Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mening o‘g‘lim urushga bormas edi» (hikoya)

«Mening o‘g‘lim urushga bormas edi» (hikoya)

Muhojir bolasini tobutda qarshilagan ona

Lojis! Na zemlyu! – qayerdandir qo‘lida qurol bilan paydo bo‘lib qolgan Rossiya politsiyasi xodimi Sardorning orqa oyoqlari tizza qismiga zarb bilan tepdi.

«Dostavkachi»lik ortidan kun ko‘rayotgan Sardor nima bo‘layotganini anglamay qoldi. Uni buyurtma bergan mijozga tegishli ovqatning yer bilan bitta bo‘lib yotgani tashvishga soldi. «Shunday-da ham bir haftadan beri betob bo‘lib, ishga chiqolmay yotgandim. Shefimga nima deyman? Yana ishsiz qolamanmi?! Nima bo‘ldi ekan, o‘zi?!» – Sardorning ichidan zil o‘tib, bir zumda miyasida turli o‘ylar charx urdi.

Kutilmaganda och biqiniga kelib tushgan oyoq tepkisidan ingrab yubordi.

Za chto, aka?! – qo‘lini boshining orqasiga majburan qo‘ydirilgan ko‘yi so‘radi Sardor.

Kakoy yeщyo «aka?!» Von, smotri – eto chto?! Narkotiki, da! Narkoman, chyort! – so‘kindi politsiyachi.

Ikki oyog‘ining orqa qismidan ayamay bosib turgan politsiyachi qo‘lidagi qora paketni unga ko‘rsatib, nimalarnidir ro‘kach qilardi.

Eto ne moyo, akajon! Vot eto – moyo! – Sardor yerga sochilib, to‘kilib yotgan ovqatlarni nigohi bilan ko‘rsatdi politsiya xodimiga.

Xa! Ya tebe seychas dokaju, chto eto ne tvoyo! Tfu!

Bir nechta politsiya xodimlari endigina 21 yoshga to‘lgan buxorolik muhojir Sardorni kuch bilan xizmat mashinasida olib ketishdi. Sardorning ko‘zlari ortda – uni eshigi oldida kuzatib turgan buyurtmachining quv nigohlarida qoldi...

***

Sardor 19 yoshga kirgan yili muhojirlik to‘nini yelkasiga tashlab, Buxorodan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga ishga ketgandi. U uyda yolg‘iz o‘g‘il edi. Har kuni ertalabdan kechgacha qurilishda ishladi. Ish beruvchilar unga pasport emas, «ishni yaxshi qil» deb qarardilar. «Patent yo‘q», deb jarima soldilar. Qo‘li og‘rib, oyog‘i shishib qolgan kunlarda u onasiga telefon qilib:

– Ona, hech narsa bo‘lmaydi, bir yilda qarzlardan qutilamiz, uylar olamiz, singlimni turmushga uzatamiz, – derdi.

Har oyda 300-400 dollar yuborishga harakat qilardi. Bir marta: «Ona, singlimning to‘yi uchun ozroq yiqqandim. Ammo, sog‘ligim biroz qiynayapti. Davolanib olay, keyin ishlab, yana jo‘nataman», – dedi.

Onaizor o‘shanda ko‘zlariga yosh olgan.

Sardorning yuragida katta niyatlar yashardi. Muhojirlik uning uchun oson kechmadi. Politsiyadan qochgan kunlari ham ko‘p bo‘lgan. «Registratsiya yo‘q», «Patent muddati o‘tgan», degan tekshir-tekshirlardan o‘ta charchagandi.

Qurilish ishlari Sardorning jussasiga biroz og‘irlik qildimi, sog‘ligi pand berdimi, u keyingi uch oydan beri «dostavkachilik» bilan shug‘ullandi.

O‘g‘lim, ehtiyot bo‘l. O‘zingni asra, bolam. Rossiya ham alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib qoldi. Bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketma, bolam. Urush tuzoqlaridan ehtiyot bo‘l! Yaxshisi, qayta qol, o‘g‘lim! – zorlandi onaizor.

Xabarim bor, onajon. Urushda ishtirok etish — O‘zbekiston Qonunchiligi bo‘yicha jinoyat hisoblanishi haqidagi eslatmalar ham yod bo‘ldi, onajon. Ammo, ozgina fursat bering. Osonroq ishga o‘tdim. Dostavkachilik qilyapman. Hech kimga ziyonim tegmaydi. Xavotir olmang! – degandi u onasiga.

Ona biz bilan suhbatda o‘qchib-o‘qchib yig‘larkan, yelkasi uzra xiyla to‘kilib turgan ro‘molining uchi bilan ko‘z yoshlarini artadi. Uzoq xayollarga cho‘mib, sekin pichirlab so‘zlaydi.

Uning so‘ziga ko‘ra, Sardor qamoqda o‘zini yo‘qotmaslik uchun kundalik yozishni boshlagan. Har bir sahifa uning ichki olamidagi kurashning bir parchasi bo‘lgan. Hartugul, shu kundaliklarini tobutga qo‘shib, kamzullari cho‘ntagiga solingancha jo‘natishgan.

«Bugun onamni tushimda ko‘rdim. Har gal menga qarab yig‘lardi. Uyimizning eshigi ochiq edi. Hali uylanmaganim qo‘shni qizu hali tug‘ilmagan farzandlarim uning ortidan yugurishardi… Kameradagi har bir kecha – sinov. Qo‘shni mahkumlar tomonidan kelgan tahdidlar, cho‘chib uxlashlar, oshxonadagi sovuq taomlar va hech kim bilan bo‘lisholmaydigan yurak og‘rig‘i... tuyqus meni cho‘chitib uyg‘otdi. Hafsala bilan kameraning temir eshiklariga osildim. Bu baqir-chaqirlarim kimgacha va qayergacha yetib borardi. Taqdirning ayovsiz burilishlarida yuragi, jismi kuygan muhojirgina bolangizni kechiring, kechiring, onajon!»

Suhbatdosh chuqur «uh» tortib, yana so‘zida davom etadi.

– Uzoq bir kechada, u menga qo‘ng‘iroq qildi. Titroq ovozda: «Ona, meni to‘xtatishdi… Narkotik, deb ayblashmoqda… Men bilmayman, u qayerdan keldi… Meni qamashdi…» O‘g‘limning bu gapi ikki dunyoyimni kuydirdi. O‘sha tuni bilan qo‘llarimni ko‘klarga cho‘zib, duolarda bo‘ldim: «Yo, Rabbim, yolg‘on ayb bo‘lsin. Sardor mening bolam – undan bunday narsa chiqmaydi... Keyin u yo‘qoldi. Ovozi ham, xabari ham. Undan keyin kelgan birinchi xabar – uning urushga olib ketilgani bo‘ldi. Keyingi xabar esa – uning tobuti, – zorlanib yig‘ladi onaizor.

Onaning aytishicha, xorijda uning o‘g‘liga nisbatan nohaq tuhmatlar bo‘lgan.

Mening o‘g‘lim urushga bormas edi. Rossiyaning urushlariga mening bolamni nima uchun olib ketishdi? Sardorim faqat ishlashni, uylar qurishni bilardi, baxt topishni xohlagandi. Men har kuni o‘g‘limning eski ish formasini ushlab yig‘layman. Undan mehnat hidi keladi. Har kuni u yuborgan kamzulga munchoqlar tikaman. U muhojir edi. U askar emas. Muhojirlar – faqat ishchi kuchi emas. Ular inson. Ular farzand. Ular hayot uchun kurashchilar. Sardor O‘zbekistonni sevardi: so‘nggi 3-4 yil o‘z yurtida, garchi, jismi bilan yashamasa-da, ruhi bilan, ko‘ngli bilan sog‘inardi Buxoroni. Rus tilini eplab gapirolmasdi, to‘g‘risi. Qamoqda qancha kun, qancha oy «o‘tirdi» – bilmayman. U yerda uni nimaga majburlashdi – faqat o‘zi va Alloh biladi. Keyin Rossiya-Ukraina urushida qamoqdagi muhojirlarni frontga olib ketishyapti, deb eshitdim. Ba’zilari «ixtiyoriy», deb yozilgan qog‘ozga qo‘l qo‘yishga majbur qilinayotgan ekan. Urushdan qaytganlar yo‘q, dedilar. Urushga kerak bo‘lgan jon – mening Sardorimning joni bo‘ldi. Urushda kerak bo‘lgan narsa – Sardorimning qo‘li, Sardorimning ko‘zi, Sardorimning umidlari bo‘ldi. Men har kuni bolamning rasmiga qarayman. U hali yosh edi. Hali baxt ko‘rmagan edi. Eng navqiron davrini muhojirlikda yashadi, urushda halok bo‘ldi, tobutda qaytdi, – o‘g‘lining suratini quchib yig‘ladi onaizor.

***

Sardor urushni tanlamagan edi. U hech qachon qo‘liga avtomat olmoqchi bo‘lmagan. U mehnat qilmoqchi edi. Onasiga uy qurib bermoqchi, singlisini to‘ylar qilib uzatmoqchi edi. «Otam yo‘qligini bildirmayman singlimga, ona! Ota o‘rnida baxt uyiga o‘zim yetaklab boraman... Ha, aytmoqchi, erkatoy qizingizdan tezroq «qutilsak», navbat menga, chiroyli bir qiz-kelin xizmatingizga keladi», – derkan hazillashib, onasi bilan telefon orqali suhbatlarda Sardor.

Sardor qamoqdan chiqayotganda, urushga ixtiyoriy borishni yozma ravishda «tanlagan». Aslida, bu ixtiyoriylik emas – bu uning tanlovi bo‘lmagan.

Sardorni oldin jangga o‘rgatish markaziga olib borishdi. Qo‘liga qurol tutqazib: «Teper ti ne migrant, ne zaklyuchyonniy. Ti – soldat!» – dedi unga kapitan.

Uni urush ko‘p jabrladi. Og‘riqlar, jangdoshlarining qurbonligi, hech kimga ma’lum bo‘lmagan yong‘inlar, portlashlar uning qalbini sinadi, orzularini sindirdi.

«Har bir onaga tinchlik, har bir bolaga tinch mehnat, adolat, qadr va hayot tilayman», –o‘g‘lining suratiga termulgancha ko‘zda yosh bilan so‘zladi ona.

 

Laylo Hayitova

 

Ma’lumot o‘rnida:

2022-2023 yillarda, Rossiya-Ukraina urushi avj olgan davrda, Rossiya qamoqxonalaridagi chet el fuqarolarining frontga jalb qilinishi haqida xalqaro axborotlar tarqalganidan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining hech qanday harbiy harakatlarda ishtirok etmasligi lozimligi xususida rasmiy ogohlantirishlar, urushda ishtirok etish – O‘zbekiston Qonunchiligi bo‘yicha jinoyat hisoblanishi haqida bir necha marta rasmiy bayonotlar berildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston elchixonalari va konsulliklari Rossiyadagi fuqarolarni nazorat qilish, ularga huquqiy yordam berish, qamoqdagi muhojirlar bilan bog‘liq ishlarni olib borishga harakat qilmoqda. Ammo, bu faoliyat to‘liq va samaralimi? Aniq yechimlar va fuqarolarni himoya qilish darajasi qanday?

Ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot aytilayotgandek, muhojirlarni urushdan himoya qilish bo‘yicha amaliy harakatlar yetarlimi? Rossiyada qamoqda o‘tirgan, noxaq ayblangan yoki urushga jalb qilingan o‘zbekistonliklar haqidagi alohida tekshiruvlar, xalqaro bosimlar yoki jamoatchilikni jalb etgan tashabbuslar-chi?! Yaqinda BBC va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekistondan 66 kishining Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tarafida qatnashib, halok bo‘lgani xususida xabarlar yoritildi

Aytish joizki, O‘zbekiston rasmiylari tomonidan Rossiyaga migrantlarga nisbatan to‘g‘ri munosabat va huquqni himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha diplomatik nota yuborildi. Ammo, amaliy choralar, muhojir fuqarolarga yuridik yordam va ommaviy asosda ma’lumot yetkazish borasida jamoatchilik va mustaqil tashkilotlar faolligi yetarli emasdek. Muhojirlarni himoyalash borasida urushda ishtirok etishni ta’qiqlash haqida bayonotlar berilayotgani amalda ham namoyon bo‘lib, ularni himoya qilish darajasi yanada kuchayishi muhim. Shu o‘rinda, davlat institutlaridan tashqari, jamoatchilik faolligi, mustaqil jurnalistika va huquqni himoya qilish tashkilotlari orqali bu holatlar ma’lum darajadagina yoritilmoqda. Demak, yuqorida so‘z yuritilgan bayonotlar O‘zbekiston muhojirlari uchun mustahkam himoya qo‘rg‘oni bo‘lib xizmat qilishi kerakligi kun talabiga aylanishi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring