Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirtemir domlaga... qilinmagan qo‘ng‘iroq

Mirtemir domlaga... qilinmagan qo‘ng‘iroq

O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir domla juda nozikta’b, so‘z zargari, xalq tilini mukammal biladigan, xalqona yozadigan ijodkor edi. Domlaning she’riy misralari ham, nasriy sochmalari ham soddaligi, kam ishlatiladigan so‘zlarning mo‘lligi bilan ajralib turadi...

Taniqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov 1962 yilda chiqqan «Zamon. Qalb. Poeziya» kitobida Mirtemir ijodi haqida quyidagilarni yozgan: «Mirtemir poeziyasida shaffof tiniqlik, beg‘ubor, nafis va to‘liqqan quyoshning tafti, kumush to‘lqinli mavjlar va qo‘ng‘iroqday mayin kuylar bor. Mirtemir poeziyasi tog‘ daryosi kabi doimo odamlar xizmatida, ularning diliga nur bag‘ishlaydi, qalbini quvontiradi, yuraklarning tashnaligini bosib, ularni gulga o‘raydi. Xalq hayotini, xalq qalbini chuqur va go‘zal, tabiiy va samimiy ifodalagan shoirni hamisha xalq o‘z farzandiday ardoqlaydi».

Mirtemir domla yirik poemaga ham, kichik she’rga ham, oddiy intervyuga ham mas’uliyat bilan qarar edi.

Men «O‘zbekiston madaniyati» gazetasi tahririyatida san’at bo‘limida ishlar edim. Qo‘shiq san’ati haqida bahs-munozara boshladik gazetada. Unda shoirlar, bastakorlar, xonandalar, musiqashunosu adabiyotshunoslar ishtirok etdi. U vaqtlarda bunday munozaralar keskin bo‘lar, barcha ijodkorlar, «shunos»lar juda faol edi.

Shu munozarada Mirtemir domla ham o‘z fikrlari bilan qatnashishlarini istadik. U kishining ko‘plab she’rlari ashula qilingan, mashhur xonandalar suyib kuylardi.

Domlaga qo‘ng‘iroq qilib taklifimizni aytdim. Rozi bo‘ldilar. Belgilangan vaqtda uylariga bordim. Domla hovlidagi daraxtlarning bachki novdalarini tok qaychi bilan kesib yurgan ekanlar.

Ichkariga kirdik. Stolda sho‘rdanak, qovurilgan no‘xat, po‘lodi non turibdi. Bular u paytlarda faqat Samarqandda bo‘lardi.

– Yaqinda Samarqandga borib keldim, – dedilar domla o‘zlariga xos mayin, bosiq ovozda salmoqlab. – Hech kimga bildirmadim, – mayin jilmaydilar. – O‘zim yakka aylandim shaharni. Samarqandni yaxshi ko‘raman.

Buning sababini tushundim: Mirtemir domla Samarqandda o‘qigan, ishlagan. Yoshlik yillari kechgan bu qadim shaharda. O‘sha yillarni eslagan, qo‘msagan bo‘lishi mumkin.

Dasturxonga ishora qildilar:

– Oling, bo‘tam, bularning barini Samarqanddan olib kelganman. Mozorbosti.

U kishi bir dasta qog‘oz olib oldimga qo‘ydilar. Keyin menga yuzlanib jilmaydilar:

– Endi sizni ozgina ishlatamiz-da, bo‘tam. Men aytib turaman, siz yozasiz.

Aslida buni telefonda gaplashganimizda kelishib olgan edik. Aniqrog‘i, domlani qiynab qo‘ymaslik uchun «Fikrlaringizni aytsangiz men yozib olaman», degan edim. Shunga qaramay yana xijolatomuz yuqoridagi gapni aytdilar. Shunaqa kamtar inson edilar-da Mirtemir domla.

U kishining kamtar, yuksak odob sohibi ekaniga, samimiyligiga yana bir misol keltiraman. Ustozlarimizdan eshitgan edim.

Mirtemir bilan buyuk yozuvchimiz Oybek bir mahallada yashashar edi. Mirtemir Oybek domlaning uylari oldidan o‘tayotganda mashinadan tushar ekanlar. «Bu ulug‘ insonning oldilaridan moshinda o‘tish odobsizlik bo‘ladi», deb piyoda o‘ng qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yib, Oybek domlaning uylariga salom bergan kabi biroz egilib o‘tar ekanlar. So‘ngra yana mashinaga o‘tirar ekanlar.

Kattalarga, xususan, ustozlarga hurmat, odob naqadar yuksak bo‘lgan-a! Holbuki, o‘sha vaqtlarda domlaning o‘zlari ham o‘nlab ijodkorlarga ustozlik qilgan, o‘zbek she’riyatining zabardast ustunlaridan biri bo‘lgan.

Shunday ezgu qadriyatlar bormi hozir? Ustozlar hurmat-izzati joyiga qo‘yilmoqdami? Yangiliklarni bilish, o‘rganish, zamonaviy bo‘lish yaxshi, ammo milliy urf-odatlarimizni unutish, ularga eskilik sarqiti deb qarash qanchalar to‘g‘ri ekan? Bular har kimning vijdoniga havola...

Xullas, domla qo‘llarini beliga qo‘yib u yoqdan-bu yoqqa yurgan ko‘yi sekin ayta boshladilar. Men yozib boryapman. Bir-ikki jumla aytib, indamay u yoqdan-bu yoqqa borib keladilar. So‘ng yana davom etadilar.

Bir varaqni qoraladik. Domla miq etmay yurishda davom etdilar. Negadir yurishlari tezlashdi. Men ruchkani shay qilib qog‘ozga termilib o‘tiribman.

Bir mahal yonimdan o‘tayotib yozilgan qog‘ozni oldilar-da, g‘ijimlab burchakka otdilar.

O‘smirlik chog‘larimiz erta kuzda qishlog‘imiz tepasidagi zayak yerlarga bedana ushlagani borardik. Bedana butalar soyasida pisib yotar, biz u yoqqa-bu yoqqa  o‘tib, bedanani qaysi tarafdan «ilib» olib ketishni mo‘ljallardik. Bedana odam qayoqqa o‘tsa o‘sha tomonga termilib yotaverardi. Mo‘ljalni aniq olgach, qadamni tezlatib, o‘ta-o‘ta yarim engashib, bedanani «ilib» ketardik.

Mirtemir domlaning hozirgi harakatlari menga o‘sha jarayonni eslatdi.

Men domlaga qaradim, ammo yuzlarini ko‘rolmadim. Go‘yo mening fikrimni anglaganday «Boshqatdan yozamiz» dedilar. Bunday hol yana bir-ikki takrorlandi. O‘zlari hamkorlik qiladigan bastakorlardan ayrimlarini sanadilar. U kishi birovning ism-familiyasini tilga olganda «ov», «yev» qo‘shimchalarini ishlatmas edilar. Shu bois Manas Levi, Sulaymon Yudak, Faxriddin Sodiq deb yozdirdilar.

Nihoyat, yozib bo‘ldik. «Hamkorlik haqida» sarlavhali maqola qog‘ozga tushdi. Shoir va bastakor hamkorligi xususida so‘z bordi. Mirtemir domla o‘zlari hamkorlikda ishlagan bastakorlar, ularning mahorati, shoir va bastakor bir-birini tushunishining, uslubi yaqinligining, shunga mos xonanda bo‘lishining ahamiyati to‘g‘risida mulohazalarini bayon qildilar.

Maqolada «komyob» degan so‘z ishlatdilar. Yozish jarayonida alohida «komyob» deb ta’kidladilar va «kamyob» deb yozib qo‘ymang, bo‘tam», dedilar (men bu so‘zning ma’nosini keyin bilib oldim – niyatiga yetgan, orzulari ushalgan, degan ma’noda ekan). Ba’zi tahririyatlarda «bilimdon» musahhihlar bor, o‘zlaricha tuzatishadi so‘zlarni, oqibatda ma’no, fikr buziladi. Shunday bo‘lib qolmasin, deyman-da, bo‘tam, dedilar jilmayib...

Men maqolani ko‘tarib, tahririyatga chopdim.

Maqolani mashinkada yozdirish jarayonida ham, bosmaxonada terib chiqilganidan keyin ham «komyob» so‘ziga alohida e’tibor qaratdim. Gazetaning maqola chiqayotgan soniga mas’ul navbatchiga, musahhihlarga qayta-qayta Mirtemir domlaning gaplarini tayinladim. Oxirgi korrekturani o‘zim o‘qib berdim. Joyida ekanidan xotirjam bo‘lib, uyga ketdim.

Ertalab gazetani ochib qarasam, ne ko‘z bilan qo‘rayki, «kamyob» deb tuzatilgan! Yuragim shig‘illab ketdi. Mirtemir domlaning shuncha tayinlagani nima bo‘ldi? U kishi nima deb o‘ylaydilar? Men u zotning yuzlariga qanday qarayman? Tushuntirishlarim, o‘zim oxirgi korrekturani o‘qidim, to‘g‘ri edi, deyishimdan nima naf endi?!

Navbatchidan so‘radim, musahhihlardan so‘radim. Hech kim men tuzatdim yoki falonchi tuzatdi, demaydi. Hammasi to‘g‘ri edi, bilmadim kim tuzatgan, deydi, xolos.

Maqola gazetada chiqqani haqida Mirtemir domlaga qo‘ng‘iroq qilib aytmadim, aytolmadim. Qaysi yuz bilan aytaman? Aksincha, Mirtemir domla qo‘ng‘iroq qilib qolsalar nima javob beraman, deb xijolat bo‘lib yurdim. Lekin qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Domla e’tibor bermagan yoki bularga gapirishdan foyda yo‘q, deb hafsalasi pir bo‘lib, qo‘l siltab qo‘ygan bo‘lsalar kerak... Keyingisi haqiqatga yaqinroq...

Mamatqul Hazratqulov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring