Men arazlagan va faxrlanadigan film

Yaqinda internet saytlaridan birida «Chinor ostidagi duel» filmi Forish tumanining Qoratosh qishlog‘ida suratga olingani haqidagi xabarni o‘qib qoldim. Bu maqola muallifi kichik xatoga yo‘l qo‘ygan. «Filmning ayrim kadrlari Qoratosh qishlog‘ida suratga olingan», desa to‘g‘riroq bo‘lardi. Chunki, fikri ojizimcha, «Chinor...»ning 60-70 foizi bizning Turbat qishlog‘imizda suratga olingan. Qolgan kadrlari Toshkent (Navoiy teatri oldidagi favvora), Bo‘stonliq va Qoratoshda suratga olingan.
1978-yilning bahorida qishlog‘imizda eshigiga «O‘zbekfilm» ramzi tushirilgan mashinalar paydo bo‘ldi. O‘sha vaqtda 94-hunar texnika bilim yurti tuman markaziga ko‘chgan, yotoqxonalari bo‘shab qolgan edi. Qishlog‘imizdagi mana shu dargohlarga artistlar kelib joylashdi. To‘g‘ri, ular har kuni bu yerda bo‘lmasdi. Toshkent yaqin bo‘lgani uchun qatnab ishlashardi.
Hamza Umarov, Obid Yunusov, Klara Jalilova va boshqa taniqli aktyor va aktrisalarni o‘shanda ko‘rganmiz. U vaqtlarda tirik artistlarni ko‘rish faxr bo‘lgan.
Ammo sinfdoshlarim uchun baribir edi. Men ularning yuzidagi befarqlikni ko‘rib hayron bo‘lardim: «Axir qishlog‘imizga falonchi artist keldi-ku?»
Esimda, yakshanba kunlari mashhur-u, nomashhur artistlar qishloq bozorini aylanib yurishardi. Ularga deyarli hech kim e’tibor bermasdi. Shunchaki qishloqdoshlari oddiy xaridor sifatida ko‘rishardi.
Faqat partadoshim rahmatli To‘lqin bir kuni menga «Hamza Umarov eski chopon kiyvolib kun mobaynida qo‘y boqqani»ni to‘lqinlanib aytgan edi. Sinfdoshim Komil Toshev «Obid Yunusov Klara Jalilova bilan uyimizdagi so‘rida «Mushtum» o‘qiganini ko‘rdim», deganda, uning gapini oddiy gapdek qarshi olishgani hamon ko‘z o‘ngimda.
Filmdagi bo‘ri bolasi bilan suratga tushgan, ammo tirik artistlar bilan bunday qilolmagan bo‘lsa-da, do‘stlarim Arabboy va adashim Sharofiddinlar tirik artistlar bilan yuzma-yuz ko‘rishganini hamon faxrlanib aytib yurishadi.
«Gaz-53» mashinasida sun’iy chaqmoq chaqtiriladigan jihozlar olib kelingani, may oyida kuzatilgan momaqaldiroq sun’iymidi yoki tabiiymi, bu hamon men uchun jumboq.
«Chinor ostidagi duel» 1978 yilda suratga olingan, montaj ishlari 1979 yili tugallanib ekranlarga chiqarilgan edi. Ammo qishlog‘imiz kinomexanigiga har qancha iltimos qilmaylik, filmni olib kelmagan. Keyinchalik televizorda namoyish qilinganida tomosha qilganman.
Film suratga olinayotganida hamqishloqlarim hissiyotga berilmay befarq bo‘lsa, kinoni ko‘rib, men shu holga tushdim. Chunki filmda qishloq nomi aytilmagan, qishloq odamlari ruhi ochib berilmagan, birorta turbatlikning yuzi ko‘rinmagan, hatto kolxozchilar rolini ham aktyorlar ijro etgan edi. Qo‘ylar va bitta otdan tashqari qo‘shnimiz Yo‘ldosh akamning press ortayotgan traktorigina aks etgan edi unda.
Shunda bildimki, Forish uzoq bo‘lgani sabab, mablag‘ni tejash maqsadida s’yomka uchun Toshkentga yaqin atrofdagi qishloq tanlangan ekan. To‘g‘ri ham qilingan.
Yillar o‘tdi. Kinoga nisbatan «arazim» barham topib, har gal namoyish etilsa, tomosha qilishga intilaman. «Bu bizning qishloq manzaralari», deya faxrlanib ham qo‘yaman. Chunki «Chinor ostidagi duel» mening bolaligimni esga tushiradi.
Sharofiddin To‘laganov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter