My.gov.uzdan tog‘lar orasidagi IT Villajgacha
Xizmat safarlarining birida Samarqand viloyati Oqsoy qishlog‘ida barpo etilgan zamonaviy ta’lim markazini ko‘rib, hayron qolgandim. Nahotki, internet chekka qishloqdagi tog‘lar orasigacha yetib kelgan, dasturlash, robototexnika kabi fanlarni o‘qitishda muammo bo‘lmasa.... Yozgi ta’til bo‘lishiga qaramay Nurobod va Pastdarg‘om tumanlaridan 600 ga yaqin o‘quvchi maxsus avtobuslar orqali bu yerga qatnab tahsil olishayotgandi.
«ICT Week Uzbekistan» AKT haftaligi doirasida «Yagona integrator — UZINFOCOM» hamkorligida tashkil etilgan IT Villaj bugun nafaqat ta’lim markazi, balki chekka hududlarda raqamli ko‘nikmalarni shakllantirishning amaliy namunasiga aylangan.

Foto: Xabar.uz
Avvaliga buni shunchaki ta’lim loyihasi deb qabul qilgandim, keyinroq angladimki, bu ayti maktabi raqamli O‘zbekistonning qanday qurilayotganini ko‘rsatuvchi kichik bir model ekan. Chunki raqamli davlat faqat elektron xizmatlar yoki yangi platformalardan emas, balki ana shunday chekka hududlarda yoshlarga ta’lim berishdan boshlanadi.

Tog‘ bag‘ridagi IT markazi haqidagi taassurotlarim sovumasdan bu orada Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi birlamchi tibbiyot muassasalarida bo‘ldim. U yerda Davlat tibbiyot elektron dasturi (DMED) tizimi qanday ishlayotganini kuzatdim. Endi bemorlarni qabul qilish va elektron tibbiy kartalarni yuritish yagona baza orqali amalga oshirilmoqda. Shifokor qabuli, qo‘yilgan tashxis va davolash jarayonlarining barchasi raqamli tizimda to‘liq aks etmoqda.

Bir paytlar «kelajakda siz navbatga turmaysiz, telefon orqali qabulga yozilasiz, ko‘chaga chiqmasdan davlat xizmatlaridan foydalanasiz», deyishsa, bunga ishonish qiyin edi. Axir oddiy ma’lumotnoma olish, mulkni rasmiylashtirish yoki shifokor qabuliga yozilish uchun uzun navbatlarda soatlab kutishga to‘g‘ri kelardi. Turli hujjatlar, ko‘p bosqichli kelishuvlar va inson omiliga haddan tashqari bog‘liq jarayonlar byurokratiyaning odatiy ko‘rinishi edi. Bu esa nafaqat vaqt yo‘qotish, balki davlat xizmatlarining samaradorligi va ochiqligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatardi.
Bugun esa bu tasavvur asta-sekin hayotimizga aylanmoqda. Butun dunyoda davlat boshqaruvining samaradorligi raqamli texnologiyalarni qay darajada joriy etgani bilan baholanmoqda. O‘zbekiston ham bu jarayondan chetda qolgani yo‘q. So‘nggi yillarda davlat boshqaruvini raqamlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi hamda elektron hukumat tizimini rivojlantirishga oid qarorlar asosida ko‘plab davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazildi. Bu esa fuqarolar uchun xizmatlarni tezkor, shaffof va qulay qilish bilan birga, byurokratik to‘siqlarni bosqichma-bosqich qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Raqamli davlat: yagona raqamli ekotizim sari
Raqamli hukumat deganda ko‘pchilik uni faqat elektron davlat xizmatlari portali yoki mobil ilovalar bilan bog‘laydi. Aslida esa bu bir-biri bilan o‘zaro integratsiyalashgan raqamli platformalar va axborot tizimlaridan tashkil topgan yaxlit boshqaruv mexanizmi. Uning asosiy maqsadi davlat idoralari faoliyatini soddalashtirish, fuqarolar uchun xizmatlarni tezkor va shaffof ko‘rsatish hamda inson omilini kamaytirishdan iborat.
O‘zbekistonda raqamli davlat ekotizimining muhim bo‘g‘ini sifatida faoliyat yuritayotgan my.gov.uz portali orqali davlat xizmatlaridan uydan chiqmagan holda foydalanish mumkin. Ayniqsa, ID-kartalar joriy etilganidan so‘ng fuqarolarning elektron identifikatsiyasi ancha soddalashdi. Joriy yilning aprel oyida e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, my.gov.uz portali foydalanuvchilari soni 15 million nafarga yetgani mazkur xizmatlarga bo‘lgan talab va ishonch tobora oshib borayotganidan dalolat beradi.

Portal orqali doimiy yashash joyi haqida ma’lumotnoma olish, mehnat daftarchasidan ko‘chirma yuklash, kredit tarixi, pensiya va nafaqaga oid ma’lumotlarni tekshirish, oila tarkibiga o‘zgartish kiritish, ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlikni aniqlash, avtotransport vositalariga oid ayrim ruxsatnomalarni rasmiylashtirish kabi o‘nlab xizmatlar elektron shaklga o‘tkazildi.
Raqamli transformatsiya davlat boshqaruvining boshqa sohalarini ham qamrab olmoqda. Xususan, xarid.uz platformasi davlat xaridlarini ochiq va raqobatli muhitda amalga oshirishga xizmat qiladi. Davlat xaridlari tizimi nima uchun raqamlashtirilishi kerakligini oddiy hayotiy misolda tasavvur qilish mumkin. Aytaylik, uyingizni ta’mirlash uchun usta qidiryapsiz. Birinchi uchragan ustani yollasangiz, u qancha narx aytsa, shunga ko‘nishingizga to‘g‘ri keladi. Ishning sifati qanday bo‘lishi yoki narx bozorga mos keladimi-yo‘qmi buni bilishning imkoni yo‘q.
Endi boshqa holatni tasavvur qiling. Siz ta’mirlash haqida e’lon berasiz. Bir necha usta o‘z taklifi, narxi va avvalgi ishlarini ko‘rsatadi. Siz esa ularni taqqoslab, eng maqbul taklifni tanlaysiz. Natijada ham mablag‘ tejaladi, ham ish sifati oshadi.
Davlat xaridlarining raqamli tizimi ham xuddi shu tamoyil asosida ishlaydi. Faqat bu yerda gap bir xonadon emas, balki davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladigan milliardlab so‘mlik xaridlar haqida ketmoqda. Xarid.uzex.uz platformasi davlat tashkilotlari va tadbirkorlarni yagona raqamli maydonda uchrashtirib, xarid jarayonini ochiq va raqobatli tashkil etishga xizmat qiladi.

Buning ahamiyatini birinchi navbatda soliq to‘lovchilar his qiladi. Chunki davlat xarid qilayotgan har bir jihoz, qurilish materiali yoki xizmat budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Xaridlar ochiq raqobat asosida amalga oshirilsa, mablag‘lar tejaladi, ortiqcha xarajatlarning oldi olinadi. Bu esa tejalgan mablag‘larni maktablar, shifoxonalar, yo‘llar va boshqa ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirish imkonini beradi.
Raqamli platforma tadbirkorlar uchun ham teng imkoniyat yaratadi. Endi davlat buyurtmasida qatnashish uchun tanish-bilishga emas, raqobatbardosh taklifga ega bo‘lish muhim. Shu bois chekka hududdagi kichik korxona ham yirik davlat buyurtmasini halol raqobat orqali yutib olish imkoniga ega.
Platformaga sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi esa tizimning yana bir muhim bosqichidir. Masalan, agar biror mahsulot bozor narxidan bir necha barobar qimmat narxda xarid qilinishi rejalashtirilsa, algoritm bunday nomutanosiblikni avtomatik ravishda aniqlab, mas’ullarga ogohlantirish beradi. Bu inson omili ta’sirini kamaytirish, davlat mablag‘laridan oqilona foydalanish va xarid jarayoni shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
e-kontrakt.uz orqali talabalarning to‘lov-shartnomalari avtomatik shakllantirilsa, soliq.uz axborot tizimi esa soliq hisob-kitoblari, hisobotlarni taqdim etish va to‘lovlarni amalga oshirish jarayonlarini raqamlashtirib, soliq to‘lovchilar uchun qulay va shaffof muhit yaratdi.
Raqamlashtirish — korrupsiyaga qarshi jim kurash
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash deganda ko‘pchilikning xayoliga huquqbuzarlarni aniqlash, ularni javobgarlikka tortish yoki jazolash keladi. Biroq xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, korrupsiyaga qarshi eng samarali kurash uni sodir bo‘lgandan keyin emas, balki unga imkoniyat yaratadigan omillarni bartaraf etishdan boshlanadi. Shu ma’noda raqamli texnologiyalar korrupsiyaga qarshi eng samarali va «jim» kurash vositalaridan biriga aylanmoqda.
Masalan, elektron navbat tizimi shifokor qabuli yoki davlat xizmatiga murojaat qilishda «tanish-bilish orqali navbatdan tashqari kirish» holatlarini cheklaydi. Elektron retseptlar shifokor tomonidan yozilgan dori vositalari haqidagi ma’lumotlarni yagona bazada saqlaydi. Bu soxta retseptlar rasmiylashtirish yoki bemorni muayyan dorixonaga yo‘naltirish kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda blokcheyn texnologiyasi ham davlat boshqaruvida tobora keng qo‘llanilmoqda. Uning asosiy afzalligi shundaki, ma’lumotlar bir marta kiritilgandan keyin ularni yashirincha o‘zgartirish yoki o‘chirish deyarli mumkin emas. Shu bois blokcheyn yer kadastri, davlat reyestrlari, davlat xaridlari va moliyaviy operatsiyalarda ma’lumotlarning ishonchliligi hamda yaxlitligini ta’minlashda istiqbolli texnologiya sifatida baholanmoqda.

Sun’iy intellekt esa katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali oddiy inson ilg‘amaydigan noodatiy holatlarni aniqlash imkoniyatini beradi. Masalan, qisqa vaqt ichida bir xil kompaniyaning ketma-ket tenderlarda g‘olib chiqishi, shubhali moliyaviy operatsiyalar yoki soliq hisobotlaridagi g‘ayritabiiy farqlar algoritmlar tomonidan avtomatik ravishda aniqlanib, qo‘shimcha tekshiruv uchun belgilanishi mumkin. Bu esa huquqbuzarliklarni erta bosqichda aniqlash imkonini oshiradi.
Yangi texnologiya — yangi tafakkur
Raqamli hukumatni rivojlantirish faqat zamonaviy dasturlar yoki elektron platformalarni yaratish bilan cheklanmaydi. Bu jarayon kiberxavfsizlikni mustahkamlash, shaxsiy ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish, raqamli savodxonlikni oshirish va davlat xizmatchilarini yangi ish usullariga moslashtirish kabi vazifalarni ham qamrab oladi.
Bugun davlat xizmatlarining tobora ko‘proq qismi elektron shaklga o‘tayotgan bir paytda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish ustuvor masalaga aylanmoqda. Shu bois raqamli infratuzilmani rivojlantirish bilan bir qatorda, kiberxavfsizlik tizimlarini takomillashtirish, axborot xavfsizligi standartlarini kuchaytirish va davlat axborot tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yana bir muhim jihat — raqamli savodxonlik. Masalan, oramizda hanuz ayrim fuqarolar elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish o‘rniga an’anaviy usulni ma’qul ko‘radi. Hatto my.gov.uz orqali bir necha daqiqada bajarish mumkin bo‘lgan xizmatlar uchun ham hujjatlar papkasini ko‘tarib idorama-idora yurish yoki uzun navbatlarda turishni afzal biladigan holatlar uchrab turadi. Ular uchun raqamli xizmatlar, elektron identifikatsiya yoki onlayn ariza yuborish jarayoni murakkab boshqotirmadek tuyuladi. Bu esa raqamli infratuzilma yaratilgan taqdirda ham uning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Raqamli davlatni barpo etish faqat texnologiyaga emas, balki inson omiliga tayanadi. Bu borada fuqarolarda raqamli ko‘nikma va foydalanish madaniyatini shakllantirish muhim o‘rin tutadi.
Shu bilan birga, islohotlar davlat xizmatchilaridan ham yangi yondashuvni talab etmoqda: endi ular oddiy ijrochi emas, balki ma’lumotlarni tahlil qiluvchi va raqamli platformalarda ishlaydigan mutaxassisga aylanishi zarur.
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter