Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuniga 10 ming qadam yurish tanangizga qanday foyda keltiradi?

Kuniga 10 ming qadam yurish tanangizga qanday foyda keltiradi?

Har kuni 10 ming qadam yurish so‘nggi yillarda butun dunyo bo‘ylab ommalashgan fitnes maqsadlaridan biriga aylandi. Garchi bu ko‘rsatkich ilk bor 1964-yildagi Tokio Olimpiadasi oldidan yaratilgan pedometr (qadamo‘lchagich) uchun marketing g‘oyasi sifatida paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirgi zamonaviy tadqiqotlar bu odatning sog‘liq uchun bir qancha ijobiy jihatlarini isbotlamoqda.

Ruhiy salomatlikka ta’siri

Kuniga 10 ming qadam yurish stress va bezovtalikni kamaytirib, kayfiyatni ko‘tarishi mumkin. Yurish vaqtida organizmda endorfin — «baxt gormoni» ishlab chiqariladi. 2022-yilda «Klinik tibbiyot jurnali»da chop etilgan tahlilga ko‘ra, muntazam yurish depressiya va xavotir alomatlarini kamaytirishda samarali ekani aniqlangan. Shuningdek, 2023-yilda «Alzheimer’s & Dementia» jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yurish xotira va aqliy qobiliyatlarni yaxshilaydi.

Bo‘g‘imlar va harakat qobiliyati uchun foydali

Osteoartritga (bo‘g‘imlar shamollashi) moyil insonlar uchun yurish — og‘riqni yengillashtiruvchi va harakatni tiklovchi tabiiy mashq hisoblanadi. Bu og‘ir jismoniy mashqlardan farqli o‘laroq, bo‘g‘imlarga zarar yetkazmasdan qon aylanishni yaxshilaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, yurish inson tabiatiga xos bo‘lgan harakat bo‘lib, u salomatlikni saqlashda muhim o‘rin tutadi.

Vazn yo‘qotishda yordam beradi

Yurish orqali tana kaloriyani samarali ravishda yo‘qotadi. 2022-yilda «Nutrients» jurnalida e’lon qilingan tadqiqot postmenopauzal ayollar orasida turli tezlikda yurish yog‘ qatlamini kamaytirishga yordam berganini ko‘rsatdi. Yurishning asosiy afzalligi shundaki, u har qanday yoshdagi inson uchun qulay va kam ta’sirli mashq hisoblanadi.

O‘pka faoliyatini yaxshilaydi

Muntazam yurish nafas olish jarayonini yengillashtiradi. «The Times of India»  nashri ma’lumotlariga ko‘ra, yurish o‘pka hajmini oshiradi va nafas olishda ko‘proq kislorod qabul qilishga yordam beradi. Bu nafaqat faoliyatni, balki umumiy jismoniy chidamlilikni ham oshiradi.

Immunitet tizimini mustahkamlaydi

«British Journal of Sports Medicine» jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, kuniga 10 ming qadam yuradigan odamlar kam yuradiganlarga nisbatan 43 foiz kam shamollaydilar. Bu organizmdagi immun hujayralar faolligining oshishi va yallig‘lanishning kamayishi bilan bog‘liq.

Mashqdan so‘ng tez tiklanishni ta’minlaydi

Yurish kuchli jismoniy mashqlardan so‘ng muskullarning tiklanishiga yordam beradi. Qon aylanishni yaxshilash orqali tanani tezroq tiklashga xizmat qiladi. 2022-yilda «Functional Morphology and Kinesiology»  jurnalida chop etilgan tadqiqot ham shuni tasdiqlaydi.

Xulosa

Kuniga 10 ming qadam yurish — har qanday yoshdagi inson uchun foydali odat. U nafaqat sog‘lom tana, balki sog‘lom ruh va uyquni ta’minlaydi. Agar sizning kun tartibingizda bunday imkoniyat bo‘lmasa ham, imkoningizdan kelib chiqqan holda har kuni kamroq qadam yurib turish ham katta foyda keltiradi. Eng asosiysi — harakatdan to‘xtamang!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring