Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konchilar hayoti, cho‘lda qolgan mashina va shaffof tizim. «O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatiga bir nazar

Konchilar hayoti, cho‘lda qolgan mashina va shaffof tizim. «O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatiga bir nazar

Konchilar hayotida o‘ziga yarasha mashaqqat bilan birga qiziqarli jihatlar ham ko‘p bo‘ladi. Aytaylik, ilgari kondan xabar olish uchun yo‘lga chiqqan mutaxassis bo‘lsin, yoki haydovchi, albatta o‘zi bilan bir kunlik non va suv olishi shart bo‘lgan. Chunki bilib bo‘lmaydi, cho‘lning o‘rtasida mashina buzilib qolsa, yordam yetib kelguncha jon saqlash kerak. Bunga o‘xshash muammolar bir talay edi.

Texnologiya rivojlangani sari bunday holatlar ham barham topdi. «O‘zbekneftgaz» AJ rahbari Mehriddin Abdullayev tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyatiga tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlarga shunga o‘xshash bir qator qiziq jihatlar bilan tanishib oldilar.

OAV xodimlari eng avvalo Sho‘rtan NGQChB faoliyati bilan tanishdilar. Aslida, boyagi muammoning barham topishi ham shu yerdan boshlangan, bu yerdagi dispetcherlik xonasidan butun korxona va unga tegishli ob’yektlar kaftdagidek ko‘rinib turadi. Raqamli texnologiya sharofati bilan nafaqat barcha avtomobillar raqamli texnologiya orqali kuzatib turiladi, balki har bir kon ham kuzatuv ostida. Endi cho‘l o‘rtasida buzilib qolgan mashinada sutkalab qolib ketish xavfi yo‘q. Aksincha, har bir avtomobil qayerda, nima bilan mashg‘ul, qancha tezlikda yuribdi, dispetcher bilib turadi.

Masalan, ko‘z o‘ngimizda Toshkent viloyati, Qibray tumaniga yuborilgan avtomobil nima bilan mashg‘ul ekanini ko‘rsatib berishdi — omborda tashkilotga tegishli yukni yuklamoqda. Bunaqa misollar juda ko‘p, endi haydovchilar ortiqcha hadiksiz yo‘lga chiqib ketishi mumkin.

Yordam kerak bo‘lsa, darhol yetkazib beriladi, tezlikni oshirib, yo‘l harakati qoidasini buzsa, marhamat qilib jarimani to‘lab qo‘ysin. Ya’ni, avval bo‘lganidek bemalol davlatning mashinasini minib, shaxsiy ishlarni bitirib yurish mumkin emas.

Umuman, press-tur davomida eshitganlarimiz ko‘p qiziq bo‘ldi. Masalan, ilgari bir-ikki noinsof haydovchilar propan tashiydigan maxsus yuk mashinalari sisternasiga suv solib, tashkilot hududiga kirgan ekan. Nima uchun? Chunki zavodga kirishda mashina taroziga tortiladi va og‘irligi aniqlanadi. Mahsulot ortib, qaytib chiqishida yana o‘lchanadi va avtomobilning birlamchi og‘irligidan ortiqcha chiqqanicha propan hisoblanadi.

Noinsof haydovchilar tashkilot hududiga kirib olgandan so‘ng maxsus idishdagi suvni to‘kib tashlab, shuncha miqdorda propanni olib chiqib ketishga harakat qilishgan. Ammo dispetcherlik xizmati ularning har bir qadamini kuzatib turgani tufayli, mahsulot talon-taroj bo‘lishdan saqlab qolinadi.

Shaffof tizim nafaqat yo‘lda tashilayotgan mahsulot, balki quvurdan kelayotgan gaz miqdorini ham tekshirib turadi. Ulkan monitorlardagi raqamlar esa qaysi konda ish qanday ketayotganini ko‘rsatib beradi.

Shu tariqa «O‘zbekneftgaz» AJ tashkilotlarida shaffof tizim yo‘lga qo‘yilgan. Hech narsa nazardan chetda qolmaydi.

PS: Darvoqe, Sho‘rtan NGQChB sari yo‘l ketish asnosida har ikki chetga qator ekilgan ko‘chatlarga ko‘zimiz tushdi. Bizga xabar qilinishicha, bu tashabus ham «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan amalga oshirilgan ekan.


Nasib qilsa, bu ko‘chatlar quyuq daraxtzorga aylansa, sayr qilishli, ajib bir go‘sha bo‘larkan. O‘sha kunlarga yetkazsin...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring