Namangan va Farg‘onadagi gumburlash: meteoritmi yoki boshqa hodisa?
Kuni kecha tush paytida Namangan va Farg‘ona viloyatlarining ayrim hududlarida qattiq akustik gumburlash ovozi eshitilgani, ba’zi joylarda esa yer bir oz silkingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holat aholi orasida xavotir uyg‘otdi, ayniqsa, Namanganda avval ham shunday sirli gumburlashlar kuzatilgan, buning sabablari rasman izohlanmagandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar hodisani tasdiqlovchi ko‘plab izohlar qoldirishdi.
Namangan shahrida yashovchi fuqaro shunday yozadi: “Namangan shahar Orzu massivida eshiklar ochilib ketdi, shamoldek ovozga o‘xshash... lekin yer qimirlash sezilmadi. Taxminan 12:40 da sodir bo‘ldi.”
“Men ham eshitdim Namangan shahrida taxminan 12:35 larda gumburlagan o‘sha ovozni”, deb yozdi yana bir tarmoq foydalanuvchisi.
Pop tumani Chodak qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro: “Juda dahshatli eshitildi va osmonda chaqnab tushgan olov ko‘ringan. Ko‘pchilik buni meteorit deb o‘ylamoqda.”
Rishton, Oltiariq, Uchqo‘rg‘on va boshqa hududlarda yashovchilar ham taxminan 12:35–12:40 oralig‘ida gumburlashni eshitganini bildirishgan. Ayrim fuqarolar gumburlashdan avval osmonda yorqin jism uchganini ko‘rishganini ham qayd etishgan. Hatto Toshkentda ham osmonda yorqin iz qoldirgan noma’lum jism ko‘rilgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan biri “Kosmanavtlar” metro bekati yaqinida tasvirga olingan. Videoda osmonda yorqin iz qoldirgan jism harakatlanayotgani ko‘rinadi. Qayd etilgan vaqt esa — 12:38. Bu Namangan va Farg‘onada eshitilgan gumburlash ovoziga vaqt jihatidan mos keladi.
Rasmiy izoh: hozircha aniq xulosa yo‘q
O‘zR FA Astronomiya instituti mutaxassislari tomonidan mazkur holat yuzasidan dastlabki o‘rganishlar olib borilgani ma’lum qilindi.
Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, “Hozirgi vaqtda videoda qayd etilgan hodisaning meteorit tushishi yoki boshqa tabiiy yoki texnogen manba bilan bog‘liq ekani rasman tasdiqlangani yo‘q. Yer yuzasiga yetib kelgan qoldiqlar mavjud bo‘lmasa, hodisaning tabiati haqida aniq xulosa berish imkonsiz.”
Demak, hozircha bu hodisani meteorit deb qat’iy aytish yoki rad etish mumkin emas.
Meteor, meteorit va ilmiy faktlar
Meteoroidlar — Quyosh tizimida harakatlanuvchi kichik qattiq jismlardir. Ular Yer atmosferasiga kirganda kuchli qizish natijasida yorqin iz qoldiradi va bu hodisa meteor deb ataladi. Agar jism atmosferada to‘liq yonib ketmay, Yer yuzasigacha yetib kelsa, u meteorit deb yuritiladi.
Ilmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Yer atmosferasiga har kuni millionlab mayda kosmik zarralar kiradi. Ularning mutlaq ko‘pchiligi atmosferada yonib ketadi. Yer yuzasiga yetib keladigan meteoritlarning umumiy massasi esa o‘rtacha kuniga bir necha o‘n tonnani tashkil etadi. Ammo aholi yashash hududlariga yirik meteorit tushishi nihoyatda kam uchraydigan holat hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter