Namanganda shifokorni urgan aka-ukaga sud jazo tayinlandi

Joriy yilning 28iyul kuni Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada o‘z navbatchiligini o‘tayotgan shifokorning tashxisdan norozi bo‘lib, uni ayovsiz do‘pposlab, jiddiy tan jarohati yetkazgan aka-ukalar bo‘yicha xabar berilgandi.
Tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan fuqarolarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
O‘tgan vaqt mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Unda aka-uka qilmishlaridan pushaymon ekanliklari va shifokordan kechirim so‘raganliklarini bildirishdi.
— Aka-ukalar bu xatti-harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishgan. Ushbu jinoiy harakatlar ularning aybiga iqrorliklaridan tashqari, sud majlisida ishtirok etgan guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasi hamda jinoyat ishidagi boshqa dalillar yig‘indisi bilan tasdig‘ini topdi, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining sudyasi Nodirbek Raimqulov.
Sud ukani Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Sudlanuvchi akaga esa 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida uning qamoqda saqlangan bir kuni majburiy jamoat ishlari jazosining 4 soatiga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan 144 soat majburiy jamoat ishlari jazosi qoldirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter