Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Foto: «Sputnik»

10-may kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori qabul qilindi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmatiga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.

Qaror O‘zbekistonda inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishiga qaratilgan. Unga ko‘ra:

Birinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlangani, har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish, biron-bir jazo qo‘llanishi bilan qo‘rqitgan holda ishlarni bajarishga majburlashni taqiqlovchi normalar mustahkamlanganini e’tiborga olib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari, barcha darajalardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga quyidagilar belgilab berildi:
fuqarolarni, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va bunga chek qo‘yish;

— fuqarolarni, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta’lim muassasalari o‘quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi;
avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’yektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlandi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga:

fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash topshirildi.

Uchinchidan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga:
a) xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash, biron-bir shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi normalari amalga oshirilishini nazorat qilish choralarini kuchaytirish;
b) Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston fermer, dehkon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:

davlat organlari, shu jumladan, mahalliy davlat organlarining, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ishlari qizg‘in davrda xodimlarning huquqlari hamda manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha faoliyati yuzasidan tizimli monitoring olib borish;

— o‘tkazilgan monitoring yakunlari bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etgan holda, xususan, hududlarda ommaviy eshituvlar tashkil etilishini ta’minlash, bunda majburiy mehnatdan foydalanishning har bir holati, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida muhokama qilinishi belgilandi.

To‘rtinchidan, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga:

— jamoa shartnomasi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, xususan, majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish borasida tashkilotlardagi kasaba uyushmalari boshlang‘ich bo‘g‘inlarining javobgarlik choralarini kuchaytirish;

— majburiy mehnat holatlari aniqlangan taqdirda ular to‘g‘risida prokuratura organlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalariga zudlik bilan ma’lum qilish;

— boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikda ushbu sohadagi jamoatchilik nazoratini faollashtirish.

Beshinchidan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda:

— fuqarolarni majburiy jamoat ishlariga noqonuniy jalb qilish yoki har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish;

— Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi vakolatlarini kengaytirish, shu jumladan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan mehnat qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirishga doir vakolatlarini kengaytirish vazifalari topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring