Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kosa tagida nimkosa. O‘zbekistonlik olima Vladimir Putin nutqidagi yashirin ma’noga e’tibor qaratdi

Kosa tagida nimkosa. O‘zbekistonlik olima Vladimir Putin nutqidagi yashirin ma’noga e’tibor qaratdi

Putin, pecheneg va qipchoqlar mavzusi karikatura ustasi Sergey Yolkin talqinida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralariga bag‘ishlangan videomuloqotda xalqni ruhlantirish uchun pecheneg va qipchoq elatlari ustidan qozonilgan g‘alabani yodga olgan edi.

«Mamlakatimiz jiddiy sinovlar ila birinchi bor ro‘baro‘ kelayotgani yo‘q: goh pecheneglar, goh qipchoqlar o‘lkani tilka-pora qildilar. Ammo Rossiya barini bartaraf eta oldi. Koronavirus  kasalligini ham yengamiz», – dedi V.Putin.

Ayni paytda Turkiyada ilmiy faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik olima Zebiniso Kamolova Rossiya yetakchisi nega dabdurustdan pecheneg, qipchoq kabi turkiy elatlarni yodga olib qolganiga e’tibor qaratdi.

«Aslida, xalqining kayfiyatini ko‘tarish uchun Putin qurgan bu jumla oddiy gapdan ko‘proq ma’noga ega. Ilk bor IX asrda mayda knyazliklar shaklida tarix sahnasiga chiqqan ruslar turkiy qavmlarni o‘zlarining azaliy dushmani deb bilishadi. «Igor» milliy dostonida ham turkiylar (pecheneg va qipchoqlar) bilan urushlar kuylanadi. Oldiniga xunlar, avarlar keyin Hazar turkiy davlatlariga tobe edi. Ruslarning tarixdagi «Buyuk Iskandar»i hisoblangan Svyatoslav ham pecheneglar tomonidan tor-mor qilingan», – deb yozadi olima.

Ta’kidlanishicha, XV asrda Oltin o‘rda saltanatining qulashi bilan oyoqqa tura boshlagan rus davlati turkiy elatlar hududlariga ko‘z tikdi.

«Ruslar Sibir (Sibiriya ham turkiylarning vatani bo‘lgan) ayig‘i kabi bir qo‘lini Onado‘liga, bir qo‘lini Turkistonga uzatib turdi. O‘zlarini ma’naviy merosxo‘r deb biladigan ortodokslarning ma’badi – Istanbuldagi Ayasofiyaga ega bo‘lish xayoliga hali erisholmadilar, ammo Turkistonni talon-taroj qila oldilar», – deydi doktor Zebiniso Kamolova.

Olima ayni paytda mintaqada kechayotgan jarayonlarga daqiq ishora etib, «Eski dushman do‘st bo‘lmas» maqolini yodga oladi.

Qayd etish joizki, Kremlda pecheneg va qipchoq elatlarining tilga olinishi ijtimoiy tarmoqning rusiyzabon bo‘g‘inida ham andak kinoya, andak yumor bilan qabul qilindi.  Masalan, hajv ustalaridan biri Bob Farber «Pandemiya davrida tabiat shu qadar tozalandiki, Rossiyaga pecheneglar qaytib kelishdi» deya qochirim qildi.

Ziyrak jurnalistlar esa prezident Vladimir Putinning turkiy elatlar haqidagi mulohazasi Rusiya imperiyasida davrida yashagan taniqli advokat Fyodor Plevakoning fikrlari bilan uyqash ekanini aniqladilar.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring