Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirishkorda IIB xodimlari olib ketgan fuqaro shifoxonada vafot etdi

Mirishkorda IIB xodimlari olib ketgan fuqaro shifoxonada vafot etdi

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirishkor tumani Chandir MFYda yashovchi fuqaro S.X.ning IIb xodimlari olib ketgandan so‘ng, Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam markazi Qashqadaryo filialida vafot etgani xabari tarqaldi.

Holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Buni viloyat prokuraturasi matbuot xizmati Xabar.uzga tasdiqladi. 

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Shuningdek, IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ham bayonot berdi.

joriy yilning 11 fevral kuni  fuqaro A.K. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro S.X. ko‘chada mast holatda qo‘ni-qo‘shnilar bilan janjallashib, ularning tinchligini buzayotganligini ma’lum qilgan.

Voqea joyiga yetib borgan profilaktika inspektorlari huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirib, mast holatda bo‘lgan, sog‘liqni saqlash organlarida spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan shaxs sifatida hisobda turuvchi fuqaro S.X.ni Respublika ixtisoslashtirilgan Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo viloyati mintaqaviy filialiga joylashtirgan. Bemor S.X. shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, statsionar davolanishga yotqizilgan. Soat 23:40da bemor S.X.ning sog‘lig‘i yomonlashgach, u Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo viloyati filialiga yetkazilgan.

Kasalxonada bemor S.X.ga shifokorlar tomonidan birlamchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, u 12 fevral kuni soat 01:30da «Alkogoldan o‘tkir zaharlanish og‘ir darajasi, aspiratsion sindrom, alkogol komasi o‘tkir nafas yetishmovchiligi II-III-darajasi, o‘tkir yurak qon tomiri yetishmovchiligi II-daraja» tashxisi bilan vafot etgan.

Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olingan va o‘rganish natijasiga ko‘ra, marhum S.X.ning tanasida tan jarohati va boshqa jismoniy kuch ishlatish bilan bog‘liq belgilar aniqlanmagan, deyiladi IIV matbuot kotibi xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring