Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kreml Qozog‘iston elchisini suhbatga chaqirdi

Kreml Qozog‘iston elchisini suhbatga chaqirdi

Kecha 4-oktyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston elchisini Ukraina elchisi Petro Vrublevskiyning Qozog‘istonga qaytib kelgani sababli suhbatga chaqirdi.

Joriy yilning avgust oyida Qozog‘istondagi Ukraina elchisi Petro Vrublevskiy qozog‘istonlik blogerga «biz hozir ruslarni qanchalik ko‘p o‘ldirsak, bolalarimiz ularni o‘ldirishi shunchalik kam bo‘ladi», degan edi. Shundan so‘ng rasmiy Moskva bunga jiddiy e’tiroz bildirgan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, Vrublevskiy respublika Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, uning bayonotlariga Qozog‘iston tomonidan norozilik bildirilgan.

Qozog‘iston rasmiylarining iltimosiga ko‘ra, elchi sentyabr oyining boshida Qozog‘istonni tark etgan. Biroq, ko‘p o‘tmay Petro Vrublevskiy Ostonaga qaytib kelgan. Tabiiyki bundan Kreml g‘azablangan. Qozog‘iston rasmiylari elchining ta’tilda ekanligini va u oilasini olib ketish uchun kelganini ta’kidlashgan. Shundan keyin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi Qozog‘iston elchisini suhbatga chaqirgan.

Kecha 4-oktyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova quyidagi bayonot bilan chiqdi:

«Afsuski, Qozog‘iston tomonidan Banderaning bu emissari Ostonaga «hech qachon qaytmaydi», degan kafolatlar bajarilmadi. Bu elchi Qozog‘iston poytaxtida yana paydo bo‘ldi va u «shunchaki narsalarni yig‘ish va oilasini olib ketish» uchun kelmagan. Ochiqcha aytganda, u diplomatik missiya rahbari sifatida diplomatik qabullarda qatnashmoqda. Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, 4 oktyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi elchisi E.B.Kosherboyev Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va unga bunday holatga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ma’lum qilindi».

Mariya Zaxarovaning bu bayonotidan bir kun o‘tib, aniqrog‘i, bugun 5-oktyabr kuni Rossiyaning Ostonadagi elchisi Aleksey Borodavkin Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring