Muhabbat, shon-shuhrat va 27 yillik ayriliq qissasi
Ba’zi muhabbatlar borki, ular to‘y bilan boshlanib, ajralish bilan yakun topmaydi. Bunday sevgi yillar, masofalar va alamlarni yengib o‘tib, inson umrining oxirigacha davom etadi. Hind kinosi tarixidagi eng mashhur juftliklardan biri – Rajesh Kxanna va Dimpl Kapadiyaning hayoti xuddi shunday qismat edi.
Millionlarning orzusidagi erkak
1942-yil 29-dekabrda tug‘ilgan Rajesh Kxanna 1970 yillar boshida Hindistonning kinoyulduziga aylangan edi. Uni oddiy aktyor deb atash qiyin. Rajesh Kxanna mamlakatdagi birinchi haqiqiy “superyulduz” sifatida tanildi.
Uning filmlari ketma-ket xitga aylanar, kinoteatrlar oldida uzundan-uzoq navbatlar hosil bo‘lardi. Muxlisalar aktyorni ko‘rish uchun soatlab kutishar, ba’zilari esa surati bilan ramziy nikoh ham o‘qitgani haqida rivoyatlar tarqalgan edi. Rajesh Kxanna shunchaki aktyor emas, balki butun bir davrning ramzi edi.
16 yoshli go‘zalning taqdiri
1957-yil 8-iyunda tug‘ilgan Dimpl Kapadiya esa kino olamiga meteor kabi kirib keldi. 1973-yilda ekranlarga chiqqan «Bobbi» filmi uni bir kechada butun mamlakatga mashhur qildi. Film namoyishidan keyin millionlab tomoshabinlar Dimplning go‘zalligi va iste’dodi haqida gapira boshladilar.
Biroq kutilmaganda, shon-sharaf endi boshlangan paytda, Dimpl kinoni tark etishga qaror qildi.
1973-yil mart oyida, Dimpl hali 16 yoshga ham to‘lmagan paytda, 30 yoshli Rajesh Kxannaga turmushga chiqdi. Ular o‘rtasida salkam 15 yillik yosh farqi bor edi. Bu nikoh Hindistonda haqiqiy shov-shuvga aylandi. Darvoqe, Dimplning nikoh paytidagi yoshi haqida turli manbalarda 15 va 16 yosh degan ma’lumotlar uchraydi. Rasmiy tug‘ilgan sanasi (8 iyun 1957) va nikoh sanasiga (mart 1973) ko‘ra, u amalda 15 yoshu 9 oylik bo‘lgan, ya’ni hali 16 yoshga to‘lmagan edi.
Nikohning dastlabki yillari nisbatan tinch-sokin kechdi. 1974 yil 29 dekabrda ularning birinchi qizi Tvinkl Kxanna tug‘ildi. 1977-yil 27-iyulda esa ikkinchi qizaloq – Rinke Kxanna dunyoga keldi.
Dimpl oilasi uchun kinoni tark etgan edi. Rajesh esa hali ham yulduzlik shon-sharafidan bahramand bo‘layotgandi. Ammo vaqt o‘tishi bilan muammolar bo‘y ko‘rsata boshladi.
Quyosh botishni boshlaganda
1970-yillarning oxiriga kelib Bollivud osmonida yangi yulduz – Amitabh Bachchan porlay boshladi. Tomoshabinlarning didi o‘zgardi. Bir paytlar kassa qiroli bo‘lgan Rajesh Kxannaning filmlari avvalgidek muvaffaqiyat qozonmay qo‘ydi. Bu holat unga qattiq ta’sir qildi. Yaqinlari aytishicha, Rajesh tushkunlikka tushib, ichkilikka ruju qo‘ygan.
Oiladagi munosabatlar ham asta-sekin yomonlashib bordi. Buning sababi...
1983-yilda «Souten» filmi suratga olinayotgan paytda Rajesh Kxanna va yosh aktrisa Tina Munim haqida turli gap-so‘zlar tarqaldi. Filmning bir qismi Londonda tasvirga olingan. O‘sha yerda Dimpl ham bo‘lgani haqida ko‘plab manbalar yozgan. Ayrim guvohlarning ta’kidlashicha, u eri Rajesh va Tinaning juda yaqin munosabatini ko‘rib qattiq ranjigan.
Haqiqat qanday bo‘lganini faqat ularning o‘zi biladi. Ammo bir tafsilot aniq: aynan shu fursatdan so‘ng ularning nikohi amalda yakunlangan.
1984-yilda Kapadia ikki qizini olib, Kxannaning uyini tark etdi. O‘shanda Dimpl 26 yoshda, Rajesh esa 41 yoshda edi.
27 yillik ayriliq
Eng hayratlanarli jihati shundaki, ular hech qachon rasman ajrashmadilar.
Ayriliqdan keyin Dimpl kino olamiga qaytdi. 1985-yilda chiqqan “Saagar” filmi uning tantanali qaytishiga aylandi. Keyinchalik aktrisa o‘nlab filmlarda rol o‘ynab, Hindistonning eng kuchli dramatik aktrisalaridan biri sifatida tanildi.
Rajesh Kxanna esa kino bilan bir qatorda siyosatga ham kirib keldi.
1991-yilda u parlament saylovlarida ishtirok etdi va keyinchalik Hindiston parlamenti deputati bo‘lib faoliyat yuritdi. Biroq Kxanna hayotidagi eng yorug‘ davr allaqachon ortda qolgan edi.
Rajesh va Dimpl bir-biri bilan butunlay aloqani uzgani yo‘q. Qizlarining to‘ylari, oilaviy marosimlar va muhim voqealarda uchrashib turishdi. Muhabbat tugagan bo‘lishi mumkin, ammo mehr va o‘zaro hurmat-ehtirom saqlanib qolgan edi.
So‘nggi kunlar
2011-yil oxiri va 2012-yil boshlarida Rajesh Kxannaning sog‘lig‘i yomonlasha boshladi. U og‘ir kasallik – saraton bilan kurashayotgan edi. Shu paytda hayot kutilmagan burilish yasadi. Salkam 27 yil avval Rajesh Kxannani tark etgan Dimpl Kapadia uning yoniga qaytdi.
Aktrisa erining yonidan jilmay, parvarish qilar va shifokorlar bilan maslahatlashar edi. Bu yillar davomida yig‘ilib qolgan xafagarchiliklardan ustun kelgan insoniylik edi.
2012-yil 18-iyul kuni Mumbay shahrida Rajesh Kxanna 69 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Uning yonida qizlari va Dimpl bor edi. 19-iyul kuni Mumbay ko‘chalari odamlarga to‘lib ketdi. Yuz minglab muxlislar sevimli yulduzini so‘nggi manzilga kuzatish uchun yig‘ilishdi. Ko‘pchilik yig‘ladi. Ko‘pchilik gullar olib keldi. Yana ko‘pchilik esa yoshligi, muhabbati va xotiralari bilan xayrlashdi.
Dimpl Kapadiya sukut saqlab turardi. Uning ko‘zlarida 39 yillik umumiy hayotning barcha xotiralari mujassam edi: muhabbat, baxt, rashk, xafagarchilik, ayriliq va kechirim... Balki ularning nikohi muvaffaqiyatli bo‘lmagandir. Ammo hayotning eng muhim imtihonida – inson og‘ir dard bilan kurashayotgan pallada – Dimpl uni yolg‘iz qoldirmadi.
Shuning uchun ham Rajesh Kxanna va Dimpl Kapadiya haqidagi hikoya oddiy oilaviy mojaro emas. Bu shon-sharaf va muhabbatning bahosi, vaqtning shafqatsizligi va kechirishning buyuk qudrati haqidagi ta’sirchan hayot dostonidir.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter