Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Naqd to‘lash — pulingizni tejaydi

Naqd to‘lash — pulingizni tejaydi

Foto: Xabar.uz

Texnologiyalar rivojlanishi natijasida so‘nggi yillarda mahsulotlar va xizmatlar uchun to‘lov shakllari butunlay o‘zgarib ketdi. Qog‘oz pul o‘rnini kartalar, aqlli soatlar va smartfonlar egallayapti. Kreditni to‘lash (yoki olish) uchun bankka borish ham shartmas.

Xo‘sh, bu onlayn jarayonlar mablag‘larimiz sarfiga qanday ta’sir qilmoqda — olimlar shuni aniqlashga urinib ko‘rishdi.

Qiziq xulosaga kelindi: qog‘oz pullardan foydalanganda — pulingiz ko‘proq tejalarkan...

Tadqiqotda davomida 40 yildan ortiqroq davrni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar o‘rganildi. Jami 71 ta tadqiqot tahlil qilindi. 17 mamlakatdan 11 ming nafardan ortiq odam tadqiqotga jalb etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, naqd pulsiz to‘lovlarda iste’mol xarajatlari, naqd pulga qaraganda, ancha yuqori ekan. Bu fenomen naqd pulsiz effekt deyiladi.

Boshqacharoq aytganda, agarda siz kredit kartasi, debet kartasi yoki «xaridni hozir qil, pulini keyin to‘la» (bo‘lib to‘lash) xizmati mijozi bo‘lsangiz, tayinki, naqd pul ishlatganga qaraganda, ko‘proq pul sarflaysiz.

Masalan, 3 mln so‘mlik smartfonni bir marta (naqd) to‘lab sotib olishdan, 5 million so‘mga bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilish jozibali (yoki oson) tuyuladi. Qolaversa, naqdga xarid qilganda bemalol savdolashamiz, narxini tushirishga urinamiz.

Naqd to‘laganimizda pulni bevosita ushlaymiz: qog‘oz pul yoki tangalarni sanaymiz va boshqa qo‘lga uzatamiz — qancha moddiy ob’yektni yo‘qotayotganimizni yaxshi his etamiz. Onlayn to‘lovda esa buning aksi — plastikdagi pulning kamayishi cho‘ntakdagi qog‘oz pulning kamayishidan kamroq seziladi.

P.S. Hozir tanish-bilishlar o‘rtasida onlayn qarz olish va berish urfga kirgani sir emas. Oson va qulay! Do‘konda biron narsaga pulingiz yetmay qolsa, darrov do‘stlaringizdan biriga qo‘ng‘iroq qilasiz, masala hal. Texnologiyalargacha davrda odatda cho‘ntakka qarab ish ko‘rilardi.

Yana bir tomoni borki, kartadan kartaga qarz berib, qaytarib olishga qiynalib yurganlar ham talaygina, onlayn pul «yuki» yoki mas’uliyati hali qog‘oz pul darajasiga chiqmagani bunga sababmikan, kim bilsin?..

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring