Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Komil Allamjonov: «Butun matbuot davlat rahbarining ko‘ngli uchun xizmat qilgan»

Komil Allamjonov: «Butun matbuot davlat rahbarining ko‘ngli uchun xizmat qilgan»

Bugun, 28-sentyabr kuni Mass-mediani rivojlantirish jamg‘armasi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan birgalikda Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuni munosabati bilan onlayn konferensiya tashkil etdi.

Konferensiyada Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov so‘zga chiqib, matbuotni bundan to‘rt yil oldin koma holatida edi, deya qayd etdi:

– O‘zbekistonda axborotdan erkin foydalanish holati yaqin-yaqingacha ham achinarli ahvolda bo‘lgan. 2016 yilga qadar O‘zbekiston matbuoti koma holatiga tushib qolgan edi. O‘lib o‘lmagan, yashab yashab ketmagan. Televideniyeda faqat bachkana maqtovlar, gazetalarda esa faqat «jannatdan xabarlar» yoritilar edi. Bu kulgulidir hozir, lekin afsuski, holat aynan shunday edi. Davlat aholiga kerakli ma’lumotni emas, balki o‘zi to‘g‘ri deb bilgan ma’lumotlarni uzatish bilan shug‘ullangan. Butun matbuot faqat bitta insonga, u ham bo‘lsa o‘sha paytdagi davlat rahbarining ko‘ngli uchun xizmat qilgan. Odamlar tashvishlariyu, ularning muammolari deyarli yoritilmagan. Skanvord, krossvord, munajjimlar bashorati yoki sariq matbuotdan boshqa deyarli barcha gazetalar majburiy obuna hisobiga kun ko‘rgan. Jurnalistlar dardini faqat anonim shaklda, biron ijtimoiy tarmoqda qoldirishdan boshqa iloji bo‘lmagan.

Endi nima o‘zgardi, hozir ahvol qanday?

Birinchidan, o‘tgan to‘rt yil mobaynida matbuot sezilarli darajada erkinlashdi, jurnalistlar mamlakatning real ijtimoiy-siyosiy hayotidan olingan voqealarni bemalol yoritadigan bo‘ldi. Hatto hukumatni tanqid qiluvchi materiallarni faolroq chop eta boshladi. Viloyatlardagi jurnalistlar ham ancha faollashdilar. Ular inson huquqlarining buzilishi, korrupsiya va mansabdor shaxslarning beparvoligi haqida, ya’ni ilgari taqiq ostida bo‘lgan mavzular haqida ko‘proq, jasorat bilan yozishni boshladi. Mamlakat o‘zining taniqli blogerlariga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, blogerlarning rasmiy doiralar tarafidan e’tirof etilishi shunday pog‘onaga ko‘tarildiki, ayrim blogerlarning aholi manfaati uchun bergan takliflari prezident va hukumat qarorlarida aks eta boshladi. Ular ko‘targan mavzular va muammolar ta’sir kuchi oshganidan davlat idoralari zudlik bilan unga munosabat bildira boshladi.

Ikkinchidan, hukumatni tanqid qilgani uchun ilgari taqiq ostida bo‘lgan ko‘plab xorijiy saytlar blokdan olindi.

Uchinchidan, jurnalistlarning manfaatlarini himoya qilish uchun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, keyinchalik esa Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi.

Oshkora tarzda jurnalistlarning tarafini oladigan va ularning huquqlarini himoya qiladigan tashkilotlar ham hozirda aynan shular.

To‘rtinchidan, respublikaning barcha vazirlik va idoralarining o‘lik matbuot xizmatlari qayta tiriltirildi, ular mavqei oshirildi va faoliyati tiklandi.

Bu qanday natija berdi? Natijada jamiyatning o‘zi ham yanada faollashdi. Feysbuk va telegramda dolzarb masalalar ochiq va faol muhokama qilinadigan munozara platformalari vujudga keldi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonda ham faol fuqarolik jamiyat shakllana boshladi, jamoatchilik nazorati kuchayib, so‘z erkinligi ancha rivojlandi.

O‘zbekiston qora ro‘yxatdan chiqdi va «Chegara bilmas muxbirlar» matbuot erkinligi indeksidagi mavqei yaxshilandi: 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 13-o‘ringa ko‘tarildi.

Lekin muammo yo‘qmi? Albatta bor, jurnalist yoki blogerda qo‘rquv yo‘qmi? Albatta bu ham bor, aks holda natija bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi.

Ma’lum doiradagi shaxslarning senzurasi, jurnalistlar va blogerlarning o‘z-o‘zini senzura qilishi, davlat xodimlarining tahdidlari yoki bosimi. Tabiiyki, bunday omillar haligacha bor va biz ularga qarshi kurashayapmiz. Takliflar berayapmiz, ishlayapmiz, bir so‘z bilan aytganda tinmayapmiz.

Shu kunlarda Prezident topshirig‘iga binoan yana bir muhim hujjat, ya’ni ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlik kuchaytirishga qaratilgan qonun chiqishi kerak, – deya ta’kidladi Komil Allamjonov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring