Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–190-son farmoni bilan kasbiy ta’lim tizimini 2030-yilga qadar isloh qilishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Unga ko‘ra:
- xalqaro va qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar sonini kamida 250 taga;
- 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy ta’lim bilan qamrovini amaldagi 29 foizdan 50 foizga;
- kasbiy ta’lim tizimida dual ta’lim ulushini amaldagi 9 foizdan 40 foizga;
- kasbiy sertifikatga ega ishlab chiqarish ta’limi ustalari ulushini 30 foizga;
- xorijda malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlarida ishtirok etgan pedagoglar sonini 100 nafardan 2 500 nafarga yetkaziladi.
Shuningdek, farmonga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi.
Agentlik markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan shtatlar soni 70 ta etib belgilandi. Ushbu shtat birliklari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan 30 ta, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan 25 ta, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazining 15 ta shtat birligi hisobidan shakllantiriladi.
Agentlik:
- texnikumlar faoliyatini muvofiqlashtirish va kasbiy ta’lim sohasini boshqarishga mas’ul bo‘ladi;
- kasbiy ta’lim dasturlari mazmuni, malaka darajalari, o‘qitishning minimal muddatlari, bitiruvchilar bilimini baholash mezonlari hamda o‘quv-metodik ta’minotga talablarni belgilaydi;
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan «vaucher» tizimi bilan qamrab olinmagan shaxslarni kasbga o‘qitadi;
- Migratsiya agentligining xorijiy ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib bergan buyurtmalari asosida fuqarolarni kasbga va xorijiy tillarga o‘qitadi.
Bundan tashqari, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga maxsus platforma orqali stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Har oylik stipendiya BHM bir baravari miqdorida to‘lanadi.
Texnikumlar Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan yuritiladigan milliy reyting natijalari asosida rag‘batlantiriladi. Milliy reyting 2026-yildan boshlab har o‘quv yili yakuni bo‘yicha yuritiladi hamda unda eng yuqori o‘rinni egallagan 50 ta texnikumning har biri BHM 3 000 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi. 2026 yildan boshlab har yili texnikumlar o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun «Kasbiy mahorat milliy tanlovi» o‘tkaziladi.
Shuningdek, Prezidentning «Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2030-yilga qadar texnikumlar faoliyatini tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari, bino va inshootlar hamda boshqa ko‘chmas mulk obektlarini xususiylashtirishga moratoriy joriy etildi.
Ikkala hujjatdagi o‘zgarish, yangiliklarni bitta postda jamlash imkonsiz. Hurmatli tizim xodimlari, soha vakillari hujjatlar bilan batafsil tanishib chiqing, tushunib-o‘zlashtirib oling. Vazirliklar saytlari, ijtimoiy tarmoqlarida ham batafsil ma’lumotlar doimiy tarzda e’lon qilib boriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter