Migrantlar ishlashga ruxsat olish uchun 2023-yilda Rossiyaga 1,16 mlrd AQSh dollari to‘ladi
2012–2014-yillarda Rossiyada bir paytning o‘zida 7 mln nafar migrant bo‘lgan, biroq 2014-2015-yillardagi inqiroz oqibatlari va migratsiya qonunchiligidagi o‘zgarishlar sababli 2019-yilga kelib raqamlar 4,4-5 milliongacha qisqargan. 2022-yil fevralidan so‘ng esa ko‘rsatkich pandemiyagacha bo‘lgan davrdagidan ham pasayib ketgan.
Migratsiya bo‘yicha mutaxassis Yuliya Florinskayaning yozishicha, 2022-2023-yillarda migrantlarning o‘rtacha soni 3-3,5 mln nafardan oshmagan. Mutaxassis qo‘shimcha qilishicha, Rossiyada migrantlar statistikasi bo‘yicha yagona ishonchli manba yo‘q, shu bois turli manbalardan olingan ma’lumotlarni umumlashtirishga to‘g‘ri kelgan.
Aytilishicha, Rossiyadagi mehnat migrantlarining deyarli barchasi — markaziy osiyoliklar. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan ishlagani borganlar ulushi — 90 foizga yaqin. O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari patent olib ishlayotganlarning aksariyatini tashkil etadi. YOIIga kirmagan MDH mamlakatlari fuqarolariga beriluvchi bu hujjat bo‘lsagina Rossiyada ishlash mumkin.
Har oy patent uchun to‘lov qilish shart: to‘lovlar hududlarga qarab har xil: 2023-yilda Chechenistonda — 2,7 ming rubl, Yamal-Nenets avtonom okrugida — 10,9 ming rubl. 2023-yilda migrantlar patent olish uchun Rossiya g‘aznasiga to‘lagan jami pullar 106,7 mlrd rubl yoki 1,16 mlrd AQSh dollaridan oshgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter