OKMK homiyligida yangi fabrika ishga tushdi (foto)
Mamlakatimiz iqtisodiy qudratining yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ijtimoiy sohaga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
OKMK axborot xizmati xabar berishicha, 16 iyul kuni kombinat homiyligida «Ekvotorial Chodak» MChJ bilan hamkorlikda yangi tikuv fabrikasi ishga tushirildi.
Mazkur tikuv fabrikasi Namangan viloyati, Pop tumani, Oltinkon shaharchasining Chodak qishlog‘ida bunyod etildi.
Tikuv fabrikasining tantanali ochilish marosimi bugun, 16 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov, Pop tumani hokimligi va OKMK boshqaruv raisining ijtimoiy masalalar va xodimlar bo‘yicha o‘rinbosari S.Shermatov hamda jamoatchilik faollari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olgan mutasaddilar ushbu tikuv korxonasi hududda yashovchi aholining bandligini ta’minlashda, uning infratuzilmasini rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini va yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bundan keyin ham davom ettirilishini ta’kidlashdi.
Tadbir davomida ramziy lenta qirqilib, tikuv fabrikasi rasman o‘z faoliyatini boshladi.
Ushbu korxonaning tashkil etilishida Olmaliq kon metallurgiya kombinati tomonidan 468.9 ming dollarlik moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi. Korxonaga Turkiya va Yaponiya davlatlarining eng ilg‘or uskuna jihozlari keltirilgan.
E’tiborli jihati, shu kunning o‘zida «Ekvotorial Chodak» MChJ hamda ishchi-xodimlar o‘rtasida shartnoma imzolash marosimi ham o‘tkazildi.
Endilikda Chodak qishlog‘ida yashovchi 250 nafar ayol ish bilan ta’minlandi.
Yillik ishlab chiqarish quvvati 500100 dona jinsi shim va boshqa kiyimlar bo‘lgan bu korxona mahsulotlari Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi va qo‘shni davlatlarga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilar fabrika faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter