Metroning «irqiy» nomi rus bastakori nomiga almashtiriladi — Germaniya
Germaniyaning «BVG» transport kompaniyasi Berlindagi irqiy ma’noni beruvchi «Morenshtrasse» («Mohrenstraße») metro stansiyasi nomi «Glinka ko‘chasi» («Glinkastraße»)ga o‘zgartirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Kompaniya o‘z bayonotida irqchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi ekanini ma’lum qildi.
1908-yilda ochilgan ushbu metro stansiyasi «Morenshtrasse» nomini 1991-yilda olgan. Har yili 23-avgustda — Qullar savdosi bekor qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro sanada shu nomdagi ko‘chada odamlar namoyishga to‘planib, ko‘cha va shu nomdagi metro stansiyasi nomini o‘zgartirishni talab qilib kelishayotgandi.
Yaqinda noma’lum shaxslar ko‘cha va metro stansiyasi nomi yozilgan ko‘rsatkichlarning bir qismiga bo‘yoq chaplab, antifashistik mazmundagi belgilarni qoldirib ketishdi. Aynan «Mohren» so‘zi bo‘yab tashlangan — 18-19-asrlarda ayrim nemis saroylarida ishlatilgan qora tanli qullarni shu nom bilan atashgan.
Eslatib o‘tamiz, irqchilikning har qanday shakliga toqat qilmaslik harakati AQShda qora tanli fuqaro Jorj Floyd politsiya xodimi tomonidan o‘ldirilganidan so‘ng aksariyat mamlakatlarda avj oldi. Bu jarayondan chetda qolishni istamagan «Twitter» kompaniyasi o‘z dasturiy kodlaridan «qora ro‘yxat», «xo‘jayin» va «qul» kabi atamalarni olib tashlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter