Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noqonuniy sigaretalar savdosi davlat budjetiga 5 oyda 260 mlrd so‘m zarar keltirgan

Noqonuniy sigaretalar savdosi davlat budjetiga 5 oyda 260 mlrd so‘m zarar keltirgan

So‘nggi paytlarda mamlakatda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi va aylanmasiga qarshi kurash haqida ko‘p yozilayotgan va o‘tkazilgan tadbirlar natijasi haqida qo‘lga olingan tovarlar haqida ko‘p aytilayotgan bo‘lishiga qaramay mahalliy bozorlarda kontrabanda yo‘li bilan kirib kelgan alkogol va sigaretalarning ulushi kamaymayapti.

Albatta, bu borada olib borilayotgan ishlar va qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar ham, o‘z navbatida, ijobiy natijalarni ko‘rsatyapti.

Misol uchun, 2023 yil 4 apreldagi  PQ-110-son qarorda O‘zbekiston aksiz markasi va raqamli markirovkasi bo‘lmagan, kontrafakt alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlanishi bilan birga Soliq qo‘mitasiga xuddi shunday mahsulotlar savdosi yoki aylanmasi haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi.

Ayni paytda bunday turdagi mahsulotlar savdosini fosh qilishga doir arizalar Soliq.uz ilovasida «Soliq hamkor» tizimi orqali qabul qilinmoqda. Arizachilar tomonidan berilgan xabarlar 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va bunda arizachi ma’muriy huquqbuzarlik uchun 500 ming yoki undan ko‘p, jinoiy ish ochilganda esa, BHMning 5 baravarigacha mukofot oladi.

Kuzatuvlardan kelib chiqib aytish mumkinki, odatda davlat chegaralari orqali hech qanday hujjati bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan kontrabanda mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchilar odatda uyushgan holatda faoliyat olib boradilar. Afsuski, yuqorida ta’kidlanganidek, ularning biznesi yildan-yilga bir necha barobarga kengayib bormoqda.

Bu boradagi katta raqamlar, jumladan, noqonuniy tamaki mahsulotlarini tarqatish markazi sifatida ko‘rilayotgan Farg‘ona vodiysi (jumladan, Namangan shahrida mahalliy soliq idorasi ro‘parasida joylashgan «Sardoba» va Qo‘qon shahridagi «Navbahor» ulgurji bozorlari) hamda Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston tamaki bozorining 23,1 foizini, ayni kunlarda, kontrabanda yo‘li bilan kirib kelgan mahsulotlar tashkil qilayotgan bo‘lsa, ularning jamiga nisbatan 43 foizi Farg‘ona vodiysiga, 16 foizi esa Toshkent shahriga tegishli.

Tahlilchilarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi ikki yilda mamlakatda bu kabi mahsulotlar aylanmasi 3 barobardan ko‘proqqa o‘sgan. Davlat budjeti esa oxirgi 5 oyda xuddi shunday tovarlar aylanmasidan 260 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Bu 15 ta eng zo‘r maktab qurish yoki, deylik, Jizzax viloyatining 300 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini to‘liq yoki qisman asfaltlash deganidir.

Amaldagi qonunchilik bilan esa ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga sifatsiz, iste’molga yaroqsiz va kontrafakt mahsulotlar aylanmasiga qarshi kurashish vazifasi yuklatilgan.

Jumladan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti «xufiya iqtisodiyot»ning shakllanish faktlarini aniqlash, yashirin sexlar faoliyatiga va kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishiga chek qo‘yish bilan shug‘ullansa, Davlat bojxona qo‘mitasi kontrabandaga qarshi va kontrafakt mahsulotlar o‘tishi, shu jumladan parallel import o‘tishiga qarshi kurashish vakolatiga ega.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi chakana savdo joylarida kontrafakt, qalbakilashtirilgan va noqonuniy olib kirilgan mahsulotlar savdosiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun mas’ul.

Yuqoridagi o‘krsatilganidek, vakolatli organlarga tegishlicha vazifalar yuklatilganiga qaramay bozorda noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi kamaymayapti.  Bunga qonunchilikdagi bo‘shliqlar, vakolatli organlarning faqatgina manfaatdor shaxslar arizasi bo‘yicha harakat qilishi kabilar sabab sifatida ko‘p bora aytib kelinmoqda.

Xulosa qilib aytganda har bir mas’ul idora iste’molchilar huquqlarining buzilishi, qolaversa davlat budjeti ko‘rayotgan zarar qarshisida bir xilda mas’ul va javobgar bo‘lishi kerak. Noqonuniy kirib kelgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlari bozorini aniqlash, ularni olib kirayotganlarga qarshi murosasiz kurashish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Chegaralarimiz mustahkam bo‘lsa, soyadagi iqtisodiyotni eng quyi darajagacha kamaytira olsak, huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz, jumladan, tamaki mahsulotlari noqonuniy aylanishining turli sxemalari va kanallarini aniqlashda jonbozlik ko‘rsatishsa, albatta, bu muammo ham o‘z yechimini topadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring