandlari uyda qarovsiz qolib ketishi mumkin emas.

Parij merligi maktab oshxonalari faoliyati to‘xtatishi munosabati bilan ijtimoiy izolyasiya chog‘ida «tovon» sifatida — oilalar sifatli ovqatlanishi uchun 3,5 million yevro mablag‘ ajratdi. Moliyaviy yordam ehtiyojmand va yordamga muhtoj salkam 29 ming oilaga taqdim etilmoqda. Bir martalik to‘lovlar oilalar daromadiga va farzandlar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Shu tariqa har bir oila 150 yevrogacha olishi mumkin.

Milliy ta’lim vaziri J.-M. Blanke so‘zlariga ko‘ra, Fransiyadagi litseylarda hozir 750 ming talaba tahsil olayotgan bo‘lib, yakuniy imtihonlar bekor qilinadi. Bu mavsumdagi baholar birinchi va ikkinchi semestrlarga qarab chiqariladi.

Ammo o‘qituvchilar manfaatlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalari 11-maydan keyin ishga chiqish ularning sog‘lig‘iga juda zarar ekanligi haqida bayonot berdi va bu muddatni vaziyatga qarab yana cho‘zish zarurligi haqida bong urishmoqda. Chunki hozirda barcha maktablar ham sanitariya talablariga javob bermaydi.

Yevropada fojiaviy ahvolga tushib qolgan Italiya ham maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonun loyihasini tayyorladi. 18 mayga qadar maktablarda darslar boshlanmasa, yakuniy imtihon baholari o‘quvchilarning uy vazifalari sifatida va bajargan topshiriqlarini hisobga olgan holda maktab kengashlari tomonidan masofaviy tarzda qo‘yiladi. Kelgusi o‘quv yili uchun joriy yilda tasdiqlangan darsliklardan foydalanishga ham ijozat etildi.

Zamonaviy kommunikatsiyalarning chuqur bilgan o‘qituvchilarga talab oshib ketgani bois, ta’lim vazirligi 4,5 ming nafar qo‘shimcha o‘qituvchilarni saralash bo‘yicha shoshilinch tanlov e’lon qildi.

Chexiya ta’lim vaziri R.Plaganing ma’lum qilishicha, ishlab chiqilgan rejaga muvofiq boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quvchilari, talabalar may oyining ikkinchi yarmida o‘qish jarayonlari qayta tiklanishi mumkin va u holatda barcha zarur tibbiy shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Niderlandiyada hukumat agar koronavirus muammosi qisqa muddatlarda o‘nglanib ketsa, maktablarni 3 maydan boshlab ochishni niyat qilmoqda.

Amsterdam munitsipaliteti uy sharoitida masofaviy ta’lim olish imkoniyati bo‘lmagan bolalar uchun har bir oilaga 3250 ta noutbuk taqdim etdi, shuningdek qo‘shimcha 450 ta Wi-Fi nuqtalarini taqdim etdi.

Bu davlatda qoida tariqasida maktablar bolalar bilan doimiy muloqotni ushlab turishi kerak. Shu paytga qadar 5,2 mingga yaqin o‘quvchilar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishni imkoni bo‘lmayapti. Agar bundan keyin ham, ularni topib bo‘lmasa, maktab tomonidan ta’lim vazirligi tizimi mas’ul xodimi chaqiriladi va sababsiz dars qoldirgan bolalarning ota-onalari jarimaga tortiladi.

Latviyada joriy o‘quv mavsumi oxiriga qadar darslar masofadan olib boriladi. «LMT» va «BITE» mobil aloqa operatorlari ehtiyojmand maktab o‘quvchilariga onlayn rejimda tahsilni davom ettirishlari uchun 5266 ta smart-qurilmalarni bepul taqdim etdi. Chunki aniqlanishicha, mamlakatda hozirda 3 foiz o‘quvchilarning shaxsiy kompyuteri yo‘q va ular internetdan foydalana olmaydi.

Boshlang‘ich va katta sinf o‘quvchilari uchun 365 ming yevro byujetga ega «Sening sinfing» («Tava klase») ta’lim telekanali ishga tushirildi. Unda mamlakatning barcha mintaqalaridan 70 ta tajribali pedagog, shuning taniqli shaxslar, qo‘shiqchilar, rassomlar keng jalb etilgan. Telekanalni 90 mamlakatdan har kuni 240 ming tomoshabin ko‘rmoqda.

Maxsus qarorga muvofiq, masofaviy ta’lim davrida kam ta’minlangan, ehtiyojmand va ko‘p bolali oilalarga tushlik ovqatlari yetkazib beriladi. Talabalarga ta’lim olish va yashashi uchun ajratib kelingan kreditlarning asosiy qarz qismini to‘lash muddati keyinroqqa ko‘chiriladi.

Osiyo qit’asida ham vaziyat ancha jiddiy tus olmoqda. Xususan, Indoneziya parlamenti epidemiyaga qarshi kurashish doirasida bu yil barcha darajadagi maktab imtihonlarini bekor qildi.

Foto: «Al Jazeera»

Yaponiyada ham favqulodda holat 6-mayga qadar davom etadi. Hozirgi qiyin damlarda markaziy hukumat mahalliy hokimiyatlarga ko‘proq mustaqillik bermoqda. Jumladan, mahalliy ma’murlar maktab va boshqa muassasalarni yopish yoki ochish yuzasidan mustaqil qarorlar qabul qilish huquqiga ega. Masalan, Aichi prefekturasi gubernatori X.Omura o‘z hududida 7-19-aprelda boshlang‘ich, o‘rta va maxsus maktablarni yopish haqida qaror qabul qilgan.

Hozirda Kunchiqar yurtda 38 foiz maktablar aprelda boshlangan yangi o‘quv yili munosabati bilan qayta ochilgan bo‘lsa, 68 foizi hamon yopiq qolmoqda.

Maktablarni qayta ochish uchun esa qator qat’iy talablar qo‘yilmoqda. Bunda sinfxonalarda havo almashtirish tizimlari puxta ishlashini nazorat qilish, o‘quvchilarning bir joyda to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, atrofdagilar bilan yaqin muloqotdan qochish, doimiy niqob taqish, tana haroratini o‘lchash, ovqatlanishdan oldin qo‘lni sovunlab yuvish kabi barcha sharoitlarini muhayyo etishga e’tibor qaratiladi. Har bir maktab ma’muriyati ta’lim dargohini ochish bo‘yicha mahalliy munitsipalitetlar bilan bamaslahat ish yuritishi shart.

Xitoyda alohida muzofotlarda (Sichuan, Lyaonin va boshqalar) yuqori sinflar uchun ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich ochilmoqda. Masalan, Shanxay shahri munitsipaliteti hududdagi oliy o‘quv yurtlari va kollejlarni 27-apreldan, maktablarni 6 maydan faoliyat boshlashi yuzasidan topshiriq berdi.

Davlat o‘zining xorijda tahsil olayotgan barcha talabalariga 500 ming dona epidemiyaga qarshi komplektlar — 11 million niqob va 500 ming dezinfeksiya vositalarini yetkazib bermoqda.

(Davomi bor)

Dilafro‘z Xudoyberdiyeva,
Bektemir tumani 290-umumta’lim
maktabi ingliz tili o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring