Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahkumning na o‘lgani ma’lum, na tirik ekani?! Ajab...

Mahkumning na o‘lgani ma’lum, na  tirik ekani?! Ajab...

Roppa-rosa o‘n to‘qqiz yil burun, 2000-yilning 15-may sanasida bir qator o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblanib o‘lim jazosiga mahkum etilgan shaxsning oila a’zolari bir savolga javob izlaydi: jazo ijro etilganmi?

Bu savolga tayinli javob yo‘q!

Xullas, «Advokatnews.uz» yozyapti:

O‘n to‘qqiz yil avval oliy jazo ravo ko‘rilgan xorazmlik Xodjayev Polvonnazar xotin, bola-chaqasining boshi qotgan. Yo‘q, gap mahkum ayblangan jinoyatlar haqida ketmayapti. Gap jazoning ijro etilgan-etilmaganligida. Nega desangiz, bu haqda uning yaqin qarindoshlariga shu paytgacha tegishli ma’lumot yuborilmagan. Uning o‘lganligini tasdiqlovchi ma’lumot mavjud emasligi bois mahkumning nomidagi uy-joylarni rasmiylashtirishda muammolar yuzaga kelayotir.

Dastlab mahkumning turmush o‘rtog‘i jazo ijro etilgan yoki etilmaganligi to‘g‘risida ma’lumot berishni so‘rab, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudiga murojaat qilgan. Sud hukm ijrosiga oid ma’lumot mazkur sud arxivida yo‘q, deya javob beradi.

Shundan so‘ng advokat yollanadi. Advokat o‘z vakolatlari doirasida, 2018-yilning 19-sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga murojaat qilib, ushbu hukm ijro etilgan yoki yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumot berilishini, agar ijro etilgan bo‘lsa, mahkumning o‘lganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari taqdim etilishini so‘raydi.

Shu o‘rinda bir nuqtaga e’tibor berishingiz so‘raladi. Advokat mazkur so‘rovnomasida ushbu masalada mahkumning turmush o‘rtog‘i avval Toshkent viloyat sudiga murojaat qilganini, sud idorasi esa o‘z arxivida bunday ma’lumot mavjud emasligi to‘g‘risida javob berganligini alohida eslatadi.

Biroq IIV JIEBB mutasaddilari bu ma’lumotni... e’tibordan chetda qoldiradi shekilli, advokatga  «Toshkent viloyat sudiga murojaat etishingiz lozimligini ma’lum qilamiz», deya (2018-yil 1-oktyabr) javob yo‘llaydi.

Shundan so‘ng advokat ushbu yozishmalarni ilova etgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qiladi: ahvol shunday, muhtaram prokuror, bunga huquqiy baho berilmasa bo‘lmaydi, og‘riqli savol hamon ko‘ndalang: jazo ijro etilganmi-yo‘qmi?

Advokatning mazkur murojaatnomasi Bosh prokuraturadan (12.10.2018-y.) Toshkent viloyati prokuraturasiga, u yerdan (18.10.2018-y.) Toshkent maxsus prokuraturasiga, undan (28.10.2018-y.) Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi. Vazirlik bu xatni Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga yuborgan bo‘lsa kerak, u yerdan ( 24.11.2018-y.) xuddi avvalgidek javob keladi: «...Toshkent viloyat sudiga murojaat etishingiz lozimligini ma’lum qilamiz». Faqat bu safar shunday izoh izoh qo‘shilgandi javobda: «Eski tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 140-moddasi 5-qismi talablariga asosan, hukm chiqargan sud organi tomonidan hukm ijro etilgani yuzasidan yaqin qarindoshlarini xabardor qilishi belgilangan...»

Buni tushuntirishga hojat yo‘q edi aslida. Mahkum yaqinlari bunday tartibni bilgani uchun ham eng avval Toshkent viloyat sudiga murojaat qilgandi-da. Ahvolni ko‘rib turibsiz: sudda hukm ijro etilgani haqida ma’lumot yo‘q, IIV ning tegishli bosh boshqarmasi esa «sudga boringlar», deyishdan charchamayapti...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring