Melaniya Tramp BMT XK yig‘ilishiga raislik qiladi. O‘zbekiston uchun muhim kun
BMT Xavfsizlik kengashining 2-mart kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi AQSh prezidentining rafiqasi Melaniya Tramp raisligida o‘tadi. Bu haqda AQShning BMTdagi doimiy vakili Mayk Uols ma’lum qildi.
«Biz tarix yaratyapmiz! Melaniya Tramp AQSh tarixida Xavfsizlik kengashida raislik qiladigan ilk birinchi xonimga aylanadi. Bu Amerikaning Kengashdagi raisligining ilk kunida yuz beradi. BMTni yana buyuk qilamiz!» — deb yozdi Uols o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Ma’lumot uchun: BMT Xavfsizlik kengashidagi muvaqqat raislik 1-martdan boshlab bir oy muddatga AQShga o‘tadi. Fox News telekanalining qayd etishicha, tarixda ilk bor AQSh prezidentining rafiqasi yoki umuman biror bir dunyo yetakchisining turmush o‘rtog‘i Xavfsizlik kengashi yig‘ilishiga raislik qiladi. Melaniya Tramp yig‘ilishda global tinchlikni ta’minlashda ta’lim va ma’rifat tizimining ahamiyati haqida nutq so‘zlashi kutilmoqda.
Muhim ma’lumot: 2-mart O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega kun — 1992-yilning xuddi shu sanasida BMT Bosh Assambleyasining 46-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasini tashkilot a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi rezolyusiya bir ovozdan ma’qullangan. Melaniya Tramp BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qiladigan kun (2-mart) O‘zbekistonning BMTga a’zo bo‘lganiga roppa-rosa 34 yil to‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter