Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nukusda prezident maktabi qurilishi boshlandi

Nukusda prezident maktabi qurilishi boshlandi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

2019-yilning 7-mart kuni Nukus shahrida Prezident maktabining qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov, Bosh prokuror Otabek Murodov, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi raisi Musa Yerniyazov, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.

Achilboy Ramatov, Musa Yerniyazov va «Nuroniy» jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi rahbari Sharap Usnatdinov Prezident maktabining poydevoriga kapsula qo‘yib, maktab qurilish ishlarini boshlab berdilar. Yangi maktab Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti oldidagi hududda quriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 20-fevralida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarorni imzolagan edi

Birinchi uchta maktab joriy yilda Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan edi. 2019 yilda Prezident maktabini Namangan shahrida ham qurish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 2020-2021 yillar davomida mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham Prezident maktablari tashkil etiladi.

Ushbu maktablarga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5-10-sinflarining har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qiladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Kembrij universiteti Imtihon Kengashi prezident maktablariga qabul imtihonlarini tashkil etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring