Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maymunlar orasida o‘sgan qiz...

Maymunlar orasida o‘sgan qiz...

Foto: sun’iy intellekt

Kolumbiya. 1950-yillar. Changalzorning qayeridadir to‘rt yoshlar chamasidagi qiz yolg‘iz qolgan. Uning ismi Marina Chapman edi. Qiz qanday qilib o‘sha yerga tushib qolgani haqida keyinchalik turli tafsilotlarni eslagan. Nima bo‘lganda ham, u bir necha yil davomida odamlarsiz, yovvoyi tabiat bag‘rida yashagani aniq edi.

Qo‘rquvdan kuchli nima bor?

Uy yo‘q. Ota-ona yo‘q. Ovqat pishirib beradigan odam yo‘q. Ko‘rpa-to‘shak yo‘q. Eng dahshatlisi, bolaligida unga yordam beradigan birorta inson ham yo‘q edi. Ammo changalzorda qiz butunlay yolg‘iz qolmadi. Uning yonida... maymunlar bor edi.

Marinaning keyingi xotiralariga ko‘ra, maymunlar to‘dasi uning tirik qolishiga yordam bergan. Qiz ularni kuzatib, nima yeyish, qayerda yashirinish va xavfdan qanday qochishni o‘rgangan.

U avval qo‘rqqan. Har bir shovqin – xavf-xatar, har bir harakat – notanish edi. Ammo ochlik qo‘rquvdan kuchliroq chiqdi. Qiz maymunlarni kuzata boshladi. Ular nimani yesa, Marina ham shuni yeyishga harakat qildi. Maymunlar qayerga qochsa, qiz ham ortidan yugurdi. Ular qayerda tunasa, Marina ham o‘sha yerga joylashdi.

Vaqt o‘tishi bilan qiz tabiatning qoidalarini o‘rgandi. U tabiatni o‘zining ustoziga aylantirdi. Marinaning dunyosida «uy», «maktab», «oila» degan tushunchalar tobora xiralashib borardi.

Changalzor qonunlari

Marinaning aytishicha, maymunlar unga oddiy hayvonlardek emas, to‘da a’zosidek munosabatda bo‘lgan. Qiz ular bilan birga yurgan, xatti-harakatlarini takrorlagan. Ulardan ovqat topishni o‘rgangan. Qisqasi, maymunlarga taqlid qilgan. Bu inson bolasi uchun g‘oyat g‘ayrioddiy holat edi. Chunki kichik bola kim bilan yashasa, o‘sha muhitning xatti-harakatlarini juda tez o‘zlashtiradi. Marinada ham shunday bo‘ldi. U odamlar dunyosidan uzoqlashib, hayvonlar dunyosiga moslashdi.

Eng qo‘rqinchli o‘zgarishlardan biri – nutq edi. Odamlar bilan muloqot bo‘lmagani bois Marina ona tilidan foydalanish imkoniyatini deyarli yo‘qotgan. Uning uchun so‘zlar emas, harakatlar muhim edi. Masalan, qaysi tomonga qarash, qachon qochish, yashirinish, qanday ovqatni yeyish... Marinaning miyasi maktabdagi darslarni emas, tirik qolishni o‘rganardi.

Bir necha yildan keyin Marinaning yovvoyi tabiatdagi hayoti tugadi. Ammo bu uning baxtli hayoti boshlanganini anglatmasdi. Aksincha... eng og‘ir davr endi boshlanayotgan edi. Chunki changalzorda u tabiat qonunlarini bilardi. Odamlar orasida esa hech nimani bilmasdi. Marina bu qavmning tilini tushunmas, odatlarini bilmasdi. O‘zini qanday tutish haqida tushunchaga ega emasdi.

Yana bir dahshat

Marinaning hayoti yana bir necha og‘ir burilishga uchradi. Keyingi xotiralariga ko‘ra, u odamlar qo‘liga tushganidan so‘ng ham xavfdan qutula olmagan. Qiz, hatto o‘z qavmi tomonidan sotib yuborilgani va ekspluatatsiyaga uchraganini aytgan. Eng hayratlanarlisi, Marina yana qochib ketgan. Ammo bu safar changalzorga emas, shaharga. U daraxtlarga chiqish, yashirinish va odamlardan qochishni uddalardi. Chunki hali ham o‘zini to‘liq insonlar dunyosiga tegishli deb his qilmasdi.

Keyinchalik Marinaning taqdirini o‘zgartirgan ayol paydo bo‘ldi. U qizni odamlar dunyosida yashashni asta-sekin o‘rgatdi. Marina boshqalar bilan gaplashish, o‘zaro munosabatda bo‘lish, ovqat pishirish, kiyinish, oddiy hayot kechirishni o‘zlashtirdi. Bir vaqtlar daraxt shoxlarida tunagan qiz endi oddiy uyda yashashga mahkum edi. Ammo o‘tmish uni hech qachon tark etmadi.

Marinaning eng ta’sirli xotiralaridan biri shu ediki, u odamlar orasiga qaytganidan keyin ham o‘zini to‘liq erkin his qilmagan. Chunki bolaligida Marinaning dunyosi butunlay boshqacha edi. U yerda hech kim bu qizdan pul so‘ramasdi. Hech kim yolg‘on gapirmasdi. «Sen bunday bo‘lishing kerak», demasdi. Uning uchun hayot juda sodda edi:
och bo‘lsang – ovqat top. xavf bo‘lsa – qoch, charchagan bo‘lsang – uxla.

Odamlar dunyosi esa ancha murakkab edi.

Foto: https://www.epochtimes.ru/

Marina keyinchalik o‘z hayoti haqida kitob ham yozdi. Uning hikoyasi ko‘plab odamlarni hayratga soldi. Ammo olimlar va tadqiqotchilar bu kabi xotiralarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini ta’kidlaydi. Chunki voqealar sodir bo‘lganidan o‘nlab yillar o‘tib aytilgan bolalik xotiralarining barcha tafsilotlarini mustaqil ravishda tekshirish oson emas. Shu bois Marinaning «maymunlar meni boqdi» degan hikoyasini so‘zsiz isbotlangan ilmiy fakt sifatida emas, balki uning shaxsiy xotiralari va keyingi intervyulariga asoslangan g‘ayrioddiy hayot tarixi sifatida qabul qilish to‘g‘ri bo‘ladi.

Maugli qahramon edi, Marina esa – haqiqiy odam

«Maugli»da bola o‘rmondan chiqib, odamlar dunyosiga qaytib keladi. Marinaning hayotida ham shunga o‘xshash voqea bor. Ammo farq juda katta. Maugli – yozuvchi Redyard Kipling yaratgan badiiy qahramon. Marinaning tarixi esa haqiqiy insonning o‘z hayoti haqida bergan xotiralariga asoslangan.

Va eng og‘ir savol esa shu bo‘lib qoladi: tabiat bag‘rida hayvonlar orasida tirik qolgan qiz nima uchun keyin insonlar orasida yana-yangi xavflarga duch keldi? Balki bu hikoyaning eng alamli joyi ham shundadir: Marina changalzorda odamlarsiz yashashni o‘rgandi. Ammo odamlar orasiga qaytgach, yana odam bo‘lib yashashni o‘rganishiga to‘g‘ri keldi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring