Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«117 ta application, strategik qaror va London yoki Istanbul» – Microsoft’dagi o‘zbek yigiti hikoyasi

«117 ta application, strategik qaror va London yoki Istanbul» – Microsoft’dagi o‘zbek yigiti hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Qo‘shma Shtatlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh vatandoshimiz Orzumand Xodiyev.

Xabaringiz bor, avvalroq Microsoft’dagi o‘zbek dasturchisi Og‘abek Yo‘ldoshev bilan intervyu e’lon qilingan edi. Qahramonimiz Orzumand ham hozir Microsoft’da mahsulot menejeri bo‘lib ishlaydi.

Suhbatdoshimiz Janubiy Florida universitetida bakalavr, Dallasdagi Texas universitetida magistratura bosqichini tamomlagan. Bir muddat Amazonda biznes-tahlilchi sifatida ishlagan.

Bolaligim o‘qish va sport bilan shug‘ullanishda o‘tgan

Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sganman. 6 yoshimda 50-sonli maktabga qatnay boshladim. Bolalik yillarim asosan o‘qish, LEGO to‘plamlarini yig‘ish, futbol va tennis kabi sport turlari bilan shug‘ullanishda o‘tgan.

Qo‘shma Shtatlarga kelishim juda qiziq hikoya. 16 yoshimda yoz fasli Buyuk Britaniyaga o‘zim sayohat qilish baxtiga muyassar bo‘ldim. O‘sha sayohat mustaqil qaror qabul qilish va har qanday holatda ham o‘zimni boshqara olishimni ko‘rsatuvchi omil bo‘ldi.

Shunday qilib, Toshkentga qaytib kelganimdan so‘ng, xorijda ta’lim olish imkoniyatlarini izlay boshladim. Ammo xorijiy oliygohlarga hujjat topshirish va ta’limimni moliyalashtirishga stipendiya olish uchun zarur shartlardan biri – yuqori IELTS ballga ega bo‘lishim kerak edi. Keyin «IELTS imtihonidan yuqori ball olish» bo‘yicha 3 oylik reja tuzdim va tayyorgarlikni boshladim. Natija esa, yomon bo‘lmadi.

Endi sizning asosiy savolingizga qaytadigan bo‘lsam, sabablar ko‘p, bir nechta asosiylarini aytib o‘tmoqchiman:

  • Ta’lim sifati;
  • O‘qishni tugatgandan so‘ng yaxshi ishga kirish imkoniyati;
  • Mutlaqo boshqa mamlakatdagi hayotni ko‘rish va his qilish;
  • Yetarli darajadagi stipendiya.

AQShda joylashgan muassasalar tanlash uchun keng doiradagi mutaxassislik yo‘nalishlari va moliyaviy yordam beradi. Siz AQShda hayotingizni noldan boshlab qurishingiz va muvaffaqiyatli shaxs bo‘lishingiz mumkin. Umuman olganda, haqiqatan ham bu yer imkoniyatlar mamlakati.

Marketing, keyin siyosatshunoslik fanlari bo‘yicha tahsil

AQShda kompyuter fanlari yoki texnologiya bilan bog‘liq boshqa ixtisoslikni tanlasangiz, hech qachon xato qilmaysiz. Chunki mamlakat bozori asosan IT-sanoatiga yuqori iqtidorlarni jalb qilish bilan mashhur va texnologiya mutaxassislariga katta ehtiyoj mavjud. Matematika va mantiqqa qiziqishimga qaramay, hech qachon o‘zimni «texnologik» yigit deb bilmaganman. Ancha vaqt chuqur izlanishlar olib borganimdan so‘ng, «Ta’minot zanjiri boshqaruvi» (SCM) sohasi haqida bilib oldim, bu meni hayratda qoldirdi. Mazkur soha kelajakdagi karera rejalarim va ko‘nikmalarimga mos ekanligini tushundim. Afsuski, mening universitetim (Janubiy Florida universiteti) 2014 yil mustaqil daraja sifatida SCM dasturini taklif qilmagan, ammo u marketing yo‘nalishi bilan bog‘langan edi. Shu tufayli marketing yo‘nalishida ta’lim oldim. Siyosatshunoslik bo‘yicha ikkinchi darajam haqida shuni aytishim mumkinki, o‘sha paytlar uni o‘rganish mening shaxsiy ishtiyoqim bo‘lgan.

Strategik qaror edi

Men uchta asosiy sababga ko‘ra, Dallasdagi Texas universitetida «Ta’minot zanjiri boshqaruvi» (SCM) bo‘yicha magistrlik darajasini olishga qaror qildim:

  • SCM STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) darajasi sifatida qaraladi, ya’ni siz o‘qishni tugatganingizdan so‘ng 3 yilgacha AQShda ishlash huquqiga ega bo‘lasiz;
  • Oliygoh AQShda TOP-25 SCM dasturlari qatoriga kiradi;
  • Ikkita US Airlines shtab-kvartirasi Dallas Fort-Uert hududida joylashgan – American Airlines va Southwest Airlines (men fuqarolik aviatsiyasining muxlisiman va ko‘p yillar davomida Boeing, Southwest Airlines kabi kompaniyalardan birida amaliyot o‘tashni orzu qilardim).

Umuman, Dallasdagi Texas universitetida SCM bo‘yicha magistrlik darajasini olishim faqat strategik qaror edi.

«Hayot maktabi»ga aylandi

Xorijda ta’lim olish dunyoqarashingiz o‘zgarishi va o‘sishiga hissa qo‘shadigan asosiy omillardan biri. Avvaliga chet elda o‘qish va keyin ishlash menga shaxs sifatidagi qadriyatlarimni qayta qurish va aniqlashga katta yordam berdi. Gap qilayotgan ishingiz yoki ega bo‘lgan darajalaringiz haqida emas, balki ko‘proq shaxs sifatida kimligingiz va atrofingizdagi jamiyatga qanday hissa qo‘shishingiz mumkinligi haqida.

AQShga kelish men uchun shunchaki rasmiy ta’lim olish emas, balki «hayot maktabi»ga aylandi. Men yolg‘on gapirmayman, bu yerda yashash oson emas. Biror narsaga erishish uchun siz tonnalab intizom, chidamlilik va mehnatsevarlikka ko‘p kuch sarflashingiz kerak. Dunyoqarashim ham shu omillar ta’sirida ancha o‘zgardi. Men hozir avvalgidan ko‘ra ochiq fikrli va o‘ziga ishonadigan odamga aylanganimga aminman.

Suzasiz yoki cho‘kib ketasiz

Amazonda biznes-tahlilchi sifatida 1,5 yil ishladim. U yerdan ish taklifini olishim uchun deyarli 3 yil davomida 117 ta application to‘ldirishimga to‘g‘ri kelgan.

Amazon nafaqat AQShda, balki butun dunyodagi texnologik jihatdan eng ilg‘or va muvaffaqiyatli kompaniyalardan biri. Ammo uning muvaffaqiyatli biznes modeli ortida «Amazoniyaliklar» (Amazon xodimlari) bor.

Xodim sifatida sizdan nafaqat o‘zingiz ma’sul ishni bajarishingiz, balki yanada ulkan natijalarga intilishingiz kutiladi. Biznes ritmi juda tez sur’atda bo‘lib, sizga qo‘shimcha bosim qo‘yadi, ammo vaqt o‘tishi bilan siz bunday turdagi qiyinchiliklarni qanday qabul qilishni va undan maksimal darajada foydalanishni o‘rganasiz. Ha, siz va tengdoshlaringiz o‘rtasida doimiy raqobat mavjud. Shunday qilib, siz yo suzasiz, yoki cho‘kib ketasiz.

6 oy oldin jamoaga qo‘shildim

Microsoft texnologiya sanoatida alohida nufuzga ega bo‘lib, u Google, AWS (Amazon Web Services) va Facebook (Meta) kabi gigantlar bilan kuchli raqobatni saqlab turadi. Taxminan 6 oy oldin Microsoft jamoasiga mahsulot menejeri sifatida qo‘shildim. Men Supply Chain Engineering jamoasida ishlayman, u yerda biz ichki mijozlarimizga (apparat muhandislari, zavod menejerlari va taklifni rejalashtiruvchilar)ga biznes razvedkasi (BI) yechimlarini yaratishga ko‘mak beramiz.

Mening vazifalarimdan biri biznes operatsiyalari guruhlari tomonidan amalga oshirilayotgan joriy biznes jarayonlarini baholash va avtomatlashtirishga yordam berish.

Har bir rolning o‘ziga xos tomonlari bor

O‘tgan yillarda men ofitsiantlikdan tortib, korporativ muhitda 25 dan ortiq xodimlarni boshqarishgacha bo‘lgan turli ishlarni bajarganman. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, har bir rolning past yoki yuqori martabali bo‘lishidan qat’i nazar, o‘ziga xos tomonlari ham bor.

Men AQShda joylashgan kompaniyalarning kuchli tomonlaridan boshlayman. Bu yerda yaxlitlik har qanday kompaniyaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri. Jarayonlar umuman tizimlashtirilgan va soddalashtirilgan, shuning uchun xodimlar o‘z ishlarini qulay his qilishadi. Raqobatbardosh ish haqi yana bir muhim omildir, ayniqsa siz ma’lum bir sohada yuqori malakaga ega bo‘lsangiz. Ishga qabul qiluvchilar sizni o‘zlari yollayotgan kompaniyaga jalb qilish uchun juda ko‘p harakat qilishadi, ammo bu yerda raqobat ham kuchli.

Masalan, 2019 yil, Southwest Airlines aviakompaniyasida orzuimdagi stajirovkaga 2,5 yil davomida doimiy ravishda ariza topshirganimdan so‘ng erishganman. Keyin bildimki, Southwest Air 4800+ da’vogarlardan 87 nafari stajyorni tanlagan. Agar biz hisob-kitob qilsak, 1 o‘rin uchun 55 ta nomzod. Raqobat darajasini tasavvur qilavering.

Yana bir kuch shundaki, bu yerdagi kompaniyalarda «yangi ishga yollanish» uchun mustahkam mexanizmlar mavjud. Odatda, ular sizni tezlashtirish uchun 1-2 oygacha mashg‘ulot vaqtini berishadi. Ular o‘z rolingizni muvaffaqiyatli bajarishingizga yordam beradigan yetarli manbalar va o‘qish materiallarini taqdim etadilar. Biroq, oxir-oqibat, barchasi sizning shaxsiy sa’y-harakatlaringiz va ishingizni o‘zlashtirishga tayyorligingizga bog‘liq. Bu Pareto modeliga o‘xshaydi: o‘rganishingiz va kelajakdagi muvaffaqiyatingizning 20% i atrofdagi hamkasblar bilan kuzatish, muloqot qilishdan kelib chiqadi va 80% bo‘shliqlarni to‘ldirish va to‘g‘ri poydevor qo‘yish o‘zingiz qilishingiz kerak bo‘lgan uy vazifasidir.

Tanganing ikkinchi tomonida o‘zingizni madaniy yoki ruhiy jihatdan qulay his qilish har doim ham oson emas. Hech bo‘lmaganda bu mening tajribamda kuzatilgan. Bu yerda ish beruvchilar biznes, aniqrog‘i foydaga yo‘naltirilgan va sizning shaxsiyatingiz yoki insoniy jihatlaringizga kamroq e’tibor berishadi. Bu yomon yoki yaxshi narsa emas, lekin bu ko‘proq kompaniyalarning bu yerda qanday ishlashining xususiyatlaridan biridir. Tariximiz va urf-odatlarimiz tufayli ko‘proq «odamlarga yo‘naltirilgan» madaniyatdan kelganim uchun ish qarashlarimni qayta o‘zgartirishim qiyin kechgan. O‘ylashimcha, «Bu shaxsiy emas – bu qat’iy biznes» iborasi fikrimni to‘liq ifodalaydi.

Biror narsaga erishish uchun ko‘p mehnat qilishingiz kerak

AQShda savolingizni tavsiflovchi atamadan foydalanamiz – «ish va hayot muvozanati». Darhaqiqat, mening ko‘p vaqtim o‘qishga (aytmoqchi, bu tugamaydigan jarayon) va o‘z kareramni qurishga sarflandi. Yangi mamlakatda chet ellik bo‘lib, hayotingizni bosqichma-bosqich qurishni boshlashingiz mumkin bo‘lgan to‘g‘ri zamin yaratish juda muhim. Bu yerda yashab, do‘st deb ataydigan ko‘plab haqiqiy va aqlli isonlarni uchratganimdan o‘zimni juda baxtiyor his qilaman. Mening do‘stlarim ko‘p millatli jamoalarning vakillari – bu menga boshqa madaniyatlar bilan tanishishimga va yanada ochiq fikrli odam bo‘lishga imkon berdi. Oila men uchun har doim birinchi o‘rinda turadi, lekin 17 yoshimdan beri hayot meni yolg‘iz yashashga majbur qildi. Men uchun o‘ziga xos narsa – bu yaqin oila a’zolarim va bobom va buvimni yiliga kamida bir marta ko‘rish.

Yana bir tushungan narsam shundaki, siz chet elda yashayotganingizda biror narsaga erishish uchun boshqalardan karrasiga ko‘p mehnat qilishingiz kerak.

To‘g‘ri fikrlash va strategiya bilan hamma narsaga erishish mumkin

FedEx’dagi sobiq menejerlarimdan biri menga bir safar aytgan edi: «E’tiboringizni jarayonlarga qarating va natija keyin bo‘ladi». Hali ham bu maslahatni kundalik ishimda qo‘llayman. Qolaversa, men to‘g‘ri fikrlash va strategiya bilan hamma narsaga erishish mumkinligiga qat’iy ishonaman. Bu noaniq tuyulishi mumkin, lekin sizning ish joyingiz qanchalik murakkab bo‘lmasin, aviakompaniya bosh direktorining dasturiy muhandisi yoki farrosh bo‘lishingizdan qat’i nazar, asosiy yumshoq ko‘nikmalar muhim va har qanday rolga – muloqot, vaqtni boshqarish va faollik zarur. Biror narsani sinab ko‘rishdan va muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmang, aynan muvaffaqiyatsizliklar to‘g‘ri saboq beradi. Yana agar siz o‘sishni istasangiz, o‘zingizni «komfort zona»dan chiqarishga tayyor bo‘lishingiz kerak. Ro‘y berishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa – bu muvaffaqiyatsizlik, biroq bu juda yaxshi tajriba.

Muvaffaqiyatsizliklar o‘sib borayotgan jarayonning bir qismi va natijalar to‘g‘ri belgilangan bo‘lsa, sizni muvaffaqiyatli natijaga olib keladi.

London yoki Istanbul

Bolalikdan aviatsiyasi sanoatiga qiziqishim yuqori. Shu yo‘nalishda London yoki Istanbul kabi geolokatsiyalarda o‘zimni sinab ko‘rish rejam bor.
Umuman, yuragimning tub-tubidan vatanimiz va xalqimizga xayrli amallarim bilan imkon qadar ko‘proq yordam berishni xohlayman. Fikrimcha, bu biz kelajakda gaplashishimiz mumkin bo‘lgan boshqa hikoya bo‘ladi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring