Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda tahqirlangan shifokorlar. Prokuraturaning tezkor javobi, IIB raddiyasi va «Xabar.uz» izohi...

Navoiyda tahqirlangan shifokorlar. Prokuraturaning tezkor javobi, IIB raddiyasi va «Xabar.uz» izohi...

Foto: Videolavhadan skrinshot

Kuni kecha saytimizda Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida «Tez yordam» shifokorlarining tahqirlanishiga oid videotasvir va kulchadek maqola e’lon qilinishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda navbatdagi shov-shuv yuzaga kelgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining (yaxshi ma’noda) paytavasiga qurt tushdi. Buni maqola chop etilganidan bir necha soat (!) o‘tib, Bosh prokuratura matbuot xizmatining saytimizga yo‘llagan javobi ham tasdiqlaydi (bundan tezkorlik doim ham kuzatilavermaydi-da). Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov voqelikka quyidagicha oydinlik kiritadi:

«2019-yil 31-oktyabr kuni soat 17:40da Uchquduq tuman Tibbiyot birlashmasi «Tez tibbiy yordam» bo‘limiga Po‘latov Eldor Elmurodovich tanishi Hikmatov Kamol Saidovichning sog‘ligi yomonlashganligi haqida xabar beradi. Shunga asosan bo‘limning navbatchi shifokori N.Boboqulov  va navbatchi feldsher U.Rajabov chaqirilgan manzil — Uchquduq tumani Navro‘z ko‘chasi 10-uy 4-xonadonga soat 17:45da yetib boradi.

Tibbiyot xodimlari kelganida mast holatdagi K.Hikmatov uxlayotgan bo‘lgan. Ular (tibbiyot xodimlari) kelganidan so‘ng K.Hikmatov uyg‘onib, navbatchi shifokor N.Boboqulov egniga tibbiyot xalati ustidan ko‘k rangli qishqi kurtka kiyganini ko‘rib «Nima uchun oq xalatda emassan? Nima uchun meni oyog‘ing bilan turtib uyg‘otding?»  deb,  janjal ko‘taradi. Janjal vaqtida K.Hikmatov shifokor N.Boboqulovning ko‘krak qismiga qo‘li bilan bir marotaba urib, E.Po‘latov bilan birga har-xil so‘zlar bilan shifokorni haqoratlagan.

Janjal bo‘layotganligi to‘g‘risida tuman IIB HPB TP profilaktika inspektoriga soat 17:49da navbatchi feldsher U.Rajabov telefon orqali xabar bergan. Xabar asosida 3 nafar profilaktika inspektori voqea joyiga kelib, janjalga barham berishgan. Mast holatda bo‘lgan K.Hikmatov va E.Po‘latovlar tuman tibbiyot birlashmasining reabilitatsiya markaziga olib kelinib joylashtirilgan.

Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv xarakatlari olib borilmoqda.

N.Boboqulov, K.Hikmatov, E.Po‘latov, U.Rajabovlardan tushuntirish xati olinib, sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Videotasvir feldsher U. Radjabov tomonidan qo‘l telefoniga olingan. Videotasvirga olinayotganligi to‘g‘risida tuman IIB xodimlari xabari bo‘lmagan.

Voqelik Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan».

Demak, hammasi joyida. Tegishli organlar ishga kirishishibdi. Yaxshi.

Ko‘p o‘tmay saytimizga Navoiy viloyati IIBning ayni holat  bo‘yicha munosabati kelib tushdi. Munosabat «raddiya» deyilsa-da, undagi «...profilaktika inspektorlari E.Islomov, F.Po‘latov va A.Ismatullayevlar voqea joyiga kelib, janjalga barham berishgan. Video tasvirda ham Ichki ishlar xodimini tomoshabin emas, balki holatni to‘g‘ri baholab undan so‘ng tezkorlik bilan harakat qilgani aks etgan...» jumlalari istisno etilsa, matn prokuratura javobi bilan qariyb bir xil. Shu bois  viloyat IIB «raddiya»sini e’lon qilishga hojat yo‘q, deb bildik. Biroq ikki og‘iz gap aytmoqqa ehtiyoj borday.

Navoiy viloyat IIB «raddiya» orqali voqelik yuzasidan IIB xodimlari jim o‘tirmagani, balki kerakli harakatlarni amalga oshirayotganini ta’kidlab, bu bilan tarmoqlarda tarqalgan «IIB jim?!»  mazmunidagi iddaolarni inkor etayotir. Bu endi tushunarli: inkor oson, iqror qiyin... Keling, bo‘lib o‘tgan voqealikka yana bir qur nazar tashlaylik.

Voqea joyiga profilaktika inpektorlari yetib kelishgani to‘g‘ri. Bu hol tasvirda ko‘rib turibdi. Ammo ularning asosiy vazifasi «janjalga barham berish»dan ko‘ra, uning OLDINI OLISh emasmidi?! Tasvirlarga yana bir karra qarang: inspektorlar xonaga kirib kelganda «bemor» Q.Hikmatov shifokorni mazax qilib turgandi.  U («bemor») ichki ishlar xodimlarini ko‘rib, xushyor tortish u yoqda tursin, hatto parvo ham qilgani yo‘q! Aksincha, «battar avjiga chiqib», shifokorga nisbatan kuch ishlatadi. Shu jarayonning o‘zi IIB xodimlari «vaziyatni to‘g‘ri baholamagani», agar rostdan ham (vaziyatni to‘g‘ri baholab) «tezkor harakat qilishganida» sho‘rlik shifokor kaltak yemagan, zo‘ravonlar esa darhol tegishli joyga olib ketilmasmidi?!

Ikkinchidan, voqelikdan jabr ko‘rgan shifokor o‘sha kun (31 oktyabr) kech soat 20.00 atrofida tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan. Uning murojaati tegishli qayddan o‘tkazilib,  huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan. Biroq kecha — 1-noyabr kuni soat 14.00gacha jabrlanuvchi huzuriga birorta xodim kelmagan. Endi ayting: o‘tgan 18 soat soat davomida jabrlanuvchidan xabar olmaganiniyam «tezkor harakat» deb bo‘ladimi?!

Yana bir gap.  Voqelik yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda  «...Xonadonda aslida bemor bo‘lmagan, na xonadon egalari, na mast holatdagi shaxslar tomonidan kasallik haqida murojatlar qilinmagan».  Bu ma’lumot  «raddiya»dagi «...Hikmatov Kamol Saidovichning sog‘ligi yomonlashganligi haqida» berilgan xabar yolg‘onligini tasdiqlaydi. Demak, Uchquduqda shunday zo‘ravonlar paydo bo‘libdiki, aroq ichib, maishat qilishar ekan, ko‘nglxo‘shlik uchun «Tez yordam» chaqirib, shifokorlarni mazax, kalaka qilishdan, oldida ichki ishlar xodimlari turganiga qarmay (!) kuch ishlatishdan ham toyishmas ekanda! Viloyat IIB mas’ullari tasvirlarda yaqqol ko‘rinib turgan holatlarni ikor etish o‘rniga, shunaqa zo‘ravonlarning tanobini tortib qo‘yish haqida ko‘proq bosh qotirsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

«Xabar.uz» voqelar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring