Chiqindilarni joylashtirish va ulardan foydalanish talablarini buzgan 5 ta bozor ma’muriyatiga chora ko‘rildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi respublika ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatini “Tozalik va yashillik makoni”ga aylantirish bo‘yicha targ‘ibot harakatlari doirasida o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganish davomida vazirlik huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyat Ekologiya boshqarmasi tezkor guruhi mas’ullari hamda viloyat Ichki ishlar va Milliy gvardiya boshqarmalari vakillari ishtirokida hududlarning sanitar holati yuzasidan ekologik nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida Kogon shahri, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlarida joylashgan oziq-ovqat hamda buyum bozorlari sanitariya talablariga javob bermasligi, sanitar tozalash infratuzilmasi ob’yektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish talablari buzilganligi aniqlandi. Holat yuzasidan "G‘ijduvon dehqon bozori", "Kogon savdo market", "Kogon Sohibkor dehqon bozori", "Shofirkon dehqon bozori" va "Shofirkon savdo kompleksi" ma’muriyatining jami 5 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli Sud organiga taqdim etildi.
Shuningdek, o‘rganishda bir qator fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari aniqlanib, har bir huquqbuzarga nisbatan MJtKning 91-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va BMHning 1 baravari, ya’ni 375 ming so‘mdan jarima qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Agentlik mas’ullari va Ekologik davlat nazorat inspektorlari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 787-son qaroriga muvofiq sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi ob’yektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalari haqida batafsil tushuntirildi.
Bu kabi kuchaytirilgan ekologik nazorat reyd tadbirlari viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, avvalroq Andijon, Xiva, Buxoro va Toshkent shaharlarida ham shu kabi ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter