Mirziyoyev: «Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak»

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan yana bir masalaga to‘xtaldi.
Joylarda yer solig‘i va ijara to‘lovlariga oshiruvchi koeffitsiyent belgilayotganda uning biznesga ta’sirini o‘rganish, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, qaror qabul qilish muhimligini ta’kidladi.
«Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tadbirkorga yordam berib, soliq bazasini kengaytirsak, tushum ko‘payadi, tadbirkorlar ham rozi bo‘ladi», - dedi Prezident.
Endilikda tadbirkorlarga ushbu soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Yig‘ilishda soliq va bojxona sohalaridagi kamchiliklar bu tizimlarda navbatdagi islohotlarni talab qilayotgani qayd etildi.
Mutasaddilarga malakali ekspertlar, olimlar va tadbirkorlar jamoatchilik kengashini jalb qilib, soliq-bojxona siyosati va ma’murchiligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha asosli takliflarni kiritish topshirildi.
Shuningdek, vazirlarning o‘z sohasidagi yo‘riqnoma va boshqa idoraviy hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha vakolati aniq belgilanishi lozimligi ta’kidlandi.
«Eng barqaror munosabatlar – qonun bilan, yangi islohotlar – Prezident hujjati bilan, tarmoq va hududlarni rivojlantirish – Hukumat qarori bilan belgilanadi. Ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha faqat idoraviy hujjatlar qabul qilinadi.
Ana shunda, islohotlar natijalari odamlarimizga tezroq yetib boradi», - dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter