Kuchli fuqarolik jamiyati sari salmoqli qadam
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi. Murojaatnomada belgilangan vazifalar, ayniqsa, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish masalalari davlat siyosatining bosh mezoniga aylanmoqda.
E’tirof etish zarurki, bu yilgi Murojaatnoma nafaqat hisobot, balki mamlakatning keyingi yillardagi strategik yo‘nalishini belgilab beruvchi dasturilamal bo‘ldi. Davlatimiz rahbari islohotlar samaradorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roliga alohida urg‘u berib, ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmasligimizni, bu shunchaki siyosiy iroda emas, balki islohotlar barqarorligini ta’minlovchi eng muhim omil ekanini ta’kidladi.
Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettirilishi, xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi, ijtimoiy buyurtma berish tizimi raqamlashtirilib, moliyalashtirish hajmi 2 karra oshirilishi, xayriya tashkilotlarini tuzish tartibi soddalashtirilib, hisobdorlik va shaffoflik mexanizmlari takomillashtirilishi qayd etildi.
Bu islohotlar O‘zbekistonda davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, jamiyatda "Davlat - bosh islohotchi" tamoyilidan "Jamiyat - islohotlar tashabbuskori" tamoyiliga o‘tishni anglatadi. Ularning amalga oshirilishi natijasida qator ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi:
Birinchidan, besh yillik strategiyaning ishlab chiqilishi fuqarolik jamiyati institutlari, ya’ni nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari va ommaviy axborot vositalari faoliyatining uzoq muddatli va aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lishini ta’minlaydi. Bu sohada davlat siyosati barqarorligi va xalqaro standartlarga moslashishini kafolatlaydi.
Ikkinchidan, ijtimoiy buyurtma berish tizimining raqamlashtirilishi va moliyalashtirishning 2 baravar ko‘payishi sohada korrupsiyaning oldini olib, mablag‘lar taqsimotida inson omilini kamayishiga va jarayon shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ijtimoiy muammolar va loyihalarning tezkor va yanada samarali yechimiga olib keladi.
Uchinchidan, xayriya tashkilotlarini tuzish tartibining soddalashtirilishi fuqarolar va tadbirkorlarning ijtimoiy tashabbuslarini rag‘batlantirib, byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi, natijada qisqa vaqt ichida mahalliy fondlar tashkil etilishi mumkin. Shuningdek, sohada hisobdorlik mexanizmlari qo‘llanishi homiylarning pullar qayerga sarflanayotganini kuzatishi va ishonchi ortishiga olib kelishi bilan ham ahamiyatlidir.
To‘rtinchidan, bu islohotlar jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat organlari faoliyati ustidan "xalqona nazorat" o‘rnatuvchi asosiy kuchga aylantiradi. Pirovardida ijro hokimiyatining mas’uliyatini oshiradi va qarorlar qabul qilishda jamoatchilik fikri inobatga olinishini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi tashabbuslar “kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining amaliy ifodasidir. Bunda keng jamoatchilik islohotlar kuzatuvchisi emas, faol ishtirokchisiga aylanadi, jamiyat esa yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tariladi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter