Namanganda voyaga yetmagan qizni zo‘rlagan shaxs qidiruvga berildi. Uning ruhiy xasta ekani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi xonadonlarning birida IIB xodimlarining qidiruvdagi shaxsning uyiga borgani va xonadon egalarining qarshiligi aks etgan videolavha tarqaldi.
IIV bergan ma’lumotga ko‘ra, tasvirda aks etgan holat Namangan shahri O‘zbekiston ko‘chasidagi xonadonda yashovchi 34 yoshli Sherzod Umarov bilan bog‘liq bo‘lib, u joriy yilning 1-aprel kuni soat 23:30larda Namangan shahrining Bobur bog‘idan voyaga yetmagan qizni uyiga olib borib qo‘yishini aytib, aldab, noma’lum manzildagi xonadonga olib borib, zo‘rlik ishlatib nomusiga tekkan.
Sh.Umarovning jinoyatga oid harakatlari Bobur bog‘i va atrof ko‘chalardagi kuzatuv kameralarida aks etgan. Shuningdek, hozirda jabrlanuvchining kiyimlari, badanidagi tan jarohatlari va zo‘rlik alomatlari yuzasidan tegishli sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat sodir etishda gumonlangan Sh.Umarovning qo‘lga olish maxsus tadbiri jarayonida oila a’zolari tomonidan xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatilishi oqibatida gumonlanuvchi yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.
Shuningdek, Sh.Umarov joriy yilning 27-mart kuni ham ikki nafar yosh yigitlarni do‘pposlab JKning 277-moddasi 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur shaxs «Epilepsiya kasalligi bilan bog‘liq shaxsiyatning chuqur buzilishi, birlamchi generalizatsiyalashgan talvasa xurujlari» tashxisi bilan Namangan viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi 3-majburiy davolash bo‘limida nazoratda turadi. 2006-2021-yillar oralig‘ida 5 marta JKning turli moddalari bilan sudlangan.
IIV aholini qidiruvdagi shaxsning ruhiy xastaligi hamda nihoyatda tajovuzkor ekanligini inobatga olib ogohlantirmoqda. Shuningdek, uni uchratgan shaxslardan darhol 102 qisqa raqamiga yoki yaqin atrofdagi huquq tartibot organ xodimlariga xabar berishlarini so‘ramoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter