Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ko‘ngilning nozikligi qilcha bo‘lurmu hay-hay?!» – o‘zbekistonlik blogerlar Rossiya TIVning harakatiga munosabat bildirdi

«Ko‘ngilning nozikligi qilcha bo‘lurmu hay-hay?!» – o‘zbekistonlik blogerlar Rossiya TIVning harakatiga munosabat bildirdi

Moskva rus tilida intervyu bergan Sherzodxon Qudratxo‘jani rusofoblikda ayblagan.

Foto: Alter Ego

14 fevral oqshomida O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadov Rossiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga norozilik bildirgani xabar qilingan edi.

Bunga O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing bloger Kirill Altman muallifligidagi «Alter Ego» dasturiga bergan intervyusi sabab bo‘lgan. Suhbat davomida Sh.Qudratxo‘ja o‘zi yashaydigan mamlakat tilini bilmaydiganlarni mashhur iqtibosga tayanib «bosqinchilar yoki ahmoqlar» deb atagandi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi ushbu fikrni «o‘ta haqoratomuz va mutlaqo qabul qilib bo‘lmac» deb baholagan. Moskva bu borada Toshkentdan rasmiy izoh ham so‘ragan.

Avvalroq Rossiya hukumati tarkibidagi MDH ishlari, vatandoshlar, xorijda yashovchilar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi («Rossotrudnichestvo») rahbari Yevgeniy Primakov Sherzodxon Qudratxo‘ja va u boshchilik qilayotgan tashkilotlar bilan muloqot to‘xtatilganini ma’lum qilgandi.

O‘zbekistonlik blogerlar hamda jamoat faollari Rossiya TIVning ushbu harakatiga o‘z munosabatini bildirmoqda.

«Men bir narsani mantiqan tushuna olmayapman. O‘zbekiston fuqarosi o‘z vatandoshlarini ona tilida gaplashishiga, dag‘al bo‘lsa-da da’vat qilgani, qanday qilib ayni Rossiya amaldorlariga bunchalar tegib, bu chet el mamlakatini shu qadar jazavaga tushirsa?! Ayni rus tilida gapirmasin, demadi-ku, axir? O‘zbek tilidi ham gapirish kerak, dedi. Bu turistlar yoki chet el fuqarolariga qaratilib gapirilgan so‘zlar emaski, chet el davlati bunga munosabat bildirsa.

Nega endi ayni Rossiya amaldorlariga bu gap shunchalik ta’sir qilishi kerak? Rossiya mutasaddilarining amalida mantiq bo‘lganida barcha elchilarimiz, O‘zbekistonda gaplashiladigan barcha mavjud chet tillari vazirliklariga chaqirtirilishi va protest berilishi kerak bo‘lgan bo‘lardi: o‘zbek tilida gaplasha olmasa, bu degani, u dunyoning istalgan boshqa bir tilida gaplashish qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin degani, nega endi o‘sha boshqa til ayni rus tili bo‘lishi kerak ekan?

Yoki gap egasini topib qoldimikan? Qaysi so‘zlari Rossiya tashqi ishlari rasmiylariga shunchalik ta’sir qilibdi ekan: «bosqinchi» so‘zimi yoki «telba» so‘zimi?»deb yozdi taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov.

«Sherzodxon Qudratxo‘janing fikriga to‘liq qo‘shilishimni aytib qo‘yishim kerak. O‘zbekistonda yashab, o‘zbek tilini bilmaydiganlar «bosqinchi» yoki «ahmoq» ekanini o‘zlari hal qilishi kerakligi haqidagi so‘zlarning kimga qaratilgani hozirgacha aniq emas edi. Mana, o‘zlari bayonotlari bilan aniqlashtirib berishdi. Bosqinchi desang, faqat bosqinchilar xafa bo‘ladi.

Sherzodxon Qudratxo‘janing qator fikrlariga qo‘shilmasligim mumkin, lekin ayni damda men u bilan: Qudratxo‘janing xususiy fikri mening ham xususiy fikrim.

Ha, darvoqe, SSSR mening ular bilan umumiy vatanim emas, bu qizil imperiya hech qachon vatanim bo‘lmagan.

Mening vatanim – O‘zbekiston. Qudratxo‘janing vatani – O‘zbekiston. Bizning, o‘zbekistonliklarning umumiy vatani bu – yagona O‘zbekiston»,deb yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

«Qiziq, elchimizni taklif qilishmabdi, balki chaqirishibdi. Butunboshli «O‘zbekistonni bosib olaylik» degan ahmoqning gapidan keyin bizning TIV Rossiya elchisini taklif qilgan edi. Kim bilsin, balki biznikilar o‘shanda xijolat bo‘lib, uzr ham so‘ragandir.

Xullas, Rossiya TIV fikricha, Sherzodxon Qudratxo‘janing keskin fikri ikki tomonlama do‘stona munosabatlariga teskari emish va ruslar O‘zbekiston TIVdan shu holat bo‘yicha izoh talab qilishibdi.

Iya, O‘zbekistonda yashaydiganlardan o‘zbek tilini hurmat qilishni so‘rash, qachondan buyon O‘zbekiston–Rossiya aloqalariga zid bo‘lib qoldi? Mantiq yo‘q.

Biznikilar ham xuddi ruslarning o‘zi kabi javob berishi kerak: Sherzodxon Qudratxo‘janing fikri o‘zining shaxsiy pozitsiyasi bo‘lib, so‘z va fikr erkinligidan foydalanyapti. Bu fikrlar Toshkentning rasmiy pozitsiyasini anglatmaydi. Tamom. Yetadi.

Axir Rossiya tomoni ham Zaxar Prilepinga o‘xshagan potensial bosqinchi-okkupantlarning fikriga xuddi shunaqa javob berdi-ku.

Tag‘in, uzr so‘rab, sharmanda qilib o‘tirmanglar-yey, hurmatli mas’ullar»,deb yozdi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

«Ko‘ngilning nozikligi qilcha bo‘lurmu hay-hay?!» O‘rislar bu millat haqida nima desa yarashaveradi-yu, biznikilar 30 yil deganda ikki og‘iz gap gapirsa shuncha botib ketibdilarmi? Bittasi to o‘lib ketguncha haqorat qildi. Shuncha haqoratlariga qaramay Buxoroda oyog‘i tagiga qo‘y so‘yib kutib oldik. Boshiga do‘ppi, egniga chopon ildik! Ammo bular har doim andishaning otini qo‘rqoq qo‘yib kelgan. Hech qachon yaxshilik kutib bo‘lmaydi. Bulardan bitta qolsa ham Uchinchi jahon urushi xavfi saqlanib qolaveradi. Bunaqa paytda millat ziyolilari, Oliy Majlis deputatlari, eng muhimi, davlat o‘z iqtidorini ko‘rsatib qo‘yishi kerak. O‘zbekiston kichkina davlat emas. Bu zaminda salkam 40 million millat yashayapti!»deb yozdi shoir va publitsist Alisher Nazar.

«Hay, tilni o‘rganmasanglar o‘rganmanglar, bundan uyalmasanglar uyalmanglar, lekin nega o‘z tili himoyasi uchun gapirsa, janjal qilaverasizlar? Shu yurtda yashayotgan turli millat vakillari o‘rganyapti-ku o‘zbek tilini. Hech bir janjal-mojaro bo‘lmayapti-ku ular bilan. Ona tilim demaylik ekan-da. Deymiz!» – deb yozdi bloger Shahnoza Soatova.

«Rossiyaning o‘zida yashashga emas, vaqtinchalik ishlashga borayotganlardan nafaqat til, balki Rossiya tarixini ham bilish talab qilinadi. Nega endi O‘zbekistonda yashayotgan barcha xalqlar o‘zbek tilini o‘rganmasligi kerak? Dunyo davlatlarida, AQSh, Yevropa, Yaponiya va istagan davlatingizda tilni bilmasangiz, hech bir ish qila olmaysiz, ishlay olmaysiz...

Nega rossiyalik siyosatchilar bunchalik o‘zidan ketyapti? Sababi, shu paytgacha rus imperiyachilari, millatchilari O‘zbekistonga ko‘p tosh otishdi, davlat esa javob bermadi. Bularning ruhiyati shunaqa, qanchalik madaniyatli bo‘lsak, shunchalik boshga chiqishadi»,deb yozdi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

«O‘ynab qo‘yay bundaychikin siyosatingga, degan bo‘lardi Aqrabning otasi Jamoliddin. Har narsaga yetgan aqling, nega shunga kelganda oqsaydir, degan bo‘lardi Yusufbek hoji. Zaxar Prilepinning «O‘zbekistonni bosib olishimizga birov xalal berolmaydi» degan gapi faqat uning shaxsiy fikri bo‘lishi mumkin bo‘lsa, unda nega Sherzodxon Qudratxo‘janing O‘zbekistonda yashaydigan o‘zbekistonliklar haqidagi shaxsiy fikri uchun O‘zbekiston TIV sen...larga izoh berishi kerak? Yana do‘stmish bular. «Ishonmagin do‘stingga, somon tiqar po‘stingga» deb mana shunaqa «do‘st»larga aytilgan»,deb yozdi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

«Agar biz, o‘zbekistonliklar, barchamiz o‘zbek tilida gapirishni va yozishni boshlasak, Rossiya TIV hech narsani tushunmaydi.

U yerda hech kim bizning tilni bilmaydi. 100 bloger o‘zbek tilida yozadi, hech qanday reaksiya bo‘lmaydi. Elchixonada, ehtimol, Mirobod bozoriga ham tarjimon bilan borishadi. Boshqa elchilar kamida ramziy hurmat belgisini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Dars oladilar, o‘zbek tilida gapirishadi. Faqat «shimoliy» diplomatlarga bu «o‘z qadr-qimmatlaridan past» hisoblanadi», deya o‘zbek tilida munosabat bildirdi bloger Nikita Makarenko.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring