Mashinadan o‘zini tashlagan qiz o‘g‘irlanmagan – poytaxt IIBB

Ijtimoiy tarmoqlarda qiz harakatdagi avtomashina eshigini ochib sakragani aks etgan video tarqaldi.
Ayrim ijtimoiy tarmoq faollari ushbu holatda qiz go‘yoki o‘g‘irlab ketilayotganini aytishgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati aniq va rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea shu yilning 7-iyul kuni soat 11.00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik ko‘chasida sodir bo‘lgan. 2001-yilda tug‘ilgan X.A. «Nexia» rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, oldindan tanishi bo‘lgan 2006-yilda tug‘ilgan B.J. bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida tortishib qoladi.
So‘ng B.J. harakatlanib ketayotgan avtomashina eshigini ochib, yo‘l qatnov qismiga sakragan. Shu hududda xizmat olib borayotgan tuman IIO FMB xodimlari zudlik bilan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib borgan.
Birlamchi tibbiy ma’lumotga ko‘ra, fuqaroga «peshona va chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi hamda teri osti gematomasi» tashxisi qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter