Misrda o‘zbek tili grammatikasini o‘rganish bo‘yicha darslik yaratildi

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan ingliz tilida soddalashtirilgan uslubda o‘zbek tilini noldan o‘rgatuvchi "Uzbek Language: Complete Self-Study Guide in 22 Lessons" nomli qo‘llanma chop etildi.
Qayd etish joizki, o‘zbek tilini xorijda ommalashtirishda asosiy muammo sifatida zamonaviy talablarga javob beradigan o‘zbek tili grammatikasiga oid chet tilida yozilgan qo‘llanmani topish mushkul edi. Mavjud darslik esa chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitishga va ular mustaqil til o‘rganishga mo‘ljallanmagan.
Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida va xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha tajriba asosida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari tavsiyalarini inobatga olgan holda mazkur kitob tayyorlandi.
Ushbu kitobning kirish qismida o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, uning o‘zgarish bosqichlari hamda o‘zbek xalqining shakllanish tarixi haqida so‘z yuritilgan.
Kitobning asosiy qismidagi 22ta darslar yirik mavzularni boshqa qo‘llanmalar kabi alohida-alohida to‘liq tushuntirishga emas, balki xorijiy tilni o‘rganish uchun eng zarur bo‘lgan qoidalar va konstruksiyalarni o‘rgatishga bag‘ishlangan.
O‘zbek tilida fe’l zamonlarini tushunish xorijliklar uchun nisbatan murakkabligini inobatga olib, qabul qilingan standartlardan farqli ravishda ingliz tiliga qiyoslab sodda ko‘rinishda tushuntirilgan.
Har bir dars so‘ngida qisqa mashqlar va matnlar keltirilgan. Bunda o‘rganuvchiga yuk bo‘lmasligi uchun mashqlar soni ko‘paytirilmagan. Zero, hozirgi zamonda har bir shaxs ixtiyoriy tilda istalgan miqdorda ma’lumotlarni Internet tarmog‘idan topishi va turli dasturlar yordamida ularni tarjima qilishi mumkin.
Qo‘llanma oxirida til o‘rganishni osonlashtiruvchi qo‘shimcha qismlar ham kiritilgan.
Ma’lumki, xorijiy tilni o‘rgangan shaxs tegishli davlatga borganida rasmiy til va xalq qo‘llaydigan so‘zlashuv o‘rtasidagi farq tufayli, ushbu tilni tushunishda qiyinchilikka uchraydi. Shuni inobatga olib, o‘zbek tili shevalari va ularning farqlari tushuntirilgan hamda xalq orasida ishlatiladigan, lekin adabiy tilga kiritilmagan ba’zi keng foydalaniladigan o‘zlashma so‘zlar ham mazkur kitobga ilova qilingan.
Qolaversa, xorijiy tilni she’rlar va qo‘shiqlardan foydalanib o‘rganish qulayligini inobatga olib, o‘zbek xalqi orasida ommalashgan she’r va qo‘shiqlar kitobda keltirilgan, ulardagi murakkab so‘zlar sharhi ham bevosita berilgan.
Kitobda mustaqil tarjima qilish uchun O‘zbekiston va uning qadimiy shaharlari, buyuk tarixiy shaxslari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumlar ham mavjud.
Qo‘llanma so‘nggida 2500 dan ortiq faol qo‘llaniladigan so‘zlar asosida o‘zbekcha-inglizcha lug‘at chop etildi.
Elchixona tashabbusi bilan nashrga tayyorlangan mazkur kitob Misrdagi kutubxonalar, o‘zbek tilini o‘rganayotgan Qohira universiteti talabalari orasida tarqatilmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali o‘zbek tili o‘qitiladigan xorijiy universitetlarga ham yetkazish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, mazkur qo‘llanma boshqa davlatlardagi o‘quvchilar uchun Amerika, Yevropa va Osiyodagi AMAZON platformalarida ham elektron va rangli bosma kitob shakllarida joylashtirilgan, "Google Books" va "Google Play" platformalarida esa ilova shaklida topish mumkin.
Shuningdek, mazkur darslik rus tiliga ham tarjima qilinib, loyiha nusxasi "Uzbekskiy yazik: Polniy kurs za 22 uroka" nomi bilan LITRES platformasida elektron shaklda mavjud.
Ushbu qo‘llanma hozirda arab tiliga ham tarjima qilinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter