Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kimdir o‘q, kimdir tilla bilan...

Kimdir o‘q, kimdir tilla bilan...

Foto: «Xabar.uz»

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida navbatdagi bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi. Bu gal qonunbuzarlar o‘q-dori va tilla tangalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tishga urinishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasiga binoan kontrabanda, ya’ni bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib, deklaratsiyasiz o‘q-dorilarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

«Toshkent-Aero» IBK Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, «Moskva-Toshkent» reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi B.M. bojxonadan yashil yo‘lak orqali bamaylixotir kirib keladi. Ammo bu ayol aslida o‘ziga tegishli bagajida 1 dona jangovar holatdagi 7,62 mm. kalibrli patron va xuddi shu patron uchun mo‘ljallangan 1 dona o‘qni yashirincha olib kirmoqchi bo‘lgan ekan.

Patron va o‘qni shunchaki suvenir yoki omad keltiruvchi tumor sifatida yonida olib yurishini ma’lum qilgan B.M. bu narsalar unga omad emas, tashvish keltirganini endi tushunib yetgan bo‘lsa, ajab emas.

Shuningdek, «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi «Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti» chegara-bojxona posti xodimlari tilla tangalarni respublikamizdan olib chiqishga bo‘lgan urinishni ham bartaraf etishdi.

«Moskva-Toshkent» reysi bo‘yicha parvozga otlangan fuqaro N.F. bojxonadan qizil yo‘lak orqali o‘tar ekan, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham yonida olib chiqish ta’qiqlangan tovarlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Ammo, unga tegishli bagajning nazorat-rentgen apparatidagi shubhali tasvirlari buni tasdiqlamadi. Shundan so‘ng, bagaj xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganda, ushbu shaxs nonlar orasiga bekitgancha 2 dona umumiy og‘irligi 8.6 gr. bo‘lgan tilla tangalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lganligi fosh bo‘ldi.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi xulosasiga ko‘ra, ushbu tangalar XIX asrning oxirlarida Chor Rossiyasida zarb qilingan tanglarning asli emas, balki nusxasi bo‘lib chiqdi. Shunga qaramay, tangalar xarakteristikasida numizmatika predmetlari bo‘lganligi sababli ularni olib chiqishdan avval Badiiy ekspertizaga taqdim etish lozim edi. Mazkur tangalarning taxminiy bahosi 3 mln 220 ming so‘mga baholangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring