Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kelgusi yildan davlat xizmatchilari rotatsiya qilinadi

Kelgusi yildan davlat xizmatchilari rotatsiya qilinadi

Foto: «Xabar.uz»

Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat fuqarolik xizmatida rotatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilingan davlat organlari va tashkilotlarida quyidagi tartib joriy etiladi:

  • Davlat fuqarolik xizmatchilari majburiy, rejali va rejadan tashqari tartibda rotatsiya qilinadi;
  • davlat fuqarolik xizmatchilarini rotatsiya qilish bir davlat organi doirasida hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida amalga oshiriladi;
  • davlat fuqarolik xizmatchisi rotatsiya tartibida lavozimga tayinlanganda tanlov o‘tkazilmaydi;
  • rotatsiya tartibida lavozimga tayinlangan davlat fuqarolik xizmatchilariga ijtimoiy kafolatlar va tegishli kompensatsiyalar belgilanadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) davlat fuqarolik xizmatida majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari monitoringini olib boradi.

Davlat fuqarolik xizmatchisini rotatsiya qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

  • davlat fuqarolik xizmatchisi shaxsiy va kasbga oid sifatlari, boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • davlat organi faoliyati samaradorligini oshirish, hududlarni jadal va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash;
  • rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish, davlat fuqarolik xizmatchilari salohiyati va tajribasidan oqilona foydalanish;
  • korrupsiyaviy xavf-xatarlar oldini olish.

Quyidagi davlat fuqarolik xizmatchilari rotatsiya qilinmaydi:

  • tayyorlash, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tayotgan;
  • homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;
  • tibbiy xulosaga asosan o‘zlari yoki ular bilan birga yashovchi oila a’zolari sog‘lig‘i holati rotatsiya o‘tkazilayotgan davlat fuqarolik xizmati lavozimi bo‘yicha xizmat majburiyatlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydiganlar;
  • pensiya yoshiga yetishiga uch yil qolganlar.

Inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari davlat fuqarolik xizmatchilari rotatsiyasini amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organi mas’ul tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchilarini rotatsiya qilish majburiy, rejali va rejadan tashqari tartibda amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisini majburiy rotatsiya qilish shartlari va muddatlari uning mehnat shartnomasida nazarda tutiladi.

Nizom loyihasi muhokamasi 25 noyabrgacha davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring