Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ma’muriy jarimalar miqdorini belgilashning aniq mexanizmi yo‘q – Strategik islohotlar agentligi

Ma’muriy jarimalar miqdorini belgilashning aniq mexanizmi yo‘q – Strategik islohotlar agentligi

Strategik islohotlar agentligi ma’muriy choralar va ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini o‘rgandi.

Agentlikka ko‘ra, bugungi kunda ma’muriy jarimalar miqdorini belgilash mexanizmlarining yo‘qligi sodir etilgan huquqbuzarlikka nomutanosib bo‘lgan jarima solinishiga sabab bo‘lmoqda.

«Ushbu yo‘nalish tartibga solinmaganligi bois manfaatdor davlat organlari tomonidan jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqishga doir qonun loyihalarini tashabbuskorlik bilan ishlab chiqish holatlari ko‘payib ketdi», – deb yozmoqda agentlik.

O‘z o‘rnida, agentlik avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirganlik uchun nazarda tutilgan 8,5 mln so‘mlik jarima belgilanganda, ruxsatnomaning narxi 11-13 mln so‘m bo‘lgani, biroq bugungi kunda ruxsatnoma 2,7 mln so‘m etib belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, jarima miqdori o‘zgarishsiz qolganini eslatadi.

«Qozog‘istonda avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun o‘rnatilgan jarima 468 ming so‘mni, Rossiyada – 60 ming so‘mni, Belarusda – 138 ming so‘mni tashkil qiladi.

Ta’kidlash joizki, fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti xavfsizligi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirish uchun belgilangan jarimalardan ustuvorlik jihatidan muhimroq hisoblanadi”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

Agentlikning YTHlar va ularda halok bo‘lgan fuqarolar borasida keltirgan raqamlariga ko‘ra, birgina 2023-yilda 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, shulardan 9 209 tasida fuqarolar jabr ko‘rgan, 2 282 tasi esa odam o‘limiga sabab bo‘lgan.

Shu bois, Agentlik fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti xavfsizligini ta’minlash maqsadida inson hayoti va sog‘lig‘iga bevosita daxldor bo‘lgan YTHlar uchun belgilangan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish va og‘irlashtirish zarur (piyodalar yo‘laklarida transport vositalarida harakatlanish (170 ming so‘m), piyodalar yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi (113 ming so‘m), deb hisoblaydi.

Ma’lumot uchun, Germaniyada piyodani o‘tkazib yubormaganlik uchun belgilangan jarima miqdori 1,1 mln so‘m, Buyuk Britaniyada – 1,6 mln so‘m, Fransiyada – 1,85 mln so‘m, BAAda – 1,7 mln so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy jazoning alohida turi sifatida «ogohlantirish» institutini kiritish ham taklif qilinmoqda.

«Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator mamlakatlarda (Belarus, Latviya, Qozog‘iston, Rossiya, Germaniya, Italiya) ma’muriy jazoning alohida turi sifatida «ogohlantirish» instituti joriy qilingan. «Ogohlantirish» jismoniy va yuridik shaxslarning sog‘lig‘i, hayoti va mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (23-modda) muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun 7 turdagi ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin. Biroq ma’muriy jazo turi sifatida «ogohlantirish» qo‘llanilmaydi», – deyiladi maqolada.

Shu munosabat bilan Strategik islohotlar agentligi tomonidan ayrimtakliflar ishlab chiqildi.

Joriy ma’muriy jarimalar miqdorini ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini tekshirish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish masalasini ko‘rib chiqish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks normalarining korrupsiyaga qarshi kompleks ekspertizasini o‘tkazish  hamda MJtKga ma’muriy jazoning alohida turi sifatida «ogohlantirish» institutini kiritish, shular jumlasidan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring