Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kimlar donor bo‘la oladi?

Kimlar donor bo‘la oladi?

Har yili 14-iyun — Butunjahon donorlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Yurtimizda ham ushbu sanaga bag‘ishlangan turli tadbirlar, xayriya aksiyalari o‘tkazish an’anaga aylangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har bir mamlakat o‘z aholisining qonga bo‘lgan talabini qondirish uchun 1000 nafar kishiga donorlar soni 30 nafar va undan ortiq bo‘lishi, qon komponentlari bilan ta’minlash uchun esa donorlar soni har 1000 nafar kishiga 10 nafar yoki aholi soniga nisbatan 1 foizni tashkil etishi zarur.

O‘zbekistonda esa bu raqam 5 nafarga to‘g‘ri keladi. Agar mazkur ko‘rsatkich 10 nafarga oshsa, xalqimizning qonga bo‘lgan talabi 100 foizga qoplanadi. Agar 50 nafar odam qon topshirsa, nafaqat talab qondiriladi, balki qon plazmasini qayta ishlash orqali albumin, immunglobulin kabi dori preparatlari tayyorlash mumkin.

SSV ma’lumotiga ko‘ra: 2020-yil yurtimizda 95,5 tonna sof qon tayyorlangan bo‘lsa, bu raqam 2019-yilda 96,5 tonna, 2018-yilda esa 85,2 tonnani tashkil etdi. 2021-yilda esa tibbiyot muassasalariga 113 tonna sifatli qon yetkazib berildi.

Mamlakatimizda 18 yoshdan 60 yoshgacha, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglabin miqdori me’yorida bo‘lgan (erkaklarda 128 g/l, ayollarda 120 g/l) har bir shaxs donor bo‘lishi va yiliga 4 marta qon topshirishi mumkin. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitrga teng.

Ta’kidlash lozimki, koronavirus pandemiyasi davrida butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham donorlar soni keskin kamayishiga sabab bo‘ldi. Oqibatda og‘ir bemorlarning donorlik qoniga bo‘lgan talabi sezilarli darajada oshdi.

Qolaversa, so‘nggi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yo‘lga qo‘yilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortdi.

Shu sababli joriy yil mart oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan «Qon topshir – hayot in’om et!» xayriya aksiyasi o‘tkazildi va unda tibbiyot xodimlari birinchilardan bo‘lib qon topshirdi.

Ushbu tadbir qisqa vaqt ichida yurtimiz bo‘ylab keng quloch yozib, vazirlik va idoralar xodimlari, mahalliy boshqaruv organlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Mamlakatimizda o‘z qonini kamida 40 marta, qon komponentlarini 60 marta topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Yurtimizda ana shunday mehrli va qalbi ezgulikka to‘la insonlar «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni va bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

O‘z navbatida, Sog‘liqni saqlash vazirligi yurtdoshlarimizni beg‘araz donor bo‘lishga va yordamga muhtoj bemorlarga ko‘mak berishga chaqirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring