Merosni qaytarish missiyasi: Londondagi nodir eksponatlar

Londondagi Dovud Shoh kolleksiyasida Saljuqiylar sulolasi vakili — Abu Mansur ibn Sabuktekinga tegishli bo‘lgan kumush patnis saqlanmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishda O‘zbekiston madaniy merosiga oid muhim masalalardan biri — xorijdagi, xususan Buyuk Britaniyadagi xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan tarixiy eksponatlarni yurtimizga qaytarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Akademik Akbar Hakimov o‘z nutqida Londondagi bir qator art-dilerlar kolleksiyalarida saqlanayotgan Somoniylar, G‘aznaviylar, Xorazmshohlar, Qoraxoniylar, Temuriylar va O‘zbek xonliklari davriga mansub osori atiqalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Umumjahon darajasidagi durdona asarlarni olib kelishdan asosiy maqsad nafaqat zaminimiz tarixiy boyligini ortga qaytarish balki O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ichki ekspozitsiyasi ham tashqi mahobatiga mos bo‘lishini aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu asarlar jahon madaniy bozorlarida tarixiy qimmati va nodirligi bois katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Jumladan, Londondagi Dovud Shoh kolleksiyasida Saljuqiylar sulolasi vakili — Abu Mansur ibn Sabuktekinga tegishli bo‘lgan kumush patnis saqlanayotgani ma’lum qilindi. U Sulton Mahmud G‘aznaviyning ukasi bo‘lib, Markaziy Osiyo va Eron tarixida muhim siyosiy shaxs sifatida tanilgan. Bu kabi yodgorliklar nafaqat moddiy boylik, balki ma’naviy va ilmiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekistonning ushbu osori atiqalarni yanada chuqur o‘rganish va imkoni boricha yurtimizga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi lozimligini ta’kidlashdi. Shu bilan birga, mazkur kolleksiyalardan aniqlangan eksponatlarning raqamlashtirilgan nusxalarini Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyon etish tashabbusi ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontentini boyitish maqsadida 2025 yil 25 apreldan 2 mayga qadar Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Buyuk Britaniyaning London shahriga qilgan xizmat safari davomida dunyodagi mashhur "Sotheby’s" va "Christie’s" auksion uylaridagi savdolarda ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.
Xizmat safari davomida delegatsiya a’zolari ishtirok etgan savdo uylari auksionlarida kimoshdi savdosida O‘zbekiston madaniy merosiga, xususan, Islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda xonliklar davriga tegishli nodir osori-atiqalar ham borligi ma’lum qilinib, markaz ekspozitsiyasi uchun 46 ta lot saralab olingan edi.
Bu kabi sa’y-harakatlar milliy merosimizni asrab-avaylash, qayta tiklash va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter