Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kelgusida blogerlarning majburiyatlari biroz yengillashtirilishi mumkin

Kelgusida blogerlarning majburiyatlari biroz yengillashtirilishi mumkin

O‘tgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida onlayn-platformalar bo‘yicha qonun loyihasi haqida birinchi marta xabar berilgan edi.

Unda blogerlarning majburiyatlari yengillashayotganligiga urg‘u berilgani hammaning e’tiborini tortdi.

Mana qonun loyihasining o‘zi ham e’lon qilinib, biz bu masalani tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Blogerlar amalda qanday majburiyatlarga ega edi-yu, yangi qonunda nima yengillashyapti?

Umuman olganda 2014-yilda «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga bloger tushunchasi kiritilib, unga o‘shanda quyidagicha ta’rif berilgan edi: «bloger — Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs».

Yangi qonunda ham bloger tushunchasi saqlanib qolgan bo‘lsada, bitta farqli jihat bor, endi blogerlar 2 toifaga ajratilyapti – «bloger» va «inflyuenser» (inglizcha influence — «ta’sir» so‘zidan olingan). Xo‘sh, ular yangi qonunda qanday ta’riflangan:

  • bloger – o‘z akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa tusdagi kontentni, shu jumladan onlayn-platforma foydalanuvchilari tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs (onlayn-platforma foydalanuvchisi);
  • inflyuencyer – onlayn-platformadagi o‘z akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda o‘n mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan bloger.

Shuni tushunish kerakki, amaldagi qonunda «bloger» tushunchasi bir vaqtning o‘zida juda jo‘n va juda keng tushunchani qamrab olar edi. Masalan, veb-sayt egasi ham bloger bo‘lib o‘tib ketaverar edi.

Lekin asosiy farq bunda emas! Asosiy yangilik bu blogerlikning tub mohiyati, ya’ni ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa tusdagi kontentni virtual jamiyatga tarqatish ko‘lamidan kelib chiqib, bunday faoliyat davomida yuzaga keladigan ijtimoiy mas’uliyat – majburiyatlar chegarasida.

Yangi qonunda bu masala qanday yechim topgan? Bu savolga javob berish uchun avvalo amaldagi qonunchilikdagi bloger zimmasiga yuklangan majburiyatlarni ko‘rib chiqamiz.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning o‘sha mashhur 12-1-moddasiga binoan amalda bloger quyidagilarga majbur:

  • noqonuniy kontentni tarqatmaslik
  • axborotni o‘z sahifasiga joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda, uni darhol o‘chirib tashlashi (!);
  • o‘z sahifalarida (masalan, izohlarda) noqonuniy kontent mavjudligini aniqlash uchun monitoringni amalga oshirishi (!) va shunday axborot aniqlangan taqdirda, darhol uni o‘chirib tashlash.

Bilasiz, bu boradagi tartiblar Hukumatning 2018-yildagi 707-son qarori bilan tartibga solingan.

Endi yangi qonundagi taklif etilayotgan qoidalarni ko‘rib chiqsak.

Yangi qonunda blogerlar kontent tarqatish borasida faqatgina 13-moddada keltirilgan noqonuniy kontentni tarqatmaslik va noqonuniy kontent tarqatilgan hollarda uni o‘chirish majburiyatigi ega xolos.

Endi amaldagi qonundagi axborotni tarqatishdan oldin to‘g‘riligini tekshirish va o‘z sahifasining monitoringini yuritish kabi talablardan blogerlar ozod bo‘lmoqda, bunday talablar faqat inflyuenser darajasiga yetganlar, ya’ni 10 mingta obunachiga ega bo‘lgan blogerlarga taalluqli.

Shu o‘rinda bitta solishtirish o‘rinli bo‘ladi. Nega bunday majburiyatlar inflyuenserlarga taalluqli bo‘lyapti. Masalan, otaxon gazetalardan biri «Yoshlar ovozi» (oldingi «Turkiston») hozirda 10,3 mingta nusxada chop etilmoqda, ta’sirchanlik nuqtai-nazaridan istalgan inflyuenser ushbu gazeta bilan bellasha oladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Lekin ommaviy axborot vositasiga qonunlar bilan yuklatilgan majburiyatlar ko‘lami, xususan tarqatilayotgan ma’lumotni oldindan tekshirish majburiyati, nima uchun xuddi shu tirajda chiqayotgan gazeta va shu sondagi obunachiga ega bo‘lgan inflyuenserda boshqacha bo‘lishi kerak.

Boshqa tomondan, bir necha yuzta obunachiga ega bo‘lgan blogerdan tarqatilayotgan ma’lumotni oldindan tekshirish, uning sahifasidagi izohlarni monitoring qilishni talab qilish ham biroz adolatsiz. Shu bois, eng muhimi noqonuniy kontent tarqatmaslik majburiyatiga rioya qilsa «oddiy» blogerga, shuning o‘zi uning ijtimoiy mas’uliyatiga yetarli bo‘ladi.

Nigora KARIMOVA,
Axborot  va ommaviy kommunikiatsiyalar agentligi
Axborot xizmati rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring