Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantindan qochgan shaxs Surxondaryoda qamoqqa olindi

Karantindan qochgan shaxs Surxondaryoda qamoqqa olindi

Illyustrativ foto

Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 16-mart kuni 14 kunlik karantinga joylashtirilgan fuqaro A.A. 20-mart kuni soat 22:00 atrofida shifoxonadan qochdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro A.A. 16-mart kuni Moskva orqali Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga qaytib kelgan. Shu kunning o‘zida Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 14 kunlik karantinga joylashtirilgan. Ammo karantinning beshinchi kuni — 20-mart soat 22:00 dagi yo‘qlama vaqtida u shifoxonadan qochib ketgani ma’lum bo‘lgan.

U yashash manzili — Denov tumanida ushlangan. U hozirda gumonlanayotgan koronovirus kasalligiga chalingan bo‘lishi mumkinligi, karantinga olingan joydan yana qochib ketishi va atrofdagilarni jiddiy xavf ostida qoldirishi mumkinligini inobatga olib, unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llanilgan.

Hozirda ushbu shaxs o‘z uyida ushlanib, ehtiyot chorasi sifatida karantinda saqlash uchun izolatsiyaga olingan. Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25, 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqanddagi karantin markazidan qochgan 66 yoshli shaxs Parkentda ushlangani, shuningdek Qashqadaryodagi karantin markazidan qochishga uringan yigit qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot uchun, karantin qoidalarini buzgan shaxslar 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring