Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namangandan ham xushxabar tarqaldi

Namangandan ham xushxabar tarqaldi

Foto: SSV axborot xizmati

Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun yana koronavirus infeksiyasiga chalingan 11 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.

Sog‘aygan bemorlarning 3 nafari erkak, 8 nafari ayollardir. Ularning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularning xastalikni to‘liq yengib o‘tganligini ko‘rsatdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ushbu muvaffaqiyatlar zamirida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi jamoasining bahamjihat bo‘lib, ulkan mas’uliyatni chuqur his etgan holda, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning shifo topishi uchun astoydil kurashayotgani muhim ahamiyat kasb etayapti. Buning uchun shifoxonada barcha sharoit yaratilgan, dori-darmon, zamonaviy tibbiy texnologiyalar, himoya vositalari bilan ta’minlangan.

Eng muhimi, darddan forig‘ bo‘layotgan insonlar quvonchi koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotganlarga kuch-g‘ayrat bag‘ishlamoqda. Bu kabi xushxabarlar esa dunyoni tahlikaga solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto, g‘olib bo‘lish imkoni borligini ko‘rsatmoqda. Bunda hal qiluvchi zarbani berish, shubhasiz, tibbiyot xodimlarining zimmasida. Qahramon shifokorlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan bajarishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar bugunning o‘zida 19 nafarga yetib, jami 85 nafarni tashkil etmoqda, – deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring