Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari maoshi oshirilyapti

Maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari maoshi oshirilyapti

Maktab direktori va uning o‘rinbosarlari hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari ish haqi miqdorlari oshirilmoqda.

Bu borada Prezidentning tegishli farmoni qabul qilingan.

Qayd etilishicha, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshirilib, bog‘chalar direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari III va IV guruhdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi.

Bu bilan esa respublikadagi 10 mingdan ortiq maktab direktorlari, 7 mingga yaqin bog‘cha direktorlari hamda 35 mingga yaqin maktab direktor o‘rinbosarlarining ish haqi miqdorlari oshirilishiga erishiladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.

Tuman bo‘limlarida esa qo‘shimcha shtatlar ajratiladi va bu o‘quvchilar bilimini baholashni monitoring qilish, o‘quvchilarga xorijiy til va kasbga o‘rgatish vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli lavozimlarni joriy etish imkoniyati yaratadi.

Shu bilan birga, hududiy bo‘linmalar xodimlaringning ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish joriy etilmoqda (Vazirlik tizimidagi qariyb 15 ming nafar boshqaruv xodimlariga ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi).

Maktab xodimlari mukofot puli miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha (amalda 50 foizgacha) miqdorida etib belgilanmoqda.

Yana bir muhim o‘zgarish – maktablarning bo‘sh turgan binolari ijarasidan tushgan mablag‘larning ulushi 75 foizi o‘sha maktab rivojiga sarflanadigan bo‘ladi (ilgari 40 foiz edi).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring