Navbatdagi “IT-shaharcha” Farg‘onada ochildi (video)

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi bir guruh jurnalistlar uchun Farg‘ona viloyaiga press-tur tashkil qildi. Bundan maqsad mazkur viloyatning Toshloq tumanida ochilgan “IT-shaharcha” bilan OAV xodimlarini yaqindan tanishtirish edi.
Ma’lumki, bugungi kunga qadar Sirdaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “IT-shaharcha”larda 1 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlar zamonaviy IT va xorijiy tillarga o‘qitilmoqda. Ularda jami 25 nafar tajribali mentor faoliyat olib bormoqda. Loyiha doirasida 5–11-sinf o‘quvchilari 3 oy davomida ta’lim olib, boshlang‘ich darajadagi IT va xorijiy tillar bo‘yicha yangi bilamlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 15-may kuni imzolangan “Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror asosida amalga oshirilib kelinmoqda. Mazkur tashabbus doirasida Respublikamizning 13 ta hududida 15 ta “IT-shaharcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha innovasion ta’lim muhitini shakllantirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash va global IT-bozorida o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi “IT-shaharcha” 2025-yil iyun oyida ish boshlagan edi. Bu yerda yoshlarga dasturlash, grafik dizayn, 3D printing, robototexnika va xorijiy tillarni o‘qitish kabi o‘nga yaqin yo‘nalishda bilim beriladi. Markaz bir vaqtda 300 nafar o‘quvchini o‘qitishga mo‘ljallangan va uni yiliga 1200 nafar yosh bitirib chiqishi mumkin.
Markazda asosiy e’tibor sifatli bilim berishga qaratilgan. Shu sabab o‘quvchilarning o‘rgangan bilimlari, ko‘nikmalari va til o‘rganish natijalari har ikki oyda imtihon orqali tekshiriladi. Imtihonda kerakli ko‘nikmaga erishganlar keyingi bosqichga o‘tadi, qolganlar esa yana bir nechta bosqichda qayta o‘qitiladi.
“IT-shaharcha” o‘quvchilardan biri jurnalistlarga o‘zining “Aqlli uy” loyihasini taqdim etdi. Tadbir davomida o‘quvchilar uch guruhga bo‘linib, 15 daqiqada harakatlanuvchi mashina yasab, maxsus yo‘lakda harakatga tushirib ko‘rsatishdi. G‘oliblar Raqamli texnologiyalar vazirligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xadichaxon Rixsiboyeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter